Ukraina front old chizig‘idagi askarlarning 30 foizini jangovar robotlar bilan almashtirmoqchi

Bugun 07:552 daqiqa

Ukraina Qurolli Kuchlari tarixda ilk bor faqat dronlar va yer usti robotlari yordamida dushman pozitsiyasini egallab, askarlarni asirga oldi. Endilikda Ukraina armiyasi inson omilini kamaytirish va yo‘qotishlarning oldini olish uchun jang maydoniga minglab temir askarlarni olib kirmoqda.

Ukraina front old chizig‘idagi askarlarning 30 foizini jangovar robotlar bilan almashtirmoqchi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘tgan haftada Ukraina Qurolli Kuchlari tarixda birinchi marta piyodalar ishtirokisiz, faqat yer usti robotlashtirilgan komplekslari va dronlar yordamida raqib pozitsiyasini egallab, asirlar olganini ma’lum qildi. «Politico» nashrining yozishicha, Xarkiv oblastida o‘tkazilgan ushbu operatsiyada Ukraina shturm guruhlari nishondan 5 km uzoqlikda turib, jangni masofadan boshqargan. Kamikadze robotlar dushman inshootiga zarba berganidan so‘ng, raqib askarlari taslim bo‘lishini bildirgan va havo dronlari hamrohligida asirlikka olib kelingan. Ukraina piyodalari esa birorta o‘q uzmasdan, bo‘shagan pozitsiyani nazoratga olgan.

Bu muvaffaqiyat Ukrainaning 2026-yil uchun belgilagan strategik maqsadi — frontning eng murakkab hududlarida shaxsiy tarkibning 30 foizini texnologiyalar bilan almashtirish rejasining bir qismidir. Hozir Ukraina armiyasida 150 dan ortiq bo‘linmalar jangovar robotlardan faol foydalanmoqda. Rossiya armiyasining son jihatdan ustunligiga va «go‘sht qiymalovchi shturmlar» taktikasiga javoban, Ukraina masofaviy va avtonom urush olib borish tizimiga o‘tmoqda. Karnegi jamg‘armasi hisobotiga ko‘ra, bunday texnologiyalar allaqachon urush xarakterini va harbiy kuch ishlatish usullarini tubdan o‘zgartirib yubordi.

 

Harbiy sohadagi yangi davr

2025-yil boshidan buyon Ukraina Mudofaa vazirligi 40 ga yaqin yangi turdagi robot modellarini ma’qulladi. Agar 2024-yilda ular asosan ikkinchi darajali vazifalarni bajargan bo‘lsa, 2026-yilga kelib jangovar topshiriqlarning asosiy qismi ularning zimmasiga tushmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil yakuni bo‘yicha armiyaga 15 mingta robot yetkazib berilgan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi yarmida yana 25 mingta yer usti komplekslarini sotib olish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan. Bu ko‘rsatkich avvalgi yildagidan ikki barobar ko‘pdir.

Dastavval robotlar faqat yuklarni tashish va yaradorlarni evakuatsiya qilish uchun ishlatilgan bo‘lsa, hozirda ular front logistikasining ajralmas qismiga aylandi. Mart oyining o‘zida ushbu komplekslar frontda 9 mingdan ortiq logistika va evakuatsiya vazifalarini bajargan.

Ukraina hukumati frontdagi ta’minot va logistika tizimini 100 foiz robotlashtirishni maqsad qilgan. Mutaxassislar jangovar robotlarning paydo bo‘lishini XX asr boshlarida pulemyot, tank va samolyotlarning urush maydoniga kirib kelishi bilan solishtirilmoqda. Ukrainaning «askarlar o‘rniga robotlar jang qilsin» degan shiori bugungi kunda zamonaviy urushning asosiy tamoyiliga aylanib bormoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Ukraina front old chizig‘idagi askarlarning 30 foizini jangovar robotlar bilan almashtirmoqchi | Vaqt.uz