Logo

Namanganda 50 ming xonadon, yangi aeroport terminali va IT-park quriladi

Kecha 14:053 daqiqa

Viloyatda kelgusi yil iqtisodiy o‘sishni 9,5 foizga yetkazish, investitsiyalarni 8 mlrd dollargacha oshirish rejalashtirilmoqda.

Namanganda 50 ming xonadon, yangi aeroport terminali va IT-park quriladi © president.uz

Namangan viloyatida kelgusi yilda iqtisodiyotni 9,5 foizga o‘stirish, xorijiy investitsiyalarni 7–8 milliard dollarga, eksport hajmini esa 1,3 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil yakunida viloyatga 5,4 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb etilishi va eksport hajmi 1,2 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda. Kelgusi yil uchun esa umumiy qiymati 5,4 mlrd dollar bo‘lgan yangi investitsiya takliflari shakllantirilgan.

Infratuzilma va sanoat loyihalari

Viloyatda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar doirasida Namangan xalqaro aeroporti modernizatsiya qilinadi. Unda soatiga 1,2 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan yangi terminal hamda yiliga 21,2 ming tonna yuk qabul qilish quvvatiga ega kargo infratuzilmasi barpo etiladi.

Yangi Namangan shaharchasida 50 ming xonadonga mo‘ljallangan turar joylar, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish obektlari qurilmoqda. Shuningdek, raqamli iqtisodiyot uchun kadrlar tayyorlash va yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida ushbu shaharchada IT-park barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Sanoat yo‘nalishida Chust tumanida 260 mln dollarlik to‘qimachilik bo‘yoqlari ishlab chiqarish, 150 mln dollarlik chiqindidan elektr energiyasi olish va 125 mln dollarlik bazaltdan issiqlik saqlovchi materiallar tayyorlash loyihalari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, Popda kumush konsentrati, Yangi Namanganda esa farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Qishloq xo‘jaligi va yoshlar bandligi

Yig‘ilishda 183 ming gektar yer salohiyatidan samarali foydalanish, mahsulotlarni chuqur qayta ishlash va agrosanoat kooperatsiyasini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Xususan, To‘raqo‘rg‘onda 70 ming bosh qo‘yga mo‘ljallangan zamonaviy klaster, bir qator tumanlarda parrandachilik majmualarini rivojlantirish hamda Kosonsoyda 25 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan yirik chorvachilik kompleksini barpo etish rejalari muhokama qilindi.

Chust tumanidagi Olmos shaharchasida dehqonchilik maktabini tashkil etish tashabbusi ko‘rib chiqildi. Unda agroakademiya, agroinnovatsiya markazi, agrosanoat parki, agrologistika va agroturizm yo‘nalishlarini birlashtirish, xorijiy hamkorlar bilan yuqori hosilli kartoshka urug‘chiligi, eksportbop poliz mahsulotlari yetishtirish va naslchilikni rivojlantirish taklif etildi.

Shuningdek, intensiv va organik bog‘dorchilikni kengaytirish, Pop tumani adirlarini o‘zlashtirish hamda sohaga ilm-fan yutuqlari va ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yoshlar bandligini ta’minlash doirasida viloyatdagi 786 ming nafar yoshni xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish, ularni ichki va tashqi mehnat bozorlarida ish bilan ta’minlash zarurligi qayd etildi. Ibrat nomidagi chet tillari institutida italyan tilini o‘rgatish markazi tashkil etilgani ijobiy baholanib, Italiya kompaniyalari bilan qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika va oziq-ovqat sanoatida ish o‘rinlari yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Kelgusi yilda 10 ming nafar yoshni Yaponiya va Germaniyada yuqori daromadli ish o‘rinlarida mehnat qilishga tayyorlash, xorijdan qaytgan fuqarolarni ishga joylashtirish va ularning muammolarini hal etishda raqamli xizmatlardan foydalanish topshirildi. Shu asosda viloyat aholisining o‘rtacha daromadini 9,6 mln so‘mga yetkazish vazifasi belgilandi.

Turizm, servis va hududlarni rivojlantirish

Turizm sohasida Pop tumanidagi «Arashan» ko‘p funksiyali majmuasining birinchi bosqichini 2027-yilda ishga tushirish va kelgusida yiliga 1,5 mln sayyohni jalb qilish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, «Qamchiq» tog‘ dam olish maskani loyihasi, Yangiqo‘rg‘on, Kosonsoy va Chustda yangi turizm zonalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Chustda pichoqchilik, do‘ppido‘zlik, kulolchilik va yog‘och o‘ymakorligi an’analarini birlashtiradigan Hunarmandlar shaharchasini tashkil etish taklif qilindi. Loyiha doirasida 4 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, turizm va mehmonxona boshqaruvi sohasida kadrlar tayyorlash uchun Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqildi.

Savdo va servisni kengaytirish maqsadida tun-u kun ishlaydigan ko‘chalar sonini 35 tadan 50 taga yetkazish, Sirdaryo bo‘yida dam olish va xizmat ko‘rsatish maskanlarini tashkil etish, yo‘lbo‘yi servislarini yaxshilash vazifalari qo‘yildi.

Chekka mahallalarda xizmatlarni kengaytirish uchun Norin tumanidagi mahalla axborot va xizmat markazi tajribasini boshqa tumanlarga tatbiq etish, Koreya Respublikasi tajribasi asosida «Aqlli qishloq» loyihalarini rivojlantirish taklif etildi.

Yig‘ilish yakunida viloyat hokimligi va mas’ullarga yirik loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Teglar

Mavzuga oid