Tramp, Epshteyn va Putinga yaqin rossiyalik oligarxlar: «Deutsche Bank» hujjatlari sizib chiqishi orqali nimalar ma’lum bo‘ldi?
Germaniyaning «Deutsche Bank» bankidan juda ko‘p maxfiy ichki hujjatlar tarqalib ketdi. Bu hujjatlar bankning rossiyalik milliarderlar bilan qanday moliyaviy aloqalar olib borganini ochib berdi. Bank sanksiyalarga tushish xavfi bo‘lsa ham, yillar davomida boy rossiyaliklarga xizmat ko‘rsatishda davom etgan. O‘zbekistondagi qator banklar ushbu nemis banki bilan hamkorlik qiladi. Hujjatlar tarqalganidan keyin «Deutsche Bank» aksiyalari 6 foizdan ko‘proqqa tushib ketdi. Bank esa sanksiyalarni chetlab o‘tganlik haqidagi ayblovlarni rad etmoqda. Bank bilan bog‘liq shubhali moliyaviy operatsiyalarda sobiq prezidentning kuyovi ham bor.
© ReutersGermaniyaning «Deutsche Bank» banki jinsiy jinoyatlarda ayblanib, sudlangan Jeffri Epshteyn bilan ko‘p yillar davomida moliyaviy aloqada bo‘lgan. Shuningdek, bank Donald Trampning soliq ma’lumotlarini xatolik bilan begona odamga yuborgan. Bundan tashqari, «Deutsche Bank» Rossiyada ham biznesini rivojlantirishga harakat qilgan. U hatto taniqli rossiyalik oligarxlar bilan hamkorlikni 2022-yilning fevralida Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirguniga qadar davom ettirgan. Bularning barchasi jurnalistlar qo‘liga tushgan bankning ichki hujjatlari orqali ma’lum bo‘ldi.
Aynan «Deutsche Bank»ning rossiyalik oligarxlar va ularning pullari bilan bog‘liq aloqalari ikki nafar noma’lum shaxsni 15 millionta ichki hujjatni jurnalistlarga berishga undagan. Hujjatlar orasida elektron xatlar, bank xodimlarining yozishmalari, rahbariyat yig‘ilishlari bayonnomalari, ichki tekshiruv natijalari va moliyaviy jinoyatlarni nazorat qilish bo‘limining hujjatlari bor.
Hujjatlarni jurnalistlarga bergan shaxslar o‘z ishlarini «jamoatchilik manfaatini ko‘zlab» amalga oshirganini aytgan. Ularning maqsadi bank faoliyatidagi muammolarni, jumladan, «rossiyalik oligarxlarga tegishli hisob raqamlarini» ochib berish bo‘lgan. Ulardan biri bank rahbariyati va uning ichki ish tartibini butunlay o‘zgartirish kerakligini ta’kidlagan.
2010-yillarning boshidan boshlab to‘plangan hujjatlarni dunyoning turli davlatlaridan 200 dan ortiq jurnalist birgalikda o‘rgangan. Ular orasida Germaniyaning «Der Spiegel», Buyuk Britaniyaning «Financial Times», Fransiyaning «Le Monde» va AQSHning «The New York Times» nashrlari jurnalistlari ham bor. Rossiyadan esa «Vajnыye istorii» («Muhim hikoyalar») nashri jurnalistlari qatnashgan. Rossiya hukumati ushbu nashrni «xorijiy agent» deb hisoblaydi.
«Falokat» yaqinlashayotgan edi
Bank rahbariyati o‘z tashkilotida juda katta muammolar borligini yaxshi tushungan. «Financial Times» nashri keltirgan ichki yozishmalardan birida shunday holat tasvirlangan.
2018-yilda Kristian Zeving «Deutsche Bank» bosh direktori lavozimiga tayinlanganidan ikki hafta o‘tib, uning hamkasbi elektron xat yuborgan. Xatda bankni katta «falokat» kutayotgani haqida ogohlantirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Germaniyaning eng yirik banki o‘zining investitsiya bo‘limida muammoli deb topilgan 28 mingta mijozga xizmat ko‘rsatishni hali ham davom ettirayotgan edi.
Bank nazorat organlariga amalda qonun-qoidalarni buzib ishlaganini tan olgan. O‘sha paytda bankning yangi rahbari bo‘lgan Kristian Zeving butun mehnat faoliyatini aynan shu bankda o‘tkazgan edi. U rahbarlikka kelganidan keyin avvalgi mojarolarga barham berishga va bankdagi tartibni tiklashga va’da bergan. Ammo ushbu muammolar haqida eshitganida u vaziyatga birgina so‘z bilan baho bergan: «Falokat».
