
«Google Photos»da sun’iy intellekt orqali memlar yaratish mumkin bo‘ladi
Yangi funksiya orqali foydalanuvchilar o‘zi yoki do‘stlarining suratlarini mashhur internet hazillariga avtomatik joylashtira oladi.

«Google» kompaniyasi «Google Photos» servisida sun’iy intellekt yordamida memlar yaratish imkonini beruvchi yangi vosita ustida ish olib bormoqda. Loyiha foydalanuvchilarga tayyor shablonni tanlab, surat yuklash orqali uni avtomatik ravishda internet mem formatiga moslashtirish imkonini taqdim etadi.
Yangi funksiya haqida
Qayd etilishicha, ushbu funksiya «Google Photos»ning 7.51.0 versiyasi kodida aniqlangan. Hozircha imkoniyat oddiy foydalanuvchilar uchun ochiq emas, biroq uning ishlash mexanizmi haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan. Tizim neyrotarmoq asosida ishlab, yuklangan fotosuratdagi yuz xususiyatlarini tahlil qiladi va ularni tanlangan mem shabloniga mos holda joylashtiradi.
Yangi funksiya ilk bosqichda «Me Meme» nomi bilan yuritilmoqda, ammo keyinchalik uni «Me Meme» deb o‘zgartirish rejalashtirilgan. Foydalanish jarayoni sodda: kerakli shablon tanlanadi, shaxsiy yoki tanish insonning surati yuklanadi va sun’iy intellekt yuzning asosiy belgilarini aniqlab, tayyor tasvirni shakllantiradi.
Tayyor memni darhol guruh chatlariga yuborish yoki ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilish imkoni ham ko‘zda tutilgan. Bu esa fotoservisni nafaqat xotiralar saqlanadigan platforma, balki ko‘ngilochar kontent yaratish vositasiga aylantirishni maqsad qilgan.
Shu bilan birga, funksiya to‘liq ishlashi uchun texnik talablar mavjud. Asosiy shart — surat «Google»ning bulutli xotirasiga sinxronlangan bo‘lishi kerak, chunki qayta ishlash jarayoni kompaniya serverlarida amalga oshiriladi. Tizim aniq, yaxshi yoritilgan va ortiqcha obyektlarsiz olingan selfilardan foydalanishni tavsiya qiladi. Xira yoki kam yoritilgan kadrlar natijaning sifatini pasaytirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Google» barcha foydalanuvchilar uchun «Gmail» platformasida sun’iy intellektga asoslangan yangi funksiyalarni joriy etganini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, elektron pochtada xatlar oddiy xronologik tartibda emas, balki foydalanuvchi uchun ahamiyatli bo‘lishi mumkin bo‘lgan mavzular bo‘yicha qisqacha sun’iy intellekt xulosalari bilan taqdim etiladi.





