
Huquqbuzarlik darajasi yuqori hududlar samolyot yordamida monitoring qilinadi
19.09.2025 | 13:306083
18 sentyabrda qabul qilingan qarorga asosan, yer nazoratining yagona elektron platformasi tashkil etiladi va yer qonunchiligini buzgan holatlar kuzatuvlari jihatidan qat’iy choralar ko‘riladi.

2025 yil 18 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yerga oid korrupsion omillarning oldini olishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, Kadastr agentligining «Ye-YER NAZORAT» tizimi davlat yer nazoratini yuritishning yagona elektron platformasi bo‘ladi.
Qarorga asosan, 2026 yil 1 yanvardan boshlab, maxsus vakolatli davlat organlari yer qonunchiligini buzgan holatlar, shu jumladan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash va ularga tegishli choralar ko‘rish kabi vazifalarni faqatgina mazkur elektron tizim orqali amalga oshirishadi.
Yordamchi choralar sifatida yerga oid huquqbuzarlik darajasiga ko‘ra hududlar «qizil», «sariq» va «yashil» toifalarga bo‘linib, har bir toifadagi hududlar uchun monitoring kuzatuvlari belgilandi. «Qizil» toifadagi hududlarda maxsus dronlar orqali har chorakda kamida 1 marta, «sariq» toifadagi hududlarda esa har 6 oyda maxsus samolyot yordamida monitoring olib boriladi.
Bunday tadbirlar korrupsiyaviy holatlarning oldini olish va yer resurslarini samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, ular davlat organlarining nazorat va hisobdorligini kuchaytirishga qaratilgan.





