add

Infarkt va insultga qarshi «oltin soat» tamoyili joriy etiladi

Kecha 22:503 daqiqa

«Infarkt va insultga qarshi kurashish» milliy dasturi 2026 yil 1-maydan Samarqand va Toshkentda, yil yakuniga qadar Farg‘ona vodiysida, 2027 yildan esa butun respublikada amal qila boshlaydi.

Infarkt va insultga qarshi «oltin soat» tamoyili joriy etiladi© Фото: president.uz

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda, avvalo, o‘tkir yurak qon-tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish va davolashni takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Rejaga ko‘ra, «Stent for Life» va «Action Plan for Stroke» xalqaro dasturlari asosida ishlab chiqilgan «Infarkt va insultga qarshi kurashish» milliy dasturi 2026 yil 1-maydan boshlab Samarqand viloyati va Toshkent shahrida, 1-oktabrdan Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida, 2027 yildan esa boshqa hududlarda amaliyotga joriy etiladi.

Milliy dastur doirasida 30 yoshdan oshgan aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish hamda natijasiga ko‘ra aniqlangan xavf guruhiga mansub fuqarolarni maqsadli tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazish hamda bemorlarga shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatish algoritmlari va klinik marshrutlarini amaliyotga joriy etish nazarda tutilgan.

«Oltin soat» tamoyili va shoshilinch yordam

Shuningdek, mazkur kasalliklarda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishda xalqaro standartlarga muvofiq «oltin soat» tamoyilining vaqt me’yorlari joriy etiladi.

Taqdimotda tez tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnik va raqamli imkoniyatlarini keskin oshirishga qaratilgan choralar ham keltirildi. Brigadalar telemetrik elektrokardiograf va monitorli defibrillyatorlar bilan ta’minlanadi. Shu jumladan, EKG natijalarini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish va axborot tizimi orqali yuborish, shuningdek, tez tibbiy yordam brigadalari va shifoxonalar o‘rtasida real vaqt rejimida ma’lumot almashish imkoniyati yaratiladi.

Tibbiyotda sun’iy intellekt imkoniyatlari

Statsionar tibbiyot muassasalarida insultni sun’iy intellekt asosida tashxislash imkoniyati yaratilib, bemorlarning harakat marshruti raqamlashtiriladi. Shifoxonalar esa shoshilinch holatlarda jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun tromb erituvchi dori vositalari hamda zarur sarflov materiallari bilan ta’minlanadi.

Shoshilinch statsionar tibbiy xizmat ko‘rsatishga nodavlat tibbiyot tashkilotlarini jalb qilish, o‘tkir yurak-qon tomir va bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi holatlarida ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladi.

Milliy dastur doirasida “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimida bemorlar hamda xavf guruhidagi aholining elektron reyestri yuritilishi ta’minlanadi.

Profilaktika va ommaviy targ‘ibot ishlari

Aholi o‘rtasida profilaktika va targ‘ibot ishlariga ham alohida urg‘u berildi. OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ijtimoiy roliklar, infografika, animatsiya va qisqa metrajli videoroliklar tarqatish, bozor va savdo markazlari yaqinida bilbord va bannerlar joylashtirish, ta’lim muassasalari, korxona va mahallalarda infarkt va insult alomatlarini barvaqt aniqlash bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, «Angels Initiative» xalqaro tashabbusining «FAST Heroes» dasturi asosida maktab o‘quvchilari uchun maxsus mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Har yili 29-sentabr – Butunjahon yurak kuni va 29-oktabr – Butunjahon insