Logo

Andijonda bank xodimi mijozlarning 3,2 mlrd so‘m pulini onlayn qimorga tikib, yutqazib qo‘ydi

Bugun 18:252 daqiqa

Bank xodimiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, ish sudga oshirilgan.

Andijonda bank xodimi mijozlarning 3,2 mlrd so‘m pulini onlayn qimorga tikib, yutqazib qo‘ydi © Videodan kadr/ Tergov Departamenti

Andijonda bank xodimi mijozlar hisobidagi 3,2 milliard so‘mdan ortiq (250 ming dollarga teng) mablag‘ni o‘zlashtirib, onlayn qimor o‘yinlariga tikib yuborgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti ma’lum qildi.

​Ma’lumotlarga ko‘ra, nufuzli banklardan birida ishlagan shaxs mijozlarning xalqaro pul o‘tkazmalariga mas’ul bo‘lgan. U mijozlar hisobidagi mablag‘larni o‘zining xalqaro plastik kartasiga o‘tkazib olgan va tavakkalchilikka asoslangan onlayn qimor o‘yinlarida yutqazgan.

​«Juda katta miqdorda pul yutqazib qo‘yganman. Buni to‘liq tan olaman. Hattoki oilamdan, hamkasblarimdan, hammasidan ayrilganman. Hech narsa ko‘zingizga ko‘rinmay qoladi. Hozir qilgan ishimdan juda ham qattiq afsusdaman. Yoshlarga bu narsaga umuman yaqinlashmaslikni tavsiya qilaman. Bu o‘yinga kirganda faqatgina pulni yutqazmaydi, butun bir hayotini ham boyib beradi», — dedi bank xodimi.

​Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bank xodimiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergov harakatlari yakunlangan va jinoyat ishi sudga yuborilgan.

26 ming dollarlik ikkita «Damas» ham onlayn qimorga tikilgan

​Andijonda onlayn qimor o‘yinlari bilan bog‘liq yana bir holat yuzasidan tergov yakunlangan. Unda ayblanuvchi tanishidan olgan, qiymati 26 ming AQSH dollariga teng ikkita «Damas» avtomobili mablag‘ini onlayn qimorda yutqazib yuborgan.

​«Yaqin tanishimga ikkita Damas bergandim 50 kunga. Vaqti o‘tdi, muddati keldi, pullarni qaytarmadi. Keyin bilsam, barchasini onlayn qimorga tikib yuborgan ekan», — dedi jabrlanuvchi.

​Ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi qamoqqa olingan, tergov harakatlari tamomlanib, ish sud muhokamasiga yuborilgan.

Teglar

Mavzuga oid