
Eronlik investorlar Sirdaryoda qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda
21.05.2025 | 11:5045313

Eron Islom Respublikasining Qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilar uyushmasiga a’zo «Fattahi Agricultural Machinery Manufacturing» kompaniyasi vakillari Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Delegatsiya Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridagi ishlab chiqarish hududlari va texnik imkoniyatlar bilan tanishdi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishni mahalliy darajada tashkil etish bo‘lib, delegatsiya bu yo‘nalishdagi shart-sharoitlarni o‘rgandi. Shuningdek, mehmonlar Oqoltin tumani hokimi Husniddin Suvonov bilan uchrashib, loyiha atrofida muzokaralar olib borishdi.
Uchrashuvda mahalliy hokimiyat tomonidan investorlarga bir qator qulayliklar — shourum uchun yer maydoni, infratuzilmali ishlab chiqarish hududlari va xorijiy mutaxassislar uchun yashash sharoiti kabi imtiyozlar taklif qilindi.
Tashrif yakunida «Fattahi» kompaniyasi rahbari Behnam Fattohiy O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga jiddiy qiziqish bildirdi. Uning ta’kidlashicha, loyiha amalga oshsa, mahalliy iqtisodiyotga turtki berib, eksport imkoniyatlarini kengaytirish va doimiy ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Erondagi «Ozod» xususiy universiteti bilan hamkorlikda yoshlarni tajriba orttirish uchun yuborish rejasi ham muhokama qilindi. Mahalliy rahbariyat bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.





