Putin Xitoyda «yadroviy chamadon» bilan ko‘rinish berdi
Vladimir Putinga yadro qurolidan foydalanish imkonini beradi deb hisoblanadigan maxsus chamadon Shenchjenda omma e’tiboriga tushdi. Xo‘sh, «Qizil tugma» haqiqatan ham bormi?
© Foto: Reuters19-noyabr kuni AQSH, Xitoy va Rossiya yetakchilari Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti doirasida uch tomonlama muzokaralar o‘tkazish uchun Xitoy janubidagi Shenchjen shahriga bordi. Tashrif chog‘ida Rossiya harbiy kiyimidagi bir kishining sirli qora chamadon ko‘tarib yurgani ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
Rossiya davlat televideniyesi kamerasi prezident Vladimir Putinga hamrohlik qilayotgan harbiy-dengiz zobitini yaqin planda ko‘rsatar ekan, muxbir Yevgeniy Popov chamadonga ishora qilib, tomoshabinlarga «mana shu yadroviy chamadon» deya izoh berdi. Zobit esa jilmayib, bu haqiqatan ham Rossiya prezidentiga mamlakat yadro arsenaliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish imkonini beruvchi «Cheget» chamadoni ekanini tasdiqladi.
«Aql bovar qilmaydi», dedi Popov.
AQSH prezidentida ham «nuclear football» nomi bilan tanilgan shunga o‘xshash portfel bor va u doimo davlat rahbari bilan birga olib yuriladi, biroq Shenchjenda u ko‘zga tashlanmadi. Xitoy raisi Si Jinpingning bunday chamadon bilan yurishi yoki yurmasligi esa noma’lum.
Xo‘sh, bu chamadonlar shunchaki kuch ramzimi yoki haqiqatan ham yetakchilarga istalgan lahzada yadroviy zarba berishga buyruq berish imkonini beradimi?
Yadroviy chamadon nima?
Bu — harbiy qo‘mondonlik tizimiga ulanadigan maxsus jihozlangan chamadon bo‘lib, davlat rahbari uning yordamida yadroviy hujumga buyruq berishi mumkin.
AQSH va Rossiyaning (o‘sha paytda Sovet Ittifoqi) bunday tizimlari Sovuq urush davrida — ikki davlat rahbarlari qisqa fursat ichida yadroviy zarba berish bo‘yicha qaror qabul qilish zaruratiga duch kelgan pallada yaratilgan. Biroq «qizil tugma ustida turgan barmoq» haqidagi tasavvur birmuncha mubolag‘a hisoblanadi: rahbarning buyrug‘ini amalga oshirish uchun harbiy xizmatchilar ishtiroki va keng ko‘lamli aloqa tizimi talab etiladi.
AQSH va Rossiyaning chamadonlari nimasi bilan farq qiladi?
AQSHda «nuclear football» deb ataluvchi chamadon tarixi 1962 yilgi Karib inqirozidan ham avvalroqqa borib taqaladi. Tarixchilar uning yaratilishini Duayt Eyzenxauer ma’muriyati davri bilan bog‘laydi. Maxfiylikdan chiqarilgan hujjatlardan biriga ko‘ra, Eyzenxauer 1961 yil yanvar oyida Jon F. Kennedi lavozimiga kirishishidan bir kun avval unga ushbu qurilma haqida ma’lumot bergan.
AQSH prezidenti, shuningdek, «biskvit» deb ataluvchi maxsus kartani ham yonida olib yuradi — unda yadroviy buyruq berilganda prezident shaxsini tasdiqlovchi kodlar saqlanadi. Vitse-prezident esa davlat rahbari vakolatlarini o‘z zimmasiga olish zarurati tug‘ilgan taqdirda zaxira tizim va tasdiqlash kodlaridan foydalanish huquqiga ega.
Kongress tadqiqot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yadro qurolidan foydalanishga faqat AQSH prezidentining o‘zi ruxsat berishi mumkin, biroq u yuqori martabali harbiy rahbarlar bilan maslahatlashish huquqiga ega.
Rossiyaning «Cheget» chamadoni Kavkazdagi tog‘ sharafiga qo‘yilgan. U 1983 yilda Sovet qo‘shinlari tasarrufiga kiritilgan bo‘lib, an’anaga ko‘ra prezidentning chamadonini harbiy-dengiz zobiti ko‘tarib yuradi. 2015 yilda Yekaterinburgdagi Yelsin markazida Rossiyaning postsovet davridagi birinchi prezidenti Boris Yelsin foydalangan chamadon namoyishga qo‘yilgan edi.
Bugungi «Cheget» prezidentni Rossiya armiyasining markaziy qo‘mondonligi bilan bog‘laydi: u yadro qurolini qo‘llash to‘g‘risidagi buyruqni uzatishi mumkin, ammo raketalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchira olmaydi. Taxminlarga ko‘ra, Rossiyada bunday chamadonlardan uchta mavjud bo‘lib, ular prezident, mudofaa vaziri va Bosh shtab boshlig‘iga biriktirilgan.