56 yoshli Kristian Zeving hozir ham «Deutsche Bank» rahbari hisoblanadi. U ilgari bankni tubdan qayta tashkil qilgani uchun maqtalgan edi. Uning rahbarligi davrida bank yana foyda ko‘ra boshladi va aksiyalarining narxi ham tiklandi.
Jurnalistlarning sizib chiqqan hujjatlar asosida olib borgan tekshiruvlari bank faoliyatidagi jiddiy kamchiliklarni ochib berdi. Natijada 17-noyabr kuni bank aksiyalari 6 foizga tushdi. Bu 2025-yilning aprelidan beri kuzatilgan eng katta bir kunlik pasayish bo‘ldi.
Bank xodimlari o‘rtasidagi yozishmalarda yana bir qiziq holat aniqlangan. Banklarda mijozlarni tekshirish va ularning kimligini, pullari qayerdan kelganini aniqlash tizimi KYC deb ataladi. Ammo «Deutsche Bank» xodimlari bu qisqartmani hazil tariqasida «Kill Your Career» — «Karerangni o‘ldir» deb izohlashgan.
Jurnalistlar o‘rgangan hujjatlarda jinsiy jinoyatlarda ayblanib, sudlangan va keyinchalik qamoqda vafot etgan moliyachi Jeffri Epshteyn bilan bog‘liq shubhali pul o‘tkazmalari ham aniqlangan. «Financial Times» ma’lumotlariga ko‘ra, «Deutsche Bank» Epshteyn bilan bog‘liq jami 582 million dollarlik pul operatsiyalarini amalga oshirgan. Biroq pul o‘tkazmalarining shubhali deb topilishi ularning barchasi jinoyat bo‘lganini anglatmaydi.
Bundan tashqari, «Financial Times» ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-yilning martida, Donald Tramp AQSH prezidenti bo‘lib ishlayotgan birinchi davrida, «Deutsche Bank» uning soliq ma’lumotlarini xatolik bilan begona odamga yuborgan. O‘sha paytda Tramp bank mijozlaridan biri bo‘lgan. Bank uning soliq hujjatini boshqa bir mijozning buxgalteriga adashib jo‘natgan. Eng qizig‘i, bank bu xatolik haqida Oq uyga xabar bermagan va voqeani yashirgan.
Jurnalistlar tekshiruvi shuni ham ko‘rsatdiki, «Deutsche Bank» Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirguniga qadar rossiyalik oligarxlar va yirik kompaniyalar bilan biznes aloqalarini rivojlantirishda davom etgan. Buning uchun bankning o‘z xodimlari ham bir necha bor ogohlantirish bergan. Ular bunday hamkorlik sanksiyalar, bank obro‘siga putur yetishi va korrupsiya bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligini aytishgan.
«Financial Times»ning yozishicha, 2020-yilda «Deutsche Bank» Rossiyadagi faoliyatini kengaytirishni rejalashtirgan. Aslida esa 2015-yilda bank Rossiyadagi biznesini qisqartirishni boshlagan edi. Bunga «ko‘zgu bitimlari» deb atalgan mojaro sabab bo‘lgan. Ushbu bitimlar orqali Rossiyadan kamida 10 milliard dollar chet elga chiqarilgan.
«Ko‘zgu bitimlari» quyidagicha amalga oshirilgan: bir mijoz «Deutsche Bank»ning Moskvadagi ofisi orqali Rossiyaning yirik kompaniyalari aksiyalarini rublga sotib olgan. Shu mijoz bilan bog‘liq boshqa bir shaxs esa Londondagi ofis orqali xuddi shuncha aksiyani dollarga sotgan. Natijada Rossiyadagi rubl chet eldagi dollarga aylantirilgan.
Oddiy qilib aytganda, bu usul Rossiyadan katta miqdordagi pulni chet elga chiqarish uchun oddiy birja savdolariga o‘xshatib ishlatilgan. AQSH va Buyuk Britaniya nazorat organlari bu operatsiyalar iqtisodiy jihatdan hech qanday mantiqqa ega emasligini aniqlagan. Ular ushbu bitimlar pul yuvish uchun ishlatilgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan. 2017-yilda «Deutsche Bank» ushbu mojaro uchun jami 630 million dollar jarima to‘lashga rozi bo‘lgan.
Shunga qaramay, 2021-yilda bank boshqaruvi Rossiyadagi faoliyatni ehtiyotkorlik bilan kengaytirishni bir ovozdan ma’qullagan. O‘sha yilning dekabr oyida «Deutsche Bank» Moskvadagi «Oq maydon» biznes markazida yangi ofisini ochgan.
