O‘zbekiston Rossiyadan eng ko‘p nima sotib olmoqda?
2026-yilning dastlabki o‘n oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 1,4 mln tonnadan ortiq agrosanoat mahsuloti keltirildi. Yetkazib berish hajmi bir yilda 60 foizga oshgan.
© Ijtimoiy tarmoqlar2026-yil yanvar–oktabr oylarida Rossiya O‘zbekistonga 1,4 mln tonnadan ziyod qishloq xo‘jaligi va agrosanoat mahsulotlarini eksport qildi. Ularning umumiy qiymati 1,2 mlrd dollardan oshdi. Rossiyaning «Agroeksport» federal markazi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan eksportning fizik hajmi 60 foizga, qiymati esa 32 foizga ko‘paygan.
Shu tariqa, dastlabki o‘n oylik ko‘rsatkich Rossiyaning 2025 yil davomida O‘zbekistonga amalga oshirgan jami agroeksport hajmidan oshib ketdi. Markaz bu natijani kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich deb baholadi.
Qayd etish joizki, ma’lumotlar «Agroeksport» markazining ekspert baholariga tayanadi va Rossiya tomonining eksport statistikasini aks ettiradi. Hisoblash metodologiyasidagi farqlar sabab ular O‘zbekiston bojxona statistikasidan biroz farq qilishi mumkin.
O‘zbekistonga qaysi mahsulotlar ko‘proq yetkazib berilmoqda?
Rossiya agrosanoat eksporti tarkibida shakar yetakchilik qilmoqda — 2026 yilning o‘n oyida O‘zbekistonga qariyb 274 mln dollarlik shakar yetkazib berilgan. Keyingi o‘rinlardan chorva ozuqasi sifatida ishlatiladigan soya kunjarasi va shroti, shokolad mahsulotlari, kungaboqar yog‘i hamda bug‘doy joy olgan.
Rossiya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, eksportning asosiy besh turi:
Mahsulot | Eksport qiymati |
Shakar | 274 mln dollar |
Soya kunjarasi va shroti | 139 mln dollar |
Shokolad mahsulotlari | 93 mln dollar |
Kungaboqar yog‘i | 60 mln dollardan ortiq |
Bug‘doy | 52 mln dollar |
Rossiya eksportining o‘sishi O‘zbekiston import bozori bilan bog‘liq
O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari importi ham izchil o‘sib bormoqda. Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil yanvar–sentabr oylarida mamlakatga 4,22 mlrd dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar import qilingan — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 37,5 foizga ko‘p.
Import tarkibida eng yirik ulush don mahsulotlariga to‘g‘ri kelib, 1,11 mlrd dollarni tashkil etgan (yillik o‘sish — 59,4 foiz). Shakar, shakardan tayyorlangan mahsulotlar va asal importi esa 521,2 mln dollarga yetib, bir yilda 35,9 foizga oshgan.
Mahsulot guruhi | Import qiymati | Yillik o‘zgarish |
Don va don mahsulotlari | 1,11 mlrd dollar | +59,4% |
Go‘sht va go‘sht mahsulotlari | 779,3 mln dollar | +32,2% |
Shakar va shakar mahsulotlari | 521,2 mln dollar | +35,9% |
Qahva, choy, kakao va ziravorlar | 418,4 mln dollar | +23% |
Sabzavot va mevalar | 412,9 mln dollar | +24,9% |
Rossiya O‘zbekistonga shokolad yetkazib berishda yetakchi
Rossiyadan kelayotgan agrosanoat mahsulotlari orasida shokolad va qandolat mahsulotlari ham katta ulushga ega. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekiston 46 ta davlatdan 123,7 mln dollarlik 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari import qilgan.
Shundan 19,5 ming tonnasi — ya’ni jami importning qariyb 68 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Keyingi o‘rinlarni Ukraina (2,2 ming tonna), Qozog‘iston (914 tonna), Belarus (805,2 tonna) va Litva (746,2 tonna) egallagan. Shokolad importining umumiy hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 foizga o‘sgan bo‘lib, Rossiya O‘zbekiston bozori uchun asosiy ta’minotchi maqomini saqlab turibdi.
O‘sish bir yillik jarayon emas
Rossiyaning O‘zbekistonga agrosanoat eksporti avvalgi yillarda ham barqaror o‘sib kelgan. «Agroeksport» markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Rossiya O‘zbekistonga 1,2 mlrd dollarlik 1,15 mln tonnadan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib bergan — bu 2024 yilga nisbatan qiymat bo‘yicha 19 foizga, fizik hajm bo‘yicha 17 foizga ko‘p.
O‘sha yili ham eksport tarkibida shakar yetakchilik qilgan. Keyingi pog‘onalardan shokolad mahsulotlari (107 mln dollar), soya kunjarasi va shroti (74 mln dollar), kungaboqar yog‘i (66 mln dollar) hamda margarin (52 mln dollar) joy olgan. 2026 yilning dastlabki o‘n oyidagi 1,4 mln tonnadan ortiq natija esa o‘tgan yilgi to‘liq ko‘rsatkichdan ham yuqori.
«Agroeksport» markazi rahbari Ilya Ilyushinning so‘zlariga ko‘ra, 2018–2025 yillarda ikki davlat o‘rtasidagi agrosanoat savdosi uch baravar oshgan. Markaz O‘zbekiston bilan savdoni yanada kengaytirish uchun shakar, baliq va dengiz mahsulotlari, parranda go‘shti, tayyor go‘sht mahsulotlari, ichimliklar hamda bolalar oziq-ovqatini istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatmoqda.
Rossiya kompaniyalari O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirmoqda
Eksport hajmi ortib borayotgan bir paytda Rossiya agrosanoat kompaniyalari O‘zbekistondagi hamkorlar bilan aloqalarni yanada faollashtirmoqda. Interfax xabariga ko‘ra, 2026 yil 18-noyabr kuni Toshkentda Rossiyaning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qiluvchi 50 dan ortiq kompaniyasi ishtirokida biznes missiyasi ish boshlagan.
Tadbirda «Agroeksport» markazi, Rossiyaning tegishli davlat idoralari, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va qishloq xo‘jaligi universitetlari vakillari ham qatnashgan. Dastur doirasida o‘simlik navlarini yaratish va urug‘chilik, ta’lim va ilmiy hamkorlik, mehmonxona-restoran biznesi, chakana savdo hamda elektron tijorat yo‘nalishlarida davra suhbatlari, shuningdek, mahalliy importchilar, distribyutorlar, ulgurji va chakana savdo kompaniyalari bilan 200 dan ortiq B2B uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.





