«Mablag‘ bor, resurs bor, go‘sht va kartoshkada hech qanday masala bo‘lmasligi kerak» — Prezident

Qoramol importi qisqarishi va kartoshka narxi oshishi sabablari ochiqlanib, sohadagi sustkashlik uchun mahalliy rahbarlar mas’uliyatini keskin oshirish vazifasi qo‘yildi.

«Mablag‘ bor, resurs bor, go‘sht va kartoshkada hech qanday masala bo‘lmasligi kerak» — Prezident

Logistikadagi uzilishlar tufayli joriy yilning birinchi choragida qoramol importi ikki barobarga qisqardi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida birinchi chorak ko‘rsatkichlarini tarmoq va hududlar kesimida tanqidiy tahlil qilish va yilning qolgan davrida qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Xususan, samolyot orqali tashiladigan har bir naslli qoramol uchun 4 million so‘mgacha subsidiya ajratish, go‘sht importida esa transport xarajatlarining yarmini qoplash mexanizmi joriy etildi. Shu bilan birga, tadbirkorlar uchun muqobil transport koridorlarini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.

Tadbirkor murojaatini kutmasdan, mutasaddi raxbarlar to‘siqlarni oldindan aniqlashi zarur

Rejalarga ko‘ra, ikkinchi chorakda 45 ming tonna, yil yakuniga qadar esa 130 ming tonna go‘sht importini ta’minlash belgilangan. Mutasaddilarga yuk harakatidagi to‘siqlarni oldindan aniqlab, tadbirkorlar murojaatini kutmasdan, onlayn monitoring orqali muammolarni zudlik bilan hal etish topshirildi.

Namanganda yerlarning 74 foiziga hali ekin ekilmagan

Chorvachilikni rivojlantirish uchun ozuqa bazasini mustahkamlash muhimligi ham ta’kidlandi. Joriy yilda 478 ming gektarda ozuqa ekinlari ekish rejalashtirilgan bo‘lsa-da, qator hududlarda ishlar ortda qolmoqda. Xususan, Namanganda yerlarning 74 foiziga hali ekish ishlari amalga oshirilmagani tanqid qilindi.

Zarbdor, Qiziltepa va Pop tumanlarida silos ekish boshlanmagani, Amudaryo, G‘ijduvon, Xonqa va Bag‘dodda ham ishlar qoniqarsiz ekani qayd etildi. Viloyat hokimlariga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berildi.

Qishloq xo‘jaligida yer resurslaridan samarali foydalanish maqsadida yana 100 ming gektar yerni auksionga chiqarish rejalashtirilgan. Bu yerlarni tezkor aylanmaga kiritish va ekish ishlarini jadallashtirish muhimligi alohida urg‘ulandi.

Rejalashtirilgan yerning uchdan ikki qismigagina kartoshka ekilgan

Shu bilan birga, kartoshka yetishtirishda ham muammolar kuzatilmoqda. Rejalashtirilgan 180 ming gektardan atigi 118 ming gektariga ekish ishlari amalga oshirilgan. Ayniqsa, Qashqadaryo va Surxondaryoda ko‘rsatkichlar past bo‘lib, mos ravishda 41 va 44 foizni tashkil etgan.

Bu holat narxlarga ham ta’sir ko‘rsatgan. Mart oyidayoq kartoshka Surxondaryoda 12,4 foizga, Qashqadaryoda esa 9 foizga qimmatlashgani qayd etildi. Kartoshkachilikka ixtisoslashgan Xo‘jaobod, Andijon, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Yangiqo‘rg‘on, Toshloq va Farg‘ona tumanlarida ham ishlar qoniqarsiz deb baholandi.

Sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlar mas’uliyatini oshirish vazifasi qo‘yildi. Davlat rahbari «mablag‘ bor, resurs bor, go‘sht va kartoshkada muammo bo‘lmasligi kerak» deya qat’iy pozitsiya bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid