
Germaniya armiyaga xarajatlarni ikki barobarga oshirdi, Fransiya esa oshirmoqchi
14.07.2025 | 09:0020193
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Germaniya armiyasiga ajratiladigan mablag‘lar keskin ortdi. 2024 yilda Berlin harbiy texnika xaridi uchun 31 mlrd yevrodan ortiq mablag‘ sarfladi — bu 2021 yildagi ko‘rsatkichdan qariyb ikki barobar ko‘p.

Germaniya Federal armiyasini jihozlash, axborot texnologiyalari va texnik ta’minot bo‘yicha idorasi rahbari Annetta Lening-Emdenning ma’lum qilishicha, ushbu mablag‘ evaziga 12 mingga yaqin shartnoma imzolangan. Unga ko‘ra, 2029 yilgacha bundesverni to‘liq qayta qurish va NATO himoyasiga loyiq holga keltirish vazifasi qo‘yilgan. Shu bois, 2028 yilning o‘zidayoq armiya zamonaviy va kerakli uskunalar bilan ta’minlanishi lozim.
Lening-Emden sanoat salohiyati hali yetarli emasligini, shu bois bundesver bozorda mavjud tayyor harbiy mahsulotlarni ham xarid qilayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, birinchi navbatda havo hujumidan himoya tizimlari va o‘q-dorilarga e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, Skyranger zenit qurollari va yangi Leopard 2 tanklarini xarid qilish rejasi tuzilgan.
Germaniya kansleri Fridrix Mers bundesverni Yevropadagi eng kuchli armiyaga aylantirish niyati borligini bildirgan. 2025 yil 31 yanvar holatiga ko‘ra, Germaniya armiyasida 182,8 ming askar xizmat qilgan bo‘lsa, kelgusida umumiy harbiylar soni 460 mingga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Hokimiyat koalitsiyasi va muxolifatdagi «yashillar» partiyasi qarz olish cheklovlaridan voz kechib, harbiy sarf-xarajatlarni keskin oshirishga yo‘l ochgan.
Shuningdek, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham 2027 yilgacha mamlakat mudofaa byudjeti ikki baravar oshirilishini e’lon qildi. 2017 yilda 32 mlrd yevro bo‘lgan byudjet 2027 yilda 64 mlrd yevroni tashkil etishi rejalashtirilmoqda.





