Gulnora ga oid jinoyat ishi Shveysariyadagi mahkamada ko‘rib chiqiladi

Bugun 08:554 daqiqa

Joriy yilning 27-aprel kuni Bellinzonadagi Federal jinoyat sudida xalqaro korrupsiya ishi bo‘yicha ko‘pdan beri kutilayotgan mahkama jarayoni boshlanadi. Mazkur ishning bosh figuranti O‘zbekiston sobiq prezidentining qizi Gulnora Karimova bo‘lib, unda Shveysariya banklari ham ishtirokchi sifatida qayd etilgan. Salkam ikki o‘n yillik tarixga ega ushbu ish o‘zining g‘ayriodatiy tergov usullari va yakuni noaniq ekanligi bilan boshqa jarayonlardan keskin ajralib turadi.

Gulnora ga oid jinoyat ishi Shveysariyadagi mahkamada ko‘rib chiqiladi

Karimova ishi nima haqida?

Mazkur voqealarning ildizi qariyb yigirma yil oldinga borib taqaladi. Ish diqqat markazida O‘zbekiston sobiq prezidentining qizi Gulnora Karimova turibdi. Federal prokuratura (OAG) talqiniga ko‘ra, u O‘zbekiston aloqa bozoriga kirishni istagan kompaniyalardan pora undirish bilan shug‘ullangan «Ofis» nomli keng qamrovli jinoiy tarmoqni tuzgan. Ushbu tizim ko‘p yillar davomida faol ishlagan.

2012 yilda Federal prokuratura Karimova va uning biznes sherigiga nisbatan jinoiy ish ochgan. Ular korrupsiya, jinoiy uyushma tuzish va pul yuvishda ayblanmoqda.

2015 yilda Jenevadagi «Lombard Odier» xususiy bankining sobiq xodimi tergovga tortildi. U 2008–2012 yillar davomida «Ofis»ga aloqador shaxslar uchun bank hisob raqamlarini ochish va boshqarish orqali mablag‘larning asl manbasini yashirishga sharoit yaratib berganlikda gumon qilinmoqda.

«Lombard Odier» bankining o‘zi pul yuvishda bevosita ayblanmayapti. Asosiy savol shundaki, bank o‘z xodimining jinoiy harakatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha zarur nazorat choralarini ko‘rganmi? Bu yuridik tilda «korporativ jinoiy javobgarlik» deb ataladi. Avvalroq Shveysariyaning bir qator banklari, jumladan «Banque Pictet & Cie», «Credit Suisse» va «Bank J. Safra Sarasin» aynan shunday asos bilan jazolangan. Bank 2012 yilda bu holat haqida Shveysariyaning pul yuvishga qarshi kurash idorasiga (MROS) o‘zi xabar bergan va tergov jarayonida rasmiy idoralar bilan to‘liq hamkorlik qilgan.

Nima uchun ish bunchalik uzoq davom etmoqda?

Faktik holatlar qanchalik murakkab bo‘lsa, jarayonning borishi ham shunchalik g‘ayriodatiy kechdi. Ishning bu qadar cho‘zilib ketgani alohida e’tiborga molik: asosiy voqealar 2008 yilga borib taqaladi.

Shveysariya jinoiy odil sudlovi tarixida ilk bor Federal jinoyat sudi so‘roq o‘tkazish maqsadida chet elga safar qildi.

Uzoq yillar davomida mazkur ishning ikki yo‘nalishi turli prokurorlar tomonidan bir-biridan mustaqil ravishda olib borildi. Faqat 2025 yil may oyiga kelib — tergov boshlanganidan o‘n yildan oshiq vaqt o‘tgach — Federal jinoyat sudi Federal prokuraturaning pozitsiyasiga zid ravishda ikkala ishni birlashtirishga qaror qildi. Bunga har ikki yo‘nalishning bir xil voqea va faktlarga asoslangani sabab bo‘ldi. Yakuniy sud majlisi 27-aprel kuniga belgilangan.

Mahkama jarayoni odatiy sud ishlaridan nimasi bilan farq qiladi?

