Qaysi davlatlarning oltin-valuta zaxiralari ko‘p?
Oltin-valuta zaxiralari davlatlarning moliyaviy barqarorligi va iqtisodiy xavfsizligini ta’minlaydigan eng muhim moliyaviy vositalardan biri hisoblanadi. Biroq turli davlatlar bu borada har xil yo‘l tutadi. Ayrim mamlakatlar oltin zaxiralarini ko‘paytirishga ustuvor ahamiyat bersa, boshqalari xorijiy valuta zaxiralariga ko‘proq tayanadi.
© BloombergOltin-valuta zaxiralari nima uchun kerak? Ular milliy valuta kursini barqaror saqlash, mamlakatning xalqaro to‘lovlarini amalga oshirish, tashqi qarzlarni to‘lash va eng zarur import mahsulotlarini sotib olishga yordam beradi. Boshqacha aytganda, bu zaxiralar mamlakat uchun qiyin vaziyatlarda foydalaniladigan moliyaviy xavfsizlik yostig‘idir.
2026-yil sentabr oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy eng katta moliyaviy zaxiraga ega mamlakat hisoblanadi. Biroq uning zaxiralarining asosiy qismi xorijiy valutadan iborat — 3 trln 466 mlrd 900 mln dollar. Oltin zaxiralarining qiymati esa 323,5 milliard dollarga teng. Shu tariqa, mamlakat umumiy zaxiralarida oltinning ulushi atigi 8,5 foizni tashkil etadi. Shunga qaramay, bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan oshgan. O‘shanda oltinning ulushi 5,4 foiz edi.
Oltinning umumiy zaxiralardagi ulushi oltin zaxiralari qiymatini valuta va oltin zaxiralarining jami qiymatiga bo‘lish orqali hisoblangan.
AQSH dunyodagi eng ko‘p oltin zaxirasiga ega mamlakat hisoblanadi. Uning umumiy zaxiralarining 81,8 foizi oltindan iborat. Oltin zaxiralari qiymati 1 trln 92 mlrd 100 mln dollarga, xorijiy valuta zaxiralari esa 242,8 milliard dollarga teng. Oltin ulushi yuqori bo‘lgan yana bir mamlakat — Germaniya. Unda bu ko‘rsatkich 81,4 foizni tashkil etadi. Biroq umumiy zaxiralar hajmi bo‘yicha Germaniya oltinchi o‘rinda turadi.
Oltin-valuta zaxiralari hajmi bo‘yicha kuchli uchlikdan Yaponiya ham joy olgan. Bu mamlakat asosan xorijiy valuta zaxiralariga tayanadi. Uning valuta zaxiralari 1 trln 65 mlrd 300 mln dollar, oltin zaxiralari esa 113,6 milliard dollarga teng.
Keyingi o‘rinda Hindiston turadi. Unda 638,9 milliard dollarlik valuta zaxiralari va 118,2 milliard dollarlik oltin zaxiralari mavjud. Kuchli beshlikni Rossiya yakunlaydi. Mamlakatning valuta zaxiralari 430,2 milliard dollar, oltin zaxiralari esa 304 milliard dollarni tashkil etadi. Demak, Rossiya umumiy zaxiralarining 41,4 foizi oltin hissasiga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari yil boshidan beri eng past darajaga tushgandi.





