Logo

Turkiya O‘zbekistonga 11,6 mlrd dollar investitsiya kiritadi

Oltin qazib olish hajmini 175 tonnaga, kumushni 500 tonnaga, mis ishlab chiqarish quvvatlarini esa 500 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. O‘zbekiston prezidenti turk kompaniyalarini tog‘-kon sanoati, mineral resurslarni chuqur qayta ishlash va «yashil» energetikada yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga taklif qildi. Turkiya banklari, investitsiya fondlari va sanoat kompaniyalaridan xususiylashtirish jarayonlarida yanada faol ishtirok etish so‘raldi.

Turkiya O‘zbekistonga 11,6 mlrd dollar investitsiya kiritadi © Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda 2030-yilga qadar ushbu elektrotexnika sanoatidagi eksportni 5 milliard dollarga yetkazish va 11,6 milliard dollar investitsiya jalb qilish maqsad qilingan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston – Turkiya biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashning birinchi yig‘ilishida ma’lum qildi.

Aytilishicha, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri elektrotexnika sanoatidagi kooperatsiyani kengaytirishdir. Turkiya kompaniyalari misni chuqur qayta ishlash, elektronika, transformatorlar, maishiy texnika va elektr uskunalari ishlab chiqarishda o‘zbekistonlik korxonalar bilan qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishga taklif etildi.

O‘zbekistonda 2030-yilga qadar oltin qazib olish hajmini 175 tonnaga, kumushni 500 tonnaga, mis ishlab chiqarish quvvatlarini esa 500 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Shu davrda qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini 25 gigavattga, ularning elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushini 54 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Jizzax viloyatida tashkil etilayotgan Atom sanoati maxsus sanoat zonasida 15 ta yo‘nalishda mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Ushbu mahsulotlar O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida barpo etiladigan atom elektr stansiyalari ehtiyojlariga ham yo‘naltiriladi.

Davlat rahbari turk kompaniyalarini tog‘-kon sanoati, mineral resurslarni chuqur qayta ishlash va «yashil» energetikada yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga taklif qildi.

O‘zbekiston iqtisodiyoti 3 barobar oshdi

Yig‘ilishda 2017-yildan buyon mamlakat iqtisodiyoti uch barobar o‘sgani, 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb etilgani eslatildi. 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini 300 milliard dollarga yetkazish, sanoat ishlab chiqarishini ikki barobar oshirish, ushbu tarmoqda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish hamda yuqori texnologik mahsulotlar ulushini uchdan bir qismga yetkazish maqsad qilingan.

Bu vazifalarni amalga oshirishda Turkiya bilan amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirish muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Qishloq xo‘jaligidagi sheriklik

Turkiyaning agrar sohadagi tajribasini hisobga olib, organik mineral o‘g‘itlar va qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish, zamonaviy issiqxonalar barpo etish, bog‘dorchilik, suv tejovchi texnologiyalar hamda sovitkich omborlari yo‘nalishlarida hamkorlikni kuchaytirish taklif etildi.

O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va yirik chakana savdo tarmoqlari orqali yetishtirishdan iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan yagona qiymat zanjirini shakllantirishdan manfaatdor. Prezident turkiyalik investorlarni Yangi Toshkent qurilishi va mamlakatdagi yirik infratuzilma loyihalarida faol ishtirok etishga chaqirdi. Turk kompaniyalariga yangi shaharda tijorat va turarjoy majmualari, mehmonxonalar, ta’lim va tibbiyot muassasalarini barpo etish bo‘yicha hamkorlik qilish taklif qilindi.

Shu bilan birga, pulli avtomobil yo‘llari, aeroportlar va logistika markazlarini rivojlantirish transport sohasidagi istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatildi.

Tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarish mahalliylashtiriladi

Toshkent farmatsevtika parkida investorlarga keng qamrovli imtiyoz va preferensiyalar, zarur infratuzilma hamda ishlab chiqarish maydonlari taqdim etilmoqda. Prezident turk farmatsevtika kompaniyalari uchun alohida sanoat zonasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

2002-yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan «Nobel Pharmsanoat» kompaniyasi tajribasi sohadagi hamkorlikning amaliy namunasi sifatida ko‘rsatildi. Turkiyaning boshqa yetakchi farmatsevtika kompaniyalari ham ushbu yo‘nalishda faol hamkorlikka taklif qilindi.

«O‘zbekistonda xususiylashtirish va davlat-xususiy sheriklik dasturlari Turkiya investorlari uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda», — deya yozdi prezident matbuot kotibi.

Prezident 2026–2027-yillarda umumiy qiymati 8,4 milliard dollarlik davlat aktivlari, ko‘chmas mulk obyektlari va yer maydonlarini savdoga chiqarish rejalashtirilganini aytdi. Turk kompaniyalari bilan Samarqand avtomobil zavodini xususiylashtirish, Samarqand viloyati elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va Buxoroda yangi xalqaro aeroport qurish kabi yirik tashabbuslar bo‘yicha hamkorlik olib borilmoqda. Davlat rahbari Turkiya banklari, investitsiya fondlari va sanoat kompaniyalarini ushbu jarayonlarda yanada faol ishtirok etishga chorladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 9 oyda 44,1 milliard dollar xorijiy investitsiya va kredit jalb qildi. Hududiy investitsiya dasturlari doirasida umumiy qiymati 5,9 milliard dollar bo‘lgan loyihalar amalga oshirildi.

Teglar

Mavzuga oid