Yevropa Ittifoqi ilk bor Qirg‘izistonga qarshi sanksiyalar joriy etdi

Bugun 08:242 daqiqa

Qirg‘iziston sobiq ittifoq respublikalari ichida Rossiyaga sanksiyalarni aylanib o‘tishda yordam bergani uchun Yevropa cheklovlariga duch kelgan ilk davlat bo‘ldi. Yevropa Ittifoqining 20-sanksiyalar paketi doirasida Bishkekka nisbatan maxsus jazo mexanizmi ishga tushirildi.

Yevropa Ittifoqi ilk bor Qirg‘izistonga qarshi sanksiyalar joriy etdi

Yevropa Ittifoqi Qirg‘izistonga nisbatan sanksiyalarni aylanib o‘tishga qarshi kurashish mexanizmini (anti-circumvention tool) ilk bor qo‘lladi. Yevropa Komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, endi Qirg‘izistonga raqamli dastur asosida boshqariladigan dastgohlar, shuningdek, marshrutizator va kommutatorlar kabi telekommunikatsiya uskunalarini eksport qilish butunlay taqiqlanadi. Bu qaror mazkur tovarlarning Qirg‘iziston orqali Rossiyaga reeksport qilinish xavfi yuqori ekani bilan izohlanmoqda.

Ukrainada urush boshlanganidan beri Qirg‘iziston Yevropadan kelayotgan sanksiya ostidagi tovarlar uchun asosiy xablardan biriga aylangan edi.

Tahlillarga ko‘ra, Estoniyadan Qirg‘izistonga eksport hajmi 10000 foizga, Finlyandiyadan 3100 foizga, Polsha va Germaniyadan esa 1000 foizdan ko‘proqqa oshgan. Iqtisodchilarning fikricha, Qirg‘iziston aslida Rossiyaga yo‘naltirilgan Yevropa eksportining bosh manziliga aylanib qolgan.

 

Kriptoaktivlar va banklarga zarba

Sanksiyalar nafaqat tovarlar eksportini, balki moliyaviy tizimni ham qamrab oldi. Xususan, Bishkekda ro‘yxatdan o‘tgan «TengriCoin» yopiq aksiyadorlik jamiyati Yevropaning «qora ro‘yxati»ga kiritildi. Ushbu kompaniya orqali sanksiyalarni aylanib o‘tib transchegaraviy hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun xizmat qiluvchi, rublga bog‘langan A7A5 steyblkoini savdosi olib borilgan. 2026 yil boshiga kelib ushbu instrumentning aylanmasi 100 mlrd dollarga yetgan edi.

Shuningdek, Qirg‘izistonning ikkita yirik banki — «Keremet Bank» va «Kapital Bank» ham Yevropa Ittifoqining sanksiyalariga duch keldi.

Ta’kidlash joizki, YI sanksiyalarining 20-paketi faqat Qirg‘iziston bilan cheklanib qolmadi. Unga O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy, Belarus, Turkiya va BAA kompaniyalari ham kiritilgan. Yevropa Ittifoqi Rossiyaning «xufiyona floti»ga tegishli 46 ta tanker, 12 ta neftni qayta ishlash zavodi va 20 ta yirik bankiga nisbatan ham qat’iy cheklovlar o‘rnatdi.

Teglar

Mavzuga oid