add

Har kuni o‘zini qiynab ishlagan rahbarning tumanida, bog‘chasi, maktabi, texnikumi, oliygohida albatta o‘zgarish va natija bo‘ladi — Shavkat Mirziyoyev

09.09.2025 | 13:4711505

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar ijrosi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Har kuni o‘zini qiynab ishlagan rahbarning tumanida, bog‘chasi, maktabi, texnikumi, oliygohida albatta o‘zgarish va natija bo‘ladi — Shavkat Mirziyoyev
Yig‘ilishda davlat rahbari ta’limning mamlakat rivoji uchun asosiy omil ekanini yana bir bor ta’kidladi.
«Iqtisodiyot rivojlanishi, yurtimiz va farzandlarimiz kelajagi faqat va faqat ta’lim va muallimga bog‘liq. Sizlar bilan ish boshlagan birinchi kundan aytaman: ta’lim, ta’lim, ta’lim, muallim, muallim, muallim», – dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda o‘qituvchilarga munosib sharoit yaratish, bog‘cha va maktablarni qurish, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash, chetdan mutaxassislarni jalb qilish hamda yangi darslik va o‘quv dasturlarini joriy etish yo‘nalishida qator ishlar amalga oshirilganini qayd etdi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, bu jarayonlar izchil davom ettiriladi. Shu bilan birga, Prezident har bir hokim va ta’lim muassasalari rahbarlari oldidagi mas’uliyatni alohida uqtirdi. Uning fikricha, odamlar farovonligi uchun iqtisodiyot kuchli bo‘lishi zarur va buning uchun yangi tovar, xizmat hamda texnologiya zarur.
«Sifatli ta’lim tizimi orqaligina bularga erisha olamiz. Boshqa yo‘limiz yo‘q. Shu haqiqatni anglab, har kuni o‘zini qiynab ishlagan rahbarning tumanida, bog‘chasi, maktabi, texnikumi, oliygohida albatta o‘zgarish va natija bo‘ladi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘qituvchilar maoshi 10–12 million so‘mga yetdi Prezident Mirziyoyev ta’lim sohasida ustama va islohotlar natijasida ming dollarlik maosh amalda ta’minlanayotganini bildirdi. Ta’lim sohasida oxirgi yillarda amalga oshirilgan islohotlarga to‘xtalib, o‘qituvchilar oyligiga 10 dan ziyod ustamalar joriy etilganini ta’kidladi.
«E’tibor bering, bugun o‘z ustida ishlagan 60 mingdan ortiq o‘qituvchi 10-12 million so‘m maosh olyapti. Bu qachon bo‘lgan?» – dedi Prezident.
Joriy oydan boshlab maktab direktorlari, bog‘cha mudiralari va ularning o‘rinbosarlari oyligi ham 10 million so‘mdan oshdi. Shu bilan birga, yangi baholash tizimiga o‘tgan 1,5 ming maktabning 300 tasi ijobiy natija ko‘rsatgani uchun ularning butun jamoasiga 40 foizgacha ustama belgilandi. Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda o‘qituvchilar oyligini ming dollarga yetkazish haqidagi avvalgi va’dalarini eslatib, bu maqsad so‘nggi uch yilda amalga oshganini ta’kidladi. Davlat rahbari ta’lim tizimidagi islohotlar izchil davom ettirilishi va kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan choralar kuchaytirilishini bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid