O‘zbekistonda hakamlik sudlari vakolatlari qisqartirildi

Yer va mulkka oid nizolar, shuningdek davlat ulushi mavjud korxonalardagi pul undirish ishlari endi hakamlik sudlari vakolatidan chiqarildi.

O‘zbekistonda hakamlik sudlari vakolatlari qisqartirildi © manba: BitNovosti

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 21-aprel kuni imzolangan qonun bilan hakamlik sudlari faoliyatini tartibga solishga qaratilgan muhim o‘zgartishlar kiritildi. Ushbu hujjat orqali nizolarni hal etish tizimini takomillashtirish va davlat moliyaviy resurslari ustidan nazoratni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.

Yangi tartibga muvofiq, ayrim toifadagi ishlar endi hakamlik sudlari vakolatiga kirmaydi. Xususan, yer munosabatlari, binolar va inshootlarga mulk huquqini belgilash bilan bog‘liq masalalar, shuningdek budjet mablag‘lari hamda davlat organlari, davlat ulushi mavjud korxonalar ishtirokidagi pul undirishga oid nizolar mazkur sudlar doirasidan chiqarildi.

Cudyalariga qo‘yiladigan talablar

Qonun hakamlik sudyalariga qo‘yiladigan talablarni ham kuchaytirdi. Endi ular O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tasdiqlaydigan maxsus dastur asosida o‘qitilishi va doimiy ravishda malakasini oshirib borishi shart qilib belgilandi. Bu esa sohada professionallikni oshirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, hakamlik sudlarini noqonuniy tashkil etgan mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobaridan 10 barobargacha jarima belgilandi. Davlat organlari qonunga zid ravishda hakamlik bitimida ishtirok etgan holatlarda ham shunday javobgarlik choralari qo‘llanadi.

Qo‘shimcha ravishda, qonun bilan hakamlik sudlari faoliyatini tashkil etish tartiblari aniqlashtirildi. Ularning huquqiy maqomi, ish yuritish mexanizmlari va qarorlar ijrosiga oid normalar qayta ko‘rib chiqildi. Ayrim holatlarda hakamlik qarorlarini majburiy ijro etish cheklanishi ham nazarda tutilgan.

O‘zgartirish kiritishdan maqsad:

Mazkur o‘zgartirishlar hakamlik sudlari tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirish, nizolarni hal etishda shaffoflikni ta’minlash va davlat mablag‘laridan foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tib kuchga kiradi.

Ma’lumot o‘rnida, hakamlik sudi davlatga tegishli bo‘lmagan, odamlar yoki kompaniyalar o‘rtasidagi nizolarni (ayniqsa biznes bilan bog‘liq masalalarni) hal qiladigan organdir. Bu nizoni ko‘rib chiqish uchun tomonlar o‘zlari tanlaydigan yoki belgilangan tartibda tayinlanadigan shaxs hakamlik sudyasi hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid