add

Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari iqtisod, logistika va raqamli sheriklikni muhokama qildi

Nyu-Delida bo‘lib o‘tgan «Hindiston — Markaziy Osiyo» tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichlari muhokama qilindi. Yig‘ilishda iqtisodiyot, logistika, raqamli infratuzilma va noyob yer metallari bo‘yicha aniq tashabbuslar ilgari surildi.

Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari iqtisod, logistika va raqamli sheriklikni muhokama qildi
6 iyun kuni Nyu-Deli shahrida «Hindiston — Markaziy Osiyo» muloqotining 4-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda mintaqalar o‘rtasidagi savdo, investitsiya, transport va raqamli hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov «ko‘p maqsadlarga erishildi, yangicha tashabbuslar bildirildi, oldinda katta ishlar turibdi», deya yig‘ilish yakunlarini baholadi. Hindiston tomoni xalqaro «Shimol – Janub» transport koridorini faolroq ishlatish tarafdori ekanini bildirdi. O‘zbekiston va Turkmaniston bu loyihada institutsional ishtirokga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi. Qozog‘iston esa bu marshrutni Xitoyning «Bir kamar — bir yo‘l» tashabbusi bilan bog‘lash bo‘yicha alohida taklifni taqdim etdi. Ishonchli logistika hamkorligi doirasida Erondagi Chobahor porti, xususan, Shaxid-Beheshti terminali orqali Markaziy Osiyo davlatlarini xalqaro yuk tashish zanjiriga bog‘lash masalasi ham ko‘tarildi. Bu mintaqa mamlakatlari uchun tashqi bozorlarga chiqishdagi xavflarni kamaytirish imkonini beradi. Raqamli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha Hindiston o‘z tajribasini taqdim etdi. India Stack platformasi, ya’ni Aadhaar, UPI va elektron hujjat aylanmasi kabi yechimlar taklif etildi. O‘zbekiston mazkur sohada raqamli sheriklik forumini tashkil etish tashabbusini bildirdi va u qo‘llab-quvvatlandi. Uchrashuvda noyob yer metallari va strategik minerallarni o‘rganish ham alohida mavzulardan biri bo‘ldi. Bu bo‘yicha 2024 yilda o‘tkazilgan birinchi forumning davomini tashkil etish taklifi ilgari surildi. Kelgusi vazirlar uchrashuvi 2026 yilda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Shuningdek, 2025 yil oxiriga qadar «Hindiston — Markaziy Osiyo» ikkinchi sammiti o‘tkaziladi.

Teglar

Mavzuga oid