Giyohvand moddalar, uy mashmashasi va noqonuniy tintuv: Sanjar Karimov sudi bo‘lib o‘tdi

Bugun 20:553 daqiqa

Sud majlisida «Real Sanjik» giyohvand moddalar qayerdan kelgani aytdi. Sudya uy mojarosiga nuqta qo‘yish uchun notariusni sudga chaqirishga qaror qildi.

Giyohvand moddalar, uy mashmashasi va noqonuniy tintuv: Sanjar Karimov sudi bo‘lib o‘tdi © Фото: Kun.uz

Tadbirkor, «Real Sanjik» tahallusi bilan tanilgan bloger Sanjar Karimov uyidan topilgan giyohvand moddalarni otasi shifokor tavsiyasi bilan iste’mol qilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, otasi demensiya kasaliga chalingan.

Bu haqda u bugun, 24-aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida bo‘lib o‘tgan navbatdagi ochiq sud jarayonida so‘z ochdi.

«O‘sha kuni topilgan narkotik moddani men birovdan sotib olmaganman. Otamning paltosidan chiqqandi. Tergovga otamning 2 yillik kasallik varaqasini ham taqdim etganman... Janob sudya bu moddalar marhum otamga tegishli edi. Otam keksaligi tufayli, og‘riqlarini qoldirish maqsadida chekib turardi. Otam vafotidan keyin siqilganda ikki marta chekib ko‘rganman, tan olaman, lekin sotish yoki tarqatish niyatim bo‘lmagan, bu otamdan qolgan meros. Men katta tadbirkorman, bunday ishlar bilan shug‘ullanishga or qilaman», - dedi Sanjar Karimov.

Tintuv noqonuniy edimi?

Sud majlisida advokatlar tintuv jarayonida yo‘l qo‘yilgan qator qonunbuzarliklar haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, Sanjar Karimovning ofisidagi faqat bitta xonani tintuv qilishga ruxsat olingan bo‘lsa-da, amalda to‘rtta xona tekshirilgan. Giyohvand moddalarning bir qismi aynan tintuv uchun ruxsat olinmagan xonalardan topilgani ta’kidlandi.

Shuningdek, tintuvda tezkor tadbir bayonnomasida nomi qayd etilmagan xodimlar ham ishtirok etgani ma’lum bo‘ldi. Sudda so‘roq qilingan ichki ishlar organlari xodimlari buni rahbariyatning og‘zaki topshirig‘i bilan izohladi. Himoya tomoni esa bir vaqtning o‘zida besh nafardan ortiq xodim tintuv o‘tkazgani va bu jarayonda atigi ikki nafar xolis ishtirok etgani jinoyat-protsessual qonunchiligining qo‘pol ravishda buzilishi ekanini bildirdi.

Uy mashmashasi

Sudda Olimboyevalar oilasiga tegishli uy bilan bog‘liq firibgarlik ayblovi ham ko‘rib chiqildi. Sanjar Karimovning ta’kidlashicha, uyning puli oldi-sotdi shartnomasi vaqtida to‘liq berilgan, biroq keyinchalik ushbu mablag‘lar egalarining xohishiga ko‘ra ularning kuyoviga topshirilgan. Karimov hozirgi kunda ushbu uyni egalariga qaytarib berish niyatida ekanini ma’lum qildi.

Shu munosabat bilan, advokatlar sudyadan hozirda Karimovning akasi nomida bo‘lgan uyga qo‘yilgan taqiqni yechishni iltimos qildi. Himoyachilarning fikricha, agar taqiq yechilib, uy Olimboyevalar nomiga qaytarilsa, Karimovga nisbatan qo‘yilgan firibgarlik ayblovi (Jinoyat kodeksining 168-moddasi) bekor qilinishiga asos bo‘ladi.

Olimboyevlarga tegishli uy-joy nizoli bo‘lgani tufayli mazkur turar-joyga nisbatan sud tomonidan Fuqarolik protsessual kodeksining 248-moddasi (Da’voni ta’minlash choralari) 3-qismi bo‘yicha taqiq qo‘yilgan edi. Raislik qiluvchi sudya Bahrom Berdiyev tomonlarning so‘zini tinglab, kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarning oldini olish maqsadida, keyingi sud majlisiga notariusni chaqirgan holda, ushbu uyni sobiq egalariga qayta rasmiylashtirish jarayoni amalga oshirilishi mumkinligini bildirdi.

Majlis davomida Sanjar Karimovning advokatlari Geydar Aliyevni sud hujjatlarini ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilayotganlikda ayblab, uni sud zalidan chiqarib yuborish bo‘yicha iltimosnoma kiritdi. Sudya ushbu iltimosnomani qanoatlantirdi va Geydar Aliyev zaldan chiqarib yuborildi.

Shundan so‘ng, sud majlisida tanaffus e’lon qilinib, keyingi majlis joriy yilning 27-apreliga belgilandi.

Teglar

Mavzuga oid