Ish nafaqat cho‘zilib ketgani, balki o‘zining notekis borishi bilan ham ajralib turadi. Jumladan, Karimova va uning biznes sherigiga nisbatan «jinoiy tashkilotda ishtirok etish» ayblovi tergov boshlanganidan faqat o‘n yil o‘tib qo‘shilgan.

Shuningdek, mahkamada istisnoviy tergov harakatlari amalga oshirildi: Shveysariya jinoyat odil sudlovi tarixida birinchi marta Federal jinoyat sudi so‘roq o‘tkazish uchun xorijga safar qildi. 2026 yil boshida sud hayati Toshkentda Karimovani ikkinchi bor so‘roq qilgan. Karimova 2014 yildan buyon O‘zbekistonda qamoqda saqlanmoqda. Uning hibs sharoiti mahkama tafsilotlaridan tashqari, alohida xavotirlarga ham sabab bo‘lmoqda. BMTning inson huquqlari bo‘yicha ishchi guruhi uning hibsga olinishini asossiz deb baholab, xalqaro protsessual meyorlarning bir qator buzilishlarini qayd etgan. Shu bois, huquqshunoslar bu holat Shveysariyadagi jarayonda dalillarning maqbulligi va ularga beriladigan bahoga qanday ta’sir qilishini muhokama qilmoqdalar.

So‘roq jarayonlari ham qattiq cheklovlar ostida o‘tdi: Shveysariya sudyalari savollarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bera olmadi, ular faqat O‘zbekiston Bosh prokuraturasi orqali yo‘llandi. Bundan tashqari, ishtirokchilar oldiga jinoiy javobgarlik tahdidi bilan g‘ayriodatiy maxfiylik talablari qo‘yilgani sababli himoyachi advokatlar so‘roqda qatnashishdan bosh tortishgan. Bu esa olingan ko‘rsatmalarning Shveysariya dalil to‘plash standartlariga mosligi va sudda huquqiy kuchga ega bo‘lishi borasida shubha uyg‘otmoqda.

Hozirda asosiy ayblanuvchilarning Bellinzonadagi mahkamada qatnashish-qatnashmasligi nomalumligicha qolmoqda. Qamoq jazosini o‘tayotgani sababli Karimovaning shaxsan ishtirok etishi ehtimoldan yiroq. Uning sherigining qayerdaligi esa umuman nomalum. Bu vaziyat sud oldida muhim protsessual savollarni ko‘ndalang qilmoqda: mahkamani sirtdan davom ettirish mumkinmi yoki ishning ayrim qismlarini yana alohida ajratish kerakmi?

Nima uchun ish sudga oshirilmoqda?

Shuni alohida qayd etish lozimki, Shveysariyada bu turdagi ishlar odatda sudgacha yetib bormaydi. O‘xshash holatlarda, jumladan Karimovaga aloqador boshqa shaxslar ishida ayblanuvchilar Federal prokuratura tomonidan chiqarilgan jazo buyruqlari asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hukm qilingan. Bunday tartib faqat dalillar rad etib bo‘lmaydigan darajada aniq va faktlar bahssiz bo‘lgandagina qo‘llaniladi.

Biroq mazkur holatda vaziyat boshqacha. Shu sababli Federal prokuratura ishni sudga oshirish orqali ayblovlar va shu paytgacha o‘tkazilgan tergovni ochiq ko‘rib chiqishga qaror qilgan. Bu esa tergovning qay darajada xolis olib borilganiga ham jamoatchilik e’tiborini qaratadi.

Suddan nimani kutish mumkin?

Yuqoridagi omillarni inobatga olsak, mahkama jarayoni qanday kechishini oldindan taxmin qilish juda mushkul. Juda ko‘p holatlar noaniq bo‘lib qolmoqda va ko‘p yillik tergov davomida qator nomuvofiqliklar to‘planib qolgan.

Sudda kim ishtirok etishidan tashqari, qaysi dalillar qabul qilinishi va ularga qanchalik ahamiyat berilishi ham katta jumboq bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, jarayonning haddan tashqari cho‘zilib ketgani va ko‘plab protsessual bosqichlar yakuniy huquqiy bahoga qanday ta’sir qilishi ham eng muhim savollardan biridir.

Teglar

Mavzuga oid