Bank ichki hujjatlarida mijozlarni xavflilik darajasiga qarab guruhlarga ajratgan. Eng ko‘p xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan mijozlar orasida «Gazprom», «Sibur» va AQSH sanksiyalariga tushgan milliarderlar Gennadiy Timchenko hamda Oleg Deripaska bilan bog‘liq kompaniyalar bo‘lgan.
Bankning moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashuvchi mutaxassislari Oleg Deripaskaga tegishli kompaniyalar bilan hamkorlikni to‘xtatishni tavsiya qilgan. Ammo bankning tijorat bo‘limi xodimlari bunga qarshi chiqqan va hamkorlikni davom ettirishni talab qilgan. Ular milliarder Oleg Deripaskani «hurmatga sazovor biznesmen» va «ishonchli hamkor» deb atashgan.
«Financial Times» ma’lumotlariga ko‘ra, «Deutsche Bank»ning Rossiyadagi eng yirik va eng ko‘p daromad keltiradigan mijozi «Gazprom» bo‘lgan. Ushbu kompaniya so‘nggi o‘n yil davomida bankka har yili o‘rtacha 10 million yevrodan ortiq daromad keltirgan.
«The New York Times»ning yozishicha, «Deutsche Bank» yillar davomida Rossiyaning eng ta’sirli biznesmenlari bilan aloqalarni uzishga shoshilmagan. Chunki bu mijozlardan keladigan daromad bank uchun juda muhim bo‘lgan. Shu bilan birga, 2014-yildayoq bankning obro‘si bilan bog‘liq xavflarni o‘rganuvchi ichki qo‘mitasi Oleg Deripaskani «Deutsche Bank» obro‘siga eng katta zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan mijozlar ro‘yxatining birinchi o‘rniga qo‘ygan edi.
«Vajnыye istorii» jurnalistlari yana bir muhim ma’lumotni aniqlagan. 2014-yilda Rossiya Qrimni qo‘shib olganidan keyin «Deutsche Bank» boy rossiyalik mijozlariga Shveysariya va Luksemburg orqali xizmat ko‘rsata boshlagan.
Bu davlatlarda bank mijozlarining ma’lumotlari qonun bilan qattiq himoyalanadi. Ya’ni, boshqa davlatlarning hukumatlari bankdan mijozlarning hisoblari va pullari haqida ma’lumot olishda qiyinchiliklarga duch keladi.
Shu sababli AQSH Adliya vazirligi Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etilganidan keyin «Deutsche Bank»dan rossiyalik mijozlari haqida ma’lumot so‘raganida ham, bu ma’lumotlarni olish oson bo‘lmagan.
«Vajnыye istorii» ma’lumotlariga ko‘ra, «Deutsche Bank» mijozlari orasida rossiyalik milliarderlar Roman Abramovich, Andrey Melnichenko, Alisher Usmonov va Aleksey Mordashov ham bo‘lgan.
Bankning 2020-yilga oid ichki hujjatida yana bir muhim ma’lumot keltirilgan. Rossiyalik 160 ta mijozdan 17 nafari AQSH Moliya vazirligi tuzgan «Kreml ro‘yxati»ga kiritilgan. Bu ro‘yxatda Rossiya hukumati bilan aloqador deb hisoblangan va kelajakda sanksiyalarga tushishi mumkin bo‘lgan shaxslar bor edi.
Eng muhimi, ushbu 17 mijoz «Deutsche Bank»ning Rossiyadagi mijozlaridan oladigan jami daromadining 47 foizini ta’minlagan. Ya’ni, bank Rossiyadan topayotgan daromadining deyarli yarmini sanksiyalarga tushishi mumkin bo‘lgan atigi 17 mijozning hisobidan olgan.
2021-yilga kelib, «Deutsche Bank» Rossiyada obro‘ va sanksiyalar nuqtai nazaridan juda xavfli deb hisoblangan kamida 46 mijozga xizmat ko‘rsatgan. 2022-yilning boshida esa bank eng xavfli mijozlar qatoriga 59 nafar rossiyalikni kiritgan.
2022-yilning fevralida Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirganidan keyin bank xodimlari AQSH, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya tomonidan joriy qilingan juda ko‘p sanksiyalarga duch kelgan.
«The New York Times» bank xodimlari o‘rtasidagi ichki yozishmalardan birini keltirgan. Unda bankning sanksiyalar va moliyaviy nazorat bilan shug‘ullanuvchi xodimasi rahbariyatdan bir savol so‘ragan: rossiyalik oligarxlarning katta mijozlar bazasiga ega bo‘lgan bank ularga pullarini hali imkoni borligida olib chiqib ketishni maslahat berishi kerakmi?
