Logo

Putin Arktika yo‘liga investitsiya kiritishga chaqirdi: bu reja ish beradimi?

Kecha 16:304 daqiqa

Tahlilchilarning fikricha, ayrim osiyolik investorlar bu taklifga qiziqish bildirishi mumkin, biroq mazkur yo‘nalishning global dengiz savdosi uchun barqaror yo‘lakka aylanishi dargumon.

Putin Arktika yo‘liga investitsiya kiritishga chaqirdi: bu reja ish beradimi? © Foto: Reuters

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammitidagi nutqida mamlakatning Arktika mintaqalariga sarmoya jalb etishga urg‘u berdi. Moskva hozircha faqat yoz oylaridagina ishlayotgan Shimoliy dengiz yo‘lida (SHDY) yil davomida uzluksiz kema qatnovini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilmoqda.

 

Rossiya ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Putin chorshanba kuni Xitoyning Shenchjen shahrida: «APEC iqtisodiyotlarining ishbilarmon doiralari va investorlari Rossiya bozorida ochilayotgan imkoniyatlarga munosib baho berib, ulardan unumli foydalanishiga ishonchim komil», — deya ta’kidlagan.

 

Rossiya matbuotiga ko‘ra, prezident taklif etgan imtiyozlar paketi foyda, mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha yengilliklar hamda imtiyozli ijara shartlarini o‘z ichiga oladi.

 

Uning APEC sammitidagi nutqi sentabr oyida Vladivostokda o‘tgan Sharqiy iqtisodiy forumdagi bayonotlarining mantiqiy davomi bo‘ldi. O‘shanda ham Putin Shimoliy dengiz yo‘lida yil davomida qatnovni ta’minlash, transport, energetika va texnologik infratuzilmani kengaytirish bo‘yicha yangi choralar ko‘rilishini aytgan edi.

 

Rossiya o‘zining shimoliy portlarini Tinch okeani mintaqasi bilan bog‘lovchi Arktika dengiz yo‘lagini faol rivojlantirmoqda. Biroq Shimoliy dengiz yo‘lini jahon savdosining muhim arteriyasiga aylantirishga qaratilgan bu sa’y-harakatlar geosiyosiy va xavfsizlik muammolari, shuningdek, Arktikaning nozik ekotizimiga tug‘ilishi mumkin bo‘lgan ekologik xatarlar borasida xavotir uyg‘otmoqda.


Arktika yo‘nalishi nima va Rossiya nega unga katta umid bog‘lamoqda?

 

Arktika dengiz yo‘lagi Rossiyaning shimoliy qirg‘oqlari bo‘ylab g‘arbdagi Novaya Zemlya arxipelagidan sharqdagi Bering bo‘g‘ozigacha qariyb 5 600 kilometr masofaga cho‘zilgan. Ammo hozircha unda faqat yozda — muzlar erigan bir necha hafta davomidagina kemalar qatnay oladi.

 

Arktika orqali o‘tuvchi barqaror dengiz yo‘li bugungi kunda Yaqin Sharq inqirozi sabab qiyin ahvolga tushgan global savdoga yengillik berishi mumkin. Ushbu inqiroz muhim suv yo‘llari — Qizil dengiz chekkasidagi Suvaysh kanaliga olib boruvchi Bob al-Mandab bo‘g‘ozi va Fors ko‘rfazidagi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi faoliyatini falaj qilib qo‘ydi. Xavfsizlik tahdidlari kuchaygan sharoitda yuk tashuvchi kompaniyalar muqobil savdo yo‘llariga tobora ko‘proq qiziqish bildirmoqda.

 

Avgust oyida Xitoy ham Shimoliy Muz okeani orqali o‘tuvchi va Rossiyaning Shimoliy dengiz yo‘lini qamrab oluvchi «Muz Ipak yo‘li» nomli yangi dengiz yo‘nalishini e’lon qilgan edi.

 

Iqlim o‘zgarishi oqibatida Arktikada muzlarning keng ko‘lamda erishi ushbu yo‘nalishda kemalar qatnaydigan mavsumni uzaytirmoqda. Bu esa uning an’anaviy dengiz yo‘laklariga munosib muqobil bo‘lish istiqbolini oshiryapti.

Shimoliy Muz okeanini qoplab turuvchi va yozda erib, sentabr oyida yillik eng past nuqtasiga tushadigan dengiz muzi qatlami rekord darajada kamaydi. NASA ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil u sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlari tarixidagi eng kichik ko‘rsatkichgacha qisqargan.

Putin Rossiya Arktikasini global savdo yo‘liga aylantira oladimi?

Bu ancha murakkab vazifa. Iqlim o‘zgarishi Arktika qiyofasini asta-sekin o‘zgartirayotgan bo‘lsa-da, ekspertlar fikricha, mintaqa hamon asosan o‘tib bo‘lmas hududligicha qolmoqda.

«Qattiq iqlim, ko‘rish masofasining pastligi, kema qatnovi uchun qulay mavsumning qisqaligi va suzib yuruvchi muzlar keng ko‘lamli tijoriy yuk tashish uchun jiddiy to‘siq bo‘lib qolaveradi, — dedi Niderlandiya Dengiz huquqi instituti (NILOS) tadqiqotchisi Andrey Todorov «Al-Jazira»ga.

Todorovning fikricha, ushbu yo‘nalishdagi qatnov «juda tor va cheklangan» doirada qolib, asosan Rossiyaning Arktikada qazib olingan mineral resurslarini jahon bozoriga olib chiqishga xizmat qiladi. Tahlilchining taxminicha, bu yerdan eng ko‘pi bilan «an’anaviy janubiy yo‘nalishlar bilan mutlaqo taqqoslab bo‘lmaydigan darajadagi kichik tranzit konteyner tashuvlari»gina o‘tishi mumkin.

Yevropaning Rossiya energetika sektoriga qarshi sanksiyalari Moskva uchun neft va gazni Osiyo bozorlariga muqobil dengiz yo‘llari orqali yetkazib berish zaruratini yanada kuchaytirdi — ayniqsa, Rossiya va Ukraina kuchlari Qora dengizdagi yuk kemalarini nishonga olayotgan bir paytda.

Shimoliy dengiz yo‘lining ochilishi Arktika uchun nimani anglatadi?

Ekologik jihatdan, kema qatnovining ortishi qora uglerod chiqindilarini ko‘paytirib, Arktika mintaqasida iqlim o‘zgarishi, atrof-muhit ifloslanishi va bioxilma-xillik kamayishini yanada kuchaytirishi mumkin. «Ocean & Coastal Management» jurnalida 2024 yilda e’lon qilingan tahlil Arktikadagi kema qatnovi suv havzalari va yovvoyi tabiatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini, shuningdek, havoga zararli moddalar chiqarilishini oshirayotganini tasdiqlagan.

Eriyotgan muzlar yangi geosiyosiy ziddiyatlarni ham yuzaga chiqarmoqda. Shimoliy dengiz yo‘lining katta qismi Rossiyaning iqtisodiy zonasi orqali o‘tadi va u yerdagi kema qatnovini Moskva tartibga soladi. Rossiya va Xitoy ushbu yo‘nalishni rivojlantirishda hamkorlikni kuchaytirayotgan bir paytda, AQSH prezidenti Donald Tramp Moskva va Pekinning Arktikada hukmronlik qilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Vashington Grenlandiyani o‘z nazoratiga olishi shartligini bir necha bor ta’kidladi.

Sentyabr oyida AQSH, Daniya va Grenlandiya Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasi doirasida kelishuv imzoladi. Unga ko‘ra, Vashingtonga qit’a kattaligidagi ushbu Arktika orolida yanada kengroq harbiy ishtirok etish huquqi berildi. Bungacha Trampning Daniyaga tegishli ushbu hududni egallab olish haqidagi takroriy tahdidlari AQSHning yevropalik ittifoqchilari bilan munosabatlarini taranglashtirib yuborgan edi.

 

Teglar

Mavzuga oid