«Aravasini torta olmayotgan» hokimlarning lavozimga loyiqligi bugunoq ko‘rib chiqiladi

Nurafshon shahar hokimining tadbirkorga yordam berish o‘rniga qayerdan bu ma’lumot prezident darajasigacha yetib borganini qidirish bilan ovora ekani tanqid qilindi.

«Aravasini torta olmayotgan» hokimlarning lavozimga loyiqligi bugunoq ko‘rib chiqiladi © Президент матбуот хизмати

Bugun, 24-aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida ayrim rahbarlar tadbirkorning masalasini hal qilishi o‘rniga o‘zini chetga olayotgani, muammo respublika darajasiga chiqsa, aybini berkitish uchun o‘zini oqlab yurgani tanqid qilindi.

Masalan, Nurafshon shahar hokimi byurokratiya sababli ikki yildan beri qurilishni boshlay olmagan tadbirkorga yordam berish o‘rniga qayerdan bu ma’lumot Prezident darajasigacha yetib borganini qidirish bilan ovora ekani qayd etildi.

Shuningdek, G‘uzor, Narpay, Urganch, Yangiyo‘l, Chinoz (Salixov) tumanlari hokimlari tadbirkorlik infratuzilmasi uchun berilgan tayyor pulga haligacha loyiha boshlamagani ko‘rsatib o‘tildi. Vaholanki, biznes infratuzilmasini yaxshilash uchun ushbu tumanlarga bu yil respublikadan qo‘shimcha 262 milliard so‘m berilgan.

Tegishli viloyatlar hokimlariga nomi aytilgan tuman hokimlari «aravasini torta olmayotgan bo‘lsa», bugunning o‘zida lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.

Teglar

Mavzuga oid