Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya «Brexit»dan 10 yil o‘tib munosabatlarni qayta tiklashga kelishib oldi
Tomonlar oziq-ovqat savdosi, yoshlar migratsiyasi va uglerod bozori bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Yangi kelishuv Britaniya iqtisodiyotiga yiliga 17 mlrd funtgacha foyda keltirishi mumkin.
© Foto: Reuters2026 yil 20-noyabr kuni Brusselda Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida munosabatlarni qayta tiklashga qaratilgan muhim kelishuvlar e’lon qilindi. «Brexit»dan qariyb o‘n yil o‘tib, tomonlar oziq-ovqat mahsulotlari savdosidagi cheklovlarni kamaytirish, yoshlar uchun o‘zaro ishlash va o‘qish imkoniyatlarini kengaytirish hamda uglerod savdosi tizimlarini birlashtirish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi.
Britaniya bosh vaziri Endi Byornxem, Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen va Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta ishtirokida o‘tkazilgan sammitda yangi kelishuvlar ikki tomon iqtisodiyoti va aholisi uchun manfaatli bo‘lishi ta’kidlandi.
Britaniya hukumati baholashiga ko‘ra, kelishuvlar paketi 2040 yilga borib mamlakat yalpi ichki mahsulotiga 0,5 foizgacha qo‘shimcha hissa qo‘shishi, bu esa yiliga taxminan 17 mlrd funt sterlingga teng bo‘lishi mumkin.
Biroq bu «Brexit»dan oldingi yagona bozor yoki erkin harakatlanish tizimiga qaytishni anglatmaydi. Kelishuvlar ayrim sohalardagi iqtisodiy to‘siqlarni kamaytirish va hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.
«Brexit»dan keyingi o‘n yillik munosabatlar
Buyuk Britaniya 2016 yil 23-iyunda o‘tkazilgan referendumdan keyin Yevropa Ittifoqidan chiqish jarayonini boshlagan. Mamlakat 2020 yil 31-yanvarda rasman ittifoqni tark etgan, o‘sha yilning 31-dekabrida esa o‘tish davri yakunlangan.
Shundan keyin ikki tomon o‘rtasida tovarlar savdosi, bojxona rasmiyatchiligi, mehnat migratsiyasi va qator boshqa sohalarda yangi tartiblar joriy qilindi.
«Brexit»dan keyin Britaniya Yevropa yagona bozori va bojxona ittifoqidan chiqdi. Natijada tovarlarning chegaradan o‘tishi uchun qo‘shimcha sertifikatlar, hujjatlar va tekshiruvlar talab qilina boshladi.
Britaniya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 2019 yildan beri 32,5 foizga kamaygan. Bu jarayonda eksportchilar uchun qo‘shimcha ma’muriy xarajatlar va chegaralardagi tekshiruvlar muhim omillardan biri bo‘lgan.
2025 yil 19-mayda o‘tkazilgan birinchi Britaniya–YI sammitida tomonlar strategik hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. 2026 yil 20-noyabrdagi ikkinchi sammit esa ushbu hamkorlikni aniq iqtisodiy va huquqiy mexanizmlar bilan to‘ldirishga qaratildi.
Oziq-ovqat savdosidagi cheklovlar kamayadi
Kelishuvning iqtisodiy jihatdan eng muhim qismlaridan biri sanitariya va fitosanitariya talablarini muvofiqlashtirishdir. Bu tartib oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, o‘simliklar va hayvonlarning Britaniya hamda Yevropa Ittifoqi o‘rtasida erkinroq harakatlanishini ta’minlashga qaratilgan.
«Brexit»dan keyin Britaniyadan Yevropa bozoriga eksport qilinadigan go‘sht, sut mahsulotlari, baliq va o‘simliklar uchun qo‘shimcha sanitariya sertifikatlari hamda chegara tekshiruvlari talab qilingan.
Yangi kelishuvga ko‘ra, ko‘plab mahsulotlar uchun eksport sog‘liq sertifikatlari va fitosanitariya hujjatlarini olish zarurati bekor qilinadi. Shuningdek, sut, baliq va go‘sht mahsulotlariga nisbatan vaqt talab qiladigan chegara tekshiruvlari qisqartiriladi.
Britaniya hukumati hisob-kitoblariga ko‘ra, yangi tartib tadbirkorlarning har bir eksport sog‘liq sertifikati uchun 200 funtgacha, fitosanitariya sertifikati uchun esa 25 funtgacha xarajatini tejashi mumkin.
Kelishuvning yana bir jihati — «Brexit»dan keyin Yevropa bozoriga kirishi qiyinlashgan ayrim Britaniya mahsulotlari uchun imkoniyatlar qayta ochiladi. Ular qatoriga yangi tayyorlangan kolbasa, burgerlar uchun go‘sht mahsulotlari, urug‘lik kartoshka va ayrim dengiz mahsulotlari kiradi.
Tomonlar umumiy sanitariya va fitosanitariya hududini tashkil etishga kelishgan. Bu Britaniya qoidalarini Yevropa Ittifoqi standartlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutadi.
Ushbu kelishuv 2028 yil 1-martdan kuchga kirishi rejalashtirilgan.
Britaniya hukumati ushbu kelishuv 2040 yilga kelib mamlakat iqtisodiyotiga yiliga 5,1 mlrd funtgacha qo‘shimcha hissa qo‘shishi mumkinligini baholagan.
Qaysi masalalar bo‘yicha kelishuvga erishilmadi?
Sammitdagi uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha muzokaralar yakunlangan bo‘lsa-da, Britaniya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida ayrim muhim masalalar ochiq qoldi.
Ulardan biri — Yevropa Ittifoqi fuqarolarining Britaniya universitetlarida o‘qishi uchun to‘lanadigan kontrakt narxi.
«Brexit»dan oldin Yevropa Ittifoqi fuqarolari Britaniya universitetlarida mahalliy talabalar bilan bir xil kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish imkoniyatiga ega edi. Britaniya ittifoqdan chiqqach, ular xorijiy talabalar toifasiga o‘tkazildi va ko‘p hollarda yuqoriroq kontrakt to‘lovlarini to‘lashga majbur bo‘ldi.
Yevropa Ittifoqi ushbu talabalarga Britaniya fuqarolari uchun belgilangan «home fee» tarifini qaytarishni istamoqda. London esa xorijiy talabalar uchun to‘lovlarni sezilarli darajada kamaytirishni taklif qilmoqda.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Britaniyadagi 24 ta yetakchi tadqiqot universitetini birlashtirgan Russell Group Yevropa talabalariga mahalliy tariflarni berish universitetlarga 570 mln funtgacha xarajat olib kelishi mumkinligini aytgan.
Tomonlar bu masala bo‘yicha olti oy ichida alohida kelishuvga erishishga harakat qiladi.
Bundan tashqari, Britaniyaning Yevropa Ittifoqidagi «Made in Europe» sanoat imtiyozlaridan foydalanish istagi ham to‘liq hal etilmagan. Bu masala ayniqsa avtomobil ishlab chiqarish va Xitoy elektromobillariga nisbatan savdo siyosati bilan bog‘liq.
Bu «Brexit»ning bekor qilinishi deganimi?
Yangi kelishuvlar Britaniya va Yevropa Ittifoqi munosabatlarining yaqinlashayotganini ko‘rsatsa-da, mamlakatning ittifoqqa qayta a’zo bo‘lishini anglatmaydi.
Britaniya yagona bozor va bojxona ittifoqiga qaytish yoki Yevropa Ittifoqi fuqarolari uchun to‘liq erkin harakatlanish tizimini tiklash bo‘yicha qaror qabul qilmagan.
Britaniya bosh vaziri Endi Byornxem kelgusida Yevropa bilan munosabatlarning barcha variantlarini muhokama qilish mumkinligini aytgan. Biroq «Brexit»ni bekor qilish yoki Yevropa Ittifoqiga qayta kirish yaqin kunlarda amalga oshiriladigan jarayon sifatida ko‘rilmayapti.
Mamlakatdagi «Brexit» tarafdorlari esa yangi kelishuvlarni tanqid qilmoqda. Reform UK partiyasi rahbari Nayjel Faraj Byornxemning yondashuvini soddalik deb baholab, Yevropa Ittifoqi Britaniyaga o‘z shartlarini o‘tkazayotganini bildirgan.





