Logo

Tarixdagi eng yirik IPO: «Anthropic» «SpaceX» rekordini yangiladi

Kecha 16:054 daqiqa

Sun’iy intellekt giganti bozordagi shov-shuvli debyutida aksiyalar narxini 83 dollardan belgiladi.

Tarixdagi eng yirik IPO: «Anthropic» «SpaceX» rekordini yangiladi © Dado Ruvic/Illustration/Reuters

«Anthropic» kompaniyasi tarixdagi eng yirik birlamchi ommaviy taklif (IPO) orqali 81,3 milliard dollar jalb qildi. Shu tariqa kompaniya iyun oyida 75 milliard dollar bilan bozorga chiqqan «SpaceX» rekordini ortda qoldirdi.

San-Fransiskoda joylashgan sun’iy intellekt giganti 18-noyabr kuni kechqurun rasmiy bayonot berdi. Unga ko‘ra, kompaniya va uning yetti nafar hammuassisi har biri 83 dollardan 980 million dona aksiya sotgan. Investorlarning aksiyalarga bo‘lgan talabi prognozlardan ancha yuqori bo‘lgani sababli IPO hajmi kutilganidan kattaroq chiqdi. O‘tgan haftada «Anthropic» korporativ hujjatlarda 70–78 dollar oralig‘idagi narxda 825 million dona aksiya taklif etishni rejalashtirayotganini bildirgan edi.

Kompaniya xususiy joylashtirish orqali investorlarga aksiya sotib, yana 26 milliard dollar jalb qilishi kutilmoqda. Natijada jalb qilingan jami kapital 107,3 milliard dollarga yetadi. Taqqoslash uchun, «SpaceX» kompaniyasining IPO orqali jalb qilgan umumiy mablag‘i 85,7 milliard dollarni tashkil etgan edi.

Ushbu shov-shuvli taklif «Anthropic» kompaniyasining bozor qiymatini taxminan 1,5 trillion dollarga yetkazdi. Joriy baholashlarga ko‘ra, u «Tesla» kompaniyasidan keyingi o‘rinda turuvchi dunyoning o‘n ikkinchi eng yirik kompaniyasiga aylandi.

«ANT»

«Anthropic» aksiyalari bugun, 19-noyabr kuni Nyu-Yorkdagi «Nasdaq» fond birjasida «ANT» tikeri ostida savdoga chiqariladi.

2021 yilda «OpenAI» kompaniyasining sobiq tadqiqotchilari tomonidan asos solingan «Anthropic»ning ommaviy listingi diqqat bilan kuzatilmoqda. U sun’iy intellektni joriy etishda yetakchilik qilayotgan texnologiya kompaniyalarining yuqori baholanishi uchun o‘ziga xos sinov vazifasini o‘tamoqda. Texnologiya gigantlari sun’iy intellekt biznes va jamiyatda inqilobiy o‘zgarishlar yasashiga umid qilib, sohaga trillionlab dollar sarmoya kiritmoqda.

«Gartner» tahlil kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, sun’iy intellekt bilan bog‘liq xarajatlar 2026 yilda 2,7 trillion dollarga, 2027 yilda esa 3,6 trillion dollarga yetishi prognoz qilinmoqda. Ilg‘or texnologiyalarga sarmoya tikayotgan kompaniyalar hozirda S&P 500 indeksi qiymatining qariyb yarmini tashkil etadi. Xarajatlarning bunday shiddatli o‘sishi bozorda jiddiy bahslarni keltirib chiqardi: yirik kompaniyalar kelajakdagi oltin konini moliyalashtiryaptimi yoki 2000 yildagi dotkom inqirozidan oldingi kabi spekulyativ pufakni shishiryaptimi?

«Nvidia»

«Anthropic» listingi chip giganti «Nvidia» atrofidagi josuslik da’volari tufayli bozor bosim ostida qolgan bir paytga to‘g‘ri keldi. O‘tgan hafta «Nvidia» asoschisi va bosh direktori Jensen Xuang o‘zi bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan ayol Xitoy razvedka xizmatlari bilan hamkorlik qilgani haqidagi tasdiqlanmagan da’volar fonida iste’foga chiqdi.

Ushbu mojaro AQSHda Xitoyning yuqori texnologiyali chiplarga kirishini yanada qattiqroq cheklashga bo‘lgan chaqiriqlarni kuchaytirdi. Bu esa qisman xitoylik dasturchilarning Janubi-Sharqiy Osiyodagi ma’lumotlar markazlariga masofadan kirishi hisobiga saqlanib turgan sun’iy intellekt bumiga soya soldi.

Texnologik kompaniyalar ulushi yuqori bo‘lgan «Nasdaq Composite» indeksi so‘nggi bir oy ichida o‘z qiymatining qariyb 7,6 foizini yo‘qotdi. Bunga asosan «Nvidia» aksiyalari narxining 30 foizdan ko‘proqqa tushib ketishi sabab bo‘ldi. «Anthropic» atrofidagi shov-shuvga qaramay, sun’iy intellekt sohasiga bog‘liqligi yuqori bo‘lgan Osiyo fond bozorlari payshanba kuni pasayish bilan ochildi: Janubiy Koreyaning «Kospi», Gonkongning «Hang Seng» va Tayvanning «Taiex» indekslari ertalabki savdolarda pastladi.

«Claude» ortidagi kompaniya qanday qilib 1,5 trln dollarlik bahoga yetdi?

«Anthropic» 2021 yil yanvarda sun’iy intellekt sohasida tadqiqotlar olib borgan yetti nafar mutaxassis tomonidan tashkil etilgan. Kompaniyaning bosh direktori Dario Amodey, prezidenti va boshqaruv kengashi raisi esa Daniela Amodey hisoblanadi.

Kompaniyaning asosiy mahsuloti — «Claude» sun’iy intellekt modeli. U matn yaratish, dasturlash, ma’lumotlarni tahlil qilish va turli intellektual vazifalarni bajarish uchun ishlatiladi. «Claude»ning ommaviy tijoriy versiyasi 2023 yil birinchi choragida ishga tushirilgan.

«Anthropic» dastlab sun’iy intellekt xavfsizligi va ilg‘or modellarni rivojlantirishga ixtisoslashgan tadqiqot laboratoriyasi sifatida faoliyat boshlagan. Keyinchalik kompaniya biznes mijozlari uchun modellar, dasturlash platformalari va korporativ xizmatlarni ham taklif qila boshladi.

Kompaniyaning AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga taqdim etgan IPO hujjatlaridagi ma’lumotlar uning daromadi tez sur’atda o‘sganini ko‘rsatadi:

Davr

Daromad

2023 yil

41 mln dollar

2024 yil

386 mln dollar

2025 yil

4,6 mlrd dollar

2026 yilning yanvar–sentabr oylari

33,2 mlrd dollar

Shunday qilib, 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyidagi tushum o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1 206 foizga oshgan. 2025 yildagi yillik daromad bilan solishtirganda ham o‘sish sur’ati yuqori bo‘lgan.

Kompaniya korporativ mijozlar sonini ham ko‘paytirgan. 2026 yil 30-sentabr holatiga ko‘ra, «Anthropic»ning oxirgi 12 oyda kamida 100 ming dollarlik daromad keltirgan 11 900 dan ortiq mijozi bor. Bir yil avval bunday mijozlar soni 950 nafardan sal ko‘proq bo‘lgan.

Shuningdek, 1 mln dollardan ortiq daromad keltirgan mijozlar soni 1 900 nafardan, 10 mln dollardan ortiq daromad keltirganlari esa 250 nafardan oshgan.

Bu ko‘rsatkichlar «Claude»dan foydalanish nafaqat oddiy iste’molchilar, balki yirik kompaniyalar orasida ham kengayayotganini ko‘rsatadi.

Teglar

Mavzuga oid