27 ta konsert reklamasida ijro shakli ko‘rsatilmagani uchun reklama beruvchilar ogohlantirildi
Qoidabuzarlik qayd etilgan reklamalar orasida Lolita, Ani Lorak, Mayot, Nikolay Fomenko, Izzat Shukurov, «Ummon» guruhi, Rayhon Ganiyeva va G‘aybulla Tursunov konsertlarining Instagram'dagi e’lonlari ham bor.
© vaqt.uzRaqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlar va tashqi reklama obektlarida joylashtirilgan 27 ta konsert reklamasida fonogramma yoki jonli ijro haqida ma’lumot berilmaganini aniqladi.
Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida Lolita, Ani Lorak, Mayot, Nikolay Fomenko, Izzat Shukurov, «Ummon» guruhi, Rayhon Ganiyeva va G‘aybulla Tursunov konsertlarining Instagram'dagi reklamalarida ijro shakli ko‘rsatilmagani qayd etilgan.
Shuningdek, Toxi$, «Mashina vremeni» va Otar Kushanashvili ishtirokidagi dasturlarning tashqi reklamalarida ham bunday ma’lumotlar mavjud emasligi aniqlangan.
Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi tegishli reklama beruvchilarga reklamalarni qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish yuzasidan ogohlantirishlar yuborgan.
Konsyert reklamasida ijro shaklini ko‘rsatish tartibi
Qo‘mita amaldagi qonunchilikda belgilangan talablarni eslatib o‘tdi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-apreldagi 207-son qaroriga muvofiq, konsert reklamasida «Jonli ijro», «Fonogrammadan foydalangan holda jonli ovoz» yoki «Fonogrammali konsert dasturi» deb aniq ko‘rsatilishi lozim.
Bundan tashqari, «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 44-moddasiga ko‘ra, fonogramma ishlatilganda reklamada undan foydalanish darajasi ko‘rsatilishi kerak. Tashqi reklamada ushbu axborot reklama maydonining kamida 10 foizini egallashi lozim. Shu bilan birga, tashkilotchilar tomosha boshlanishidan oldin bu haqda audioxabar berilishini ta’minlashi shart.
«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq esa konsert-tomosha tadbirlarida fonogrammadan foydalanish haqida axborot ko‘rsatilishi majburiy hisoblanadi.
Raqobat qo‘mitasi konsert tashkilotchilari va reklama beruvchilarni konsert reklamalarida ijro shaklini aniq ko‘rsatishga hamda reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishga chaqirdi.
Monitoring davomida ushbu talablar buzilganligi aniqlangan hollarda qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli ta’sir choralari qo‘llanilishi haqida ogohlantirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq reklama qonunchiligini buzgan 12 bloger jazolangani xabar qilingandi.





