add

Harbiy va maxsus yuklar tranziti uchun ruxsat muddati qisqartirildi

24.10.2025 | 13:254561

Maxsus yuklar va harbiy tarkiblar tranzitiga ruxsatnoma berish qarorini qabul qilish muddati 20 kundan oshmasligi belgilandi.

Harbiy va maxsus yuklar tranziti uchun ruxsat muddati qisqartirildi

O‘zbekistonda maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti bo‘yicha qaror qabul qilish tartibi yangicha belgilab berildi. Bu haqda 2025 yil 23 oktyabrda qabul qilingan «Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ–1090-sonli Qonunda bayon etilgan.

Yangi normalarga ko‘ra, tranzit ruxsatnomasini berish yoki uni rad etish haqidagi qaror ariza kelib tushgan kundan boshlab yigirma kalendar kuni ichida qabul qilinishi shart. Avvalgi amaliyotda bu muddat ancha uzoq bo‘lgan, bu esa xalqaro tranzit jarayonlarini sekinlashtirayotgan edi.

Qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish yoki tekshirish zarur bo‘lgan hollarda mazkur muddat o‘n kungacha uzaytirilishi mumkin. Bu o‘zgarishlar, birinchi navbatda, maxsus yuklar va harbiy tarkiblar harakatini tezlashtirish hamda logistikadagi byurokratik to‘siqlarni qisqartirishni maqsad qiladi.

Qonunda shuningdek, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun faoliyat yurituvchi kuchlar tarkibi aniq belgilab berildi. Ularga maxsus vakolatli davlat organlarining harbiy va ixtisoslashtirilgan yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari, Favqulodda vaziyatlar davlat tizimiga kiruvchi ijro hokimiyati organlari hamda boshqa tegishli tuzilmalar kiradi.

Qonunning asosiy maqsadi – strategik yuklar tranzitini xavfsiz va samarali yo‘l bilan tashkil etish, aholi hamda hududlarni favqulodda holatlardan muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan mustahkamlashdan iborat.

Ushbu Qonun rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Teglar

Mavzuga oid