O‘zbekistonliklar banklarga sotib olganidan ko‘ra ikki barobar ko‘proq valuta sotmoqda
2026 yilning birinchi choragida O‘zbekistonda aholi banklarga 6 mlrd dollar miqdorida xorijiy valuta sotgan bo‘lsa, shu davrda 3,2 mlrd dollar chet el valutasi xarid qilingan.

2026 yilning birinchi choragida O‘zbekistonda aholi banklarga sotgan valuta miqdori xarid qilingan valutaga nisbatan ancha yuqori bo‘ldi. Xususan, fuqarolar banklarga 6 mlrd dollar sotgan bo‘lsa, shu vaqtda 3,2 mlrd dollar valuta sotib olgan. Bu haqda Markaziy bank e’lon qilgan “Ichki valuta bozori sharhi”da ko‘rish mumkin.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, aholining valuta operatsiyalari ichki bozorda qo‘shimcha valuta manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. Sotilgan valuta hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobarga oshgan. Shu bilan birga, valuta xarid qilish ham 31 foizga ko‘paygan.
Natijada bozorda ijobiy saldo shakllandi — ya’ni sotilgan va xarid qilingan valuta o‘rtasida 2,9 mlrd dollar farq paydo bo‘ldi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,8 barobar ko‘p va milliy valuta

Yuridik shaxslarning valuta bozoridagi o‘rni
Korxonalarning xorijiy valutaga bo‘lgan talabi ham sezilarli oshgan. 2026 yilning yanvar–mart oylarida ularning valutaga bo‘lgan talabi 23 foizga o‘sgan, valuta taklifi esa 11 foizga ko‘paygan. Bu esa bozorda talab bosimi kuchayganini anglatadi.
Eksport tushumlari valuta manbai bo‘lib qolmoqda. Ushbu davrda eksport orqali 4,2 mlrd dollar valuta kelib tushgan va shundan 2,2 mlrd dollari (52 foiz) ichki bozorda sotilgan.
Bundan tashqari, banklar xorijiy kreditlar hisobiga 2,3 mlrd dollarlik valutani bozorga chiqargan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 65 foizga ko‘p.
Import uchun esa asosan ichki bozordan sotib olingan valuta ishlatilgan — uning ulushi 66,3 foizni tashkil etgan. Korxonalarning o‘z valutasi hisobiga import qilish ulushi esa 22 foiz bo‘lgan.
Sotib olingan valutaning katta qismi ishlab chiqarish uchun sarflangan: 47 foizi uskunalar va xomashyoga, 29 foizi kreditlarni yopishga, 20 foizi esa kundalik tovarlar va dori-darmonlarga yo‘naltirilgan.

Valuta almashuv kursi dinamikasi
I chorak davomida dollar kursi 1,5 foizga oshdi — 1 dollar 12 025,33 so‘mdan 12 210,71 so‘mga ko‘tarildi. Biroq, aprel oyidan boshlab dollar yana qadrsizlanib, 12 000 so‘mga yaqinlashdi.
Shu bilan birga, kursning kunlik o‘zgarishi (tebranuvchanlik) ikki barobarga oshgan.
Mutaxassislar bu holatni iqtisodiy faollik yuqori ekani va importga ehtiyoj ortib borayotgani bilan izohlaydi. Ya’ni korxonalar ko‘proq valuta sotib olayotgani kursga bosim o‘tkazmoqda.
2026 yilning birinchi choragida valuta kursi kunlik o‘rtacha 0,2 foizga (taxminan 29 so‘m) o‘zgargan. O‘tgan yilda bu ko‘rsatkich 0,1 foiz (12 so‘m) atrofida bo‘lgan.
Umuman olganda, aholi tomonidan valuta sotilishi bozorni qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, korxonalarning yuqori talabi kursga ta’sir o‘tkazishda davom etmoqda.






