
FIFA Rossiyaga nisbatan cheklovlarni bekor qilishni kun tartibiga qo‘ymoqchi emas
Xalqaro futbol federatsiyasi Rossiyaga qo‘yilgan cheklovlar bo‘yicha ovoz berishni rejalashtirmayapti, masala hozircha muhokamadan tashqari qolmoqda.

FIFA Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish masalasini muhokama qilish yoki ovozga qo‘yishni yaqin kelajakda rejalashtirmayapti, deb yozmoqda «The Times» nashri. Nashr manbalariga ko‘ra, tashkilot rahbariyati bu mavzuda hozircha siyosiy va sport sharoitlari o‘zgarmaganini hisobga olib, kun tartibiga chiqarishni maqsadga muvofiq deb bilmayapti.
Avvalroq FIFA prezidenti Janni Infatinoning Rossiyaga futbol klublariga nisbatan joriy etilgan cheklovlarni bekor qilib, ularni yevrokuboklarga qaytarish fursati yetgani haqidagi chiqishi katta rezonans keltirib chiqargan edi.
Rossiya terma jamoalari va klublari 2022 yil 28-fevraldan buyon xalqaro musobaqalardan chetlatilgan. Cheklovlar futbolchilarning jinsi yoki yoshiga qaramasdan, barcha rasmiy turnirlarga tatbiq etilgan. Qaror Ukrainadagi urush fonida qabul qilingan va muddatsiz xarakterga ega.
Shu bilan birga, FIFA doirasida masalani qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha rasmiy tashabbuslar mavjud emas. Manbalar bu holatni xalqaro futbol hamjamiyatida yagona pozitsiya shakllanmagani bilan izohlamoqda.
UEFAdagi ziddiyatlar
UEFA doirasida Rossiya masalasi bir necha bor muhokama qilingan. 2023 yil sentabrda ijroqo‘m Rossiyaning 17 yoshgacha bo‘lgan qizlar va o‘g‘il bolalar terma jamoalarini xalqaro musobaqalarga qaytarishga rozilik bergan edi. Ammo bir oy o‘tib, qaror texnik yechim yo‘qligi bahonasi bilan bekor qilindi.
«The Independent» ma’lumotlariga ko‘ra, bu qaror UEFA rahbariyati ichida jiddiy bo‘linishga sabab bo‘lgan. 2024 yil sentabrda ham masala yana ko‘tarilgan, ammo Ukraina futbol assotsiatsiyasi prezidenti Andrey Shevchenko ushbu tashabbusga keskin qarshi chiqqan.
Shu bilan birga, Rossiya hududida UEFA rivojlanish turnirlari o‘tkazilib kelinmoqda. Ularda yoshlar terma jamoalari o‘z bayrog‘i va madhiyasi ostida ishtirok etyapti, turnirlarning bir qismi UEFA tomonidan moliyalashtiriladi.
Xalqaro tendensiya
2025 yil dekabrida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi xalqaro federatsiyalarga Rossiya va Belarus yosh sportchilarini ayrim turlarda bayroq va madhiya bilan qatnashishga ruxsat berishni tavsiya qildi. Bu chaqiriqqa o‘ndan ortiq federatsiya javob berdi. Dzyudo va sambo federatsiyalari esa bu yo‘lni ancha oldin tanlagan.
Biroq futbolda vaziyat ancha murakkab. Ekspertlar fikricha, FIFA va UEFA qarorlari nafaqat sport, balki geosiyosiy omillarga ham bog‘liq. Shu sabab Rossiyaning xalqaro futbolga to‘liq qaytishi yaqin vaqtda ehtimoli past ssenariy sifatida baholanmoqda.