2022-yil 10-mart kuni «Deutsche Bank» rahbari Kristian Zeving xodimlariga Rossiyadan butunlay chiqib ketish bankning qadriyatlariga zid bo‘lishini aytgan. Uning fikricha, ayrim mijozlar mamlakatni darhol tark eta olmas edi. Ammo ertasi kuni, 11-martda, bank Rossiyadagi faoliyatini bosqichma-bosqich to‘xtatishini e’lon qilgan. Bu qaror «JPMorgan Chase» va «Goldman Sachs» kabi yirik Amerika banklari Rossiyadan chiqishini e’lon qilganidan keyin qabul qilingan.
Bank bilan bog‘liq shubhali moliyaviy operatsiyalarda Nazarboyevning kuyovi ham bor
Ushbu holatlardan birida, jurnalistlar tekshiruviga ko‘ra, shubhali moliyaviy operatsiya Qozog‘iston bilan bog‘liq bo‘lgan.
Tekshiruvning alohida bir qismi qozog‘istonlik biznesmen Timur Quliboyevga bag‘ishlangan. U Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning kuyovi va mamlakatdagi eng boy tadbirkorlardan biri hisoblanadi.
Timur Quliboyev kamida 2006-yildan beri «Deutsche Bank» mijozi bo‘lgan. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, bank bir necha yil davomida uning boyligi dastlab qayerdan kelgani va bu pullar qanday yo‘l bilan topilganiga shubha bilan qaragan. Jumladan, 2013-yilda bankning ichki tekshiruvi davomida Quliboyevga aloqador korrupsiya ayblovlari aniqlangan. Biroq Quliboyev korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlanmagani va Yevropada unga nisbatan olib borilgan tekshiruvlar to‘xtatilgani sababli «Deutsche Bank» u bilan hamkorlikni davom ettirgan.
Yana bir holat 2020-yilning yanvarida sodir bo‘lgan. O‘shanda Birlashgan Arab Amirliklaridan Timur Quliboyevning bank hisob raqamiga 15 million dollar o‘tkazishga urinish bo‘lgan. Jurnalistlarning yozishicha, Quliboyev ushbu pulning qayerdan kelganini tushuntirib bera olmagan. Shundan so‘ng bank bu pul o‘tkazmasini shubhali deb hisoblab, uni bloklagan.
«Hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, bundan bir necha hafta o‘tgach, bank xodimlari Luksemburgdagi «Deutsche Bank» filialida Quliboyevning rafiqasi nomiga yangi hisob raqami ochish ishlarini boshlashgan. Faqat bir necha oy o‘tgachgina bank u bilan uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan hamkorlikni to‘xtatish masalasini muhokama qilgan», — deyiladi maqolada.
Timur Quliboyevning o‘zi hech qanday qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ymaganini aytgan. Uning vakillari bayonot berishicha, bank Quliboyevning daromadlari qayerdan kelishi haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lgan. Uning asosiy daromad manbalaridan biri rafiqasi bilan birgalikda egalik qiladigan «Almex» investitsiya kompaniyasi va ushbu kompaniyaning «Halyk Bank»dagi ulushi bo‘lgan.
Quliboyevning advokatlari ham jurnalistlar taqdim etgan ma’lumotlar asosida 15 million dollarlik pul o‘tkazmasi aynan qaysi operatsiya ekanini aniqlay olmaganini bildirgan. Ular Quliboyev o‘z boyligining haqiqiy manbalarini yashirgan yoki «Deutsche Bank»ga ataylab yolg‘on ma’lumot bergan degan taxminlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlashgan.
Shuningdek, biznesmen vakillari uning 2000-yillarning o‘rtalaridayoq «Deutsche Bank»da shaxsiy hisob raqamiga ega bo‘lgani haqidagi ma’lumotga ham e’tiroz bildirgan. Ularning aytishicha, Quliboyev shaxsiy hisobini ancha keyin ochgan. Jurnalistlar esa uning shaxsiy hisoblari bilan kompaniyalariga tegishli bank hisoblarini bir-biriga aralashtirib yuborishgan.
Bankning munosabati qanday bo‘ldi?
«Deutsche Bank» sizib chiqqan hujjatlarning haqiqiyligini inkor etmadi. Ammo bank jurnalistlar e’lon qilgan ma’lumotlarning aksariyati ko‘p yillar oldingi voqealarga tegishli ekanini ta’kidladi. Ayrim holatlar hatto 20 yil oldin sodir bo‘lgan. Bank o‘z bayonotida shunday dedi:
«Zarur bo‘lgan holatlarda biz bu masalalarni o‘z vaqtida tekshirganmiz va nazorat organlari bilan yaqindan hamkorlik qilganmiz».
«Deutsche Bank», shuningdek, 2019–2025-yillar davomida moliyaviy nazorat va xavfsizlik tizimlarini yaxshilash uchun 7 milliard yevro, ya’ni taxminan 7,7 milliard dollar sarflaganini bildirdi. Bank rossiyalik oligarxlar bilan bo‘lgan munosabatlariga izoh berishdan bosh tortdi va bunga mijozlar haqidagi ma’lumotlarni sir saqlash majburiyatini sabab qilib ko‘rsatdi.
«Bugungi “Deutsche Bank” — avvalgi bankdan butunlay farq qiladi. Biz hozir ham o‘z strategiyamizni amalga oshirishga e’tibor qaratmoqdamiz. Ushbu strategiya samarali ekanini 2025-yildagi rekord darajadagi foydamiz va so‘nggi choraklardagi natijalarimiz ham ko‘rsatmoqda», — deya qo‘shimcha qildi bank.
«Deutsche Bank»ning O‘zbekiston banklari bilan aloqalari
«Deutsche Bank» 1993-yildan buyon O‘zbekiston moliya bozorida faol ishlab kelmoqda. Bank dastlab O‘zbekiston Markaziy banki bilan xalqaro zaxiralarni boshqarish va banklararo hisob-kitoblar bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa, keyinchalik mamlakatning deyarli barcha yirik tijorat banklari uchun xalqaro kapital bozorlariga chiqish va xorijiy kredit liniyalarini jalb qilishda asosiy ko‘prik vazifasini bajarmoqda.
Xususan, «O‘zmilliybank» «Deutsche Bank»ning O‘zbekistondagi eng yirik hamkorlaridan biridir. 2018-yilda ikki bank o‘rtasida energetika, transport, tibbiyot va neft-kimyo loyihalariga uskunalar importini uzoq muddatli moliyalashtirish uchun 500 million yevrolik kelishuv imzolangan. Keyinchalik, 2021-yilda davlat kafolatisiz 100 million dollarlik kredit liniyasi ochilgan bo‘lsa, 2023-yilning may oyida transport, tog‘-kon metallurgiyasi va elektrotexnika loyihalari uchun yana 130 million yevro miqdorida davlat kafolatisiz kredit mablag‘lari jalb qilindi.
«O‘zsanoatqurilishbank» ham «Deutsche Bank» bilan yirik investitsiya va savdoni moliyalashtirish loyihalarini amalga oshirmoqda. 2024-yilning may oyida nemis banki «O‘zsanoatqurilishbank»ga o‘rta biznesni rivojlantirish, sanoat hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida 165 million yevro miqdorida sindikatlashtirilgan kredit ajratdi. 2026-yilning may oyida esa bank Yevropaning yetakchi moliya institutlari, jumladan «Deutsche Bank» bilan savdoni moliyalashtirish va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi strategik kelishuvlarga erishdi.
«Deutsche Bank» o‘zbek banklarining xalqaro kredit bozoridagi debyutlarini tashkil etishda ham muhim rol o‘ynagan. Jumladan, 2020-yilning oktabr oyida «Xalq banki» «Deutsche Bank» bilan hamkorlik o‘rnatgan bo‘lsa, 2021-yilning fevral oyida «Deutsche Bank»ning asosiy tashkilotchiligida «Xalq banki» xalqaro moliya bozoridan 102,5 million dollarlik ilk sindikatlashtirilgan kreditini jalb qildi. Xuddi shu davrda «Asakabank» ham savdo bitimlarini moliyalashtirish va mijozlarning aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun «Deutsche Bank»ning o‘zidan (yagona ikki tomonlama kreditor sifatida) 90 million dollar kredit oldi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning xususiy va xorijiy kapital ishtirokidagi banklari «Deutsche Bank» bilan xalqaro hisob-kitoblar (korrespondentlik) va savdoni moliyalashtirish bo‘yicha yaqindan ishlaydi. Xususan, «Turonbank» 2025-yilning oktabr oyida «Deutsche Bank» bilan yevroda korrespondentlik hisobvaraqlarini ochish va savdoni moliyalashtirish amaliyotlarini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikning yangi bosqichiga o‘tdi. «KDB Bank O‘zbekiston» esa Germaniyadagi «Deutsche Bank AG» (yevro va dollar) hamda Nyu-Yorkdagi «Deutsche Bank Trust Company Americas» (dollar) orqali xalqaro valuta o‘tkazmalari va hisob-kitoblarni amalga oshirib kelmoqda.





