
«Fuqarolarimiz dunyoning istalgan nuqtasida bo‘lishidan qat’i nazar, davlat himoyasida» — TIV matbuot kotibi
28.08.2025 | 10:2027284
Rossiyada mahalliy rus fuqarosi o‘zbekistonlik migrantga qarata «sen ruslarning qulisan», deb aytganidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida e’tirozlar kuchaydi. Kecha Lavrov bilan gaplashgan Saidov voqeaga to‘xtalmagach, bugun Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi voqeaga umumiy tarzda munosabat bildirdi.
Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Ahror Burhonovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston fuqarolari qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, davlat himoyasida hisoblanadi. Bu kafolat Konstitutsiya, milliy qonunlar hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlari asosida ta’minlanadi.
Vazirlik matbuot kotibining ta’kidlashicha, agar chet elda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari yoki qonuniy manfaatlari buzilsa, ular darhol o‘sha davlatning vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlariga murojaat qilishi lozim. Bu orqali ular o‘z huquqlarini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Zarur hollarda fuqarolar O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalariga murojaat qilib, huquqiy va konsullik yordamini olishlari mumkin. Vazirlik bu xizmatlar har bir fuqaro uchun ochiq va bepul ekanini qayd etdi.
Tashqi ishlar vazirligi ta’kidlashicha, chet eldagi fuqarolarni himoya qilish davlat siyosatidagi muhim yo‘nalish hisoblanadi. Bu davlatning o‘z fuqarolari oldidagi bevosita majburiyati sifatida qaraladi.
Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federatsiyasida mahalliy fuqarolardan biri o‘zbekistonlik mehnat migranti — taksi haydovchisiga «sen ruslarning qulisan, og‘zingni ochmasdan ishlashing kerak», degani katta muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Voqeaga javob tariqasida o‘zbek ijtimoiy tarmoqlarida «Biz qul emasmiz» fleshmobi ham boshlangani haqida xabar bergan edik.
Kuni-kecha O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov RF tashqi ishlar vaziri bilan telefon orqali suhbatlashib, bu insident yuzasidan izoh talab qilmagani ham ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Tashqi ishlar vazirligi faqat matbuot kotibi orqali voqeaga shu tarzda umumiy munosabat bilan cheklandi.