Rossiyaning e’lon qilingan yadroviy doktrinasiga ko‘ra, yadro qurolini qo‘llash yoki qo‘llamaslik haqidagi qarorni prezident qabul qiladi. «Cheget» «Kavkaz» aloqa tizimini qo‘llab-quvvatlovchi «Kazbek» boshqaruv va nazorat tarmog‘i orqali ishlaydi. Prezident buyrug‘ini tasdiqlash uchun ushbu chamadonlardan nechtasi talab etilishi borasida esa ochiq manbalardagi ma’lumotlar bir-biridan farq qiladi.
Davlat rahbarlari nega ularni doim o‘zlari bilan olib yuradi?
Nazariy jihatdan, yadroviy hujum prezident samolyotda, sammitda yoki mehmonxonada uxlab yotgan paytida ham boshlanishi mumkin. Shu bois yadroviy chamadonlar yetakchi qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, istalgan lahzada hujum yoki javob zarbasi berish imkonini yaratadi. Bu tiyib turish strategiyasi uchun nihoyatda muhim: raqib tomon javob zarbasi muqarrarligini bilsa, hujum qilish fikridan qaytishi mumkin.
Iqtisodchi va strateg Tomas Shelling 1966 yilda chop etilgan «Qurol va ta’sir» («Arms and Influence») kitobida yozganidek: «Zarar yetkazish qudrati — muzokaralardagi kuchdir».
Rossiya ommaviy axborot vositalari 2023 yilda Putinning Pekinga tashrifi chog‘ida ham unga chamadon ko‘targan harbiy-dengiz zobitlari hamrohlik qilganini namoyish etgan edi. Sammitda «Cheget»ning ko‘rinib qolishi va Shenchjendagi kadrlar chamadonning o‘sha yerda ekanini tasdiqlashi Rossiyaning yadroviy arsenali haqidagi yaqqol eslatma vazifasini o‘taydi.
«Kreml qo‘llab-quvvatlaydigan telekanallar buni namoyish etgani ko‘p narsadan darak beradi. Bu shunchaki siyosiy teatr va o‘z mamlakatining dunyodagi mavqei avvalgidek emasligini anglab turgan insonning ramziy chiqishidir. AQSH yoki Xitoy bilan solishtirganda, Rossiya avvalgi harbiy va iqtisodiy salohiyatga ega emas — bu esa uning o‘sha katta stol atrofida o‘z o‘rni borligini namoyishkorona ko‘rsatishga urinishdir», — dedi Lankaster universitetining xalqaro siyosat professori Saymon Meybon «Al-Jazira»ga.
Boshqa davlatlarda ham yadroviy chamadonlar bormi?
Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda yadro quroliga ega to‘qqizta davlat bor. Eng ko‘p ma’lumot AQSH va Rossiyaning chamadonlari haqida to‘plangan. Boshqa mamlakatlar hukumatlari esa yetakchilari qanday jihoz olib yurishidan ko‘ra, yadro qurolini qo‘llashga kim ruxsat berishi mumkinligini ko‘proq oshkor qilgan.
Buyuk Britaniyada yadro qurolidan foydalanishga faqat bosh vazir ruxsat berishi mumkin. Shuningdek, har bir yangi bosh vazir yadro quroliga ega suvosti kemalari komandirlarining har biri uchun bittadan — jami to‘rtta «so‘nggi chora maktubi»ni qo‘lda yozib qoldiradi. Unda yadroviy hujum oqibatida hukumat yo‘q qilingan taqdirda qanday yo‘l tutish kerakligi belgilanadi.
Fransiyada bunday vakolat prezidentga tegishli. «Le Monde» gazetasi 2012 yilda Nikolya Sarkozi lavozimini tark etayotganda yadroviy kodlarni Fransua Ollandga topshirgani haqida xabar bergan edi.
Xitoy «birinchi bo‘lib qo‘llamaslik» siyosatiga amal qiladi — ya’ni Pekin yadro qurolidan faqat boshqa davlatning yadroviy hujumiga javoban foydalanishini ta’kidlaydi. Rais Si Jinpingning maxsus yadroviy chamadon bilan safarga chiqishi yoki chiqmasligi noma’lumligicha qolmoqda.
Hindiston hukumati yadro qurolini qo‘llashga faqat bosh vazir raisligidagi Yadroviy qo‘mondonlik boshqarmasining Siyosiy kengashi ruxsat berishi mumkinligini bildirgan, biroq uning maxsus jihoz olib yurishi yoki yurmasligi noaniq.
Pokiston va Shimoliy Koreya ham yadro quroliga ega, Isroilda ham bunday qurol borligi aytiladi. Ammo ularning yetakchilari bunday chamadonlar bilan yurishi yoki yurmasligi haqida ochiq manbalarda ishonchli ma’lumot yetarli emas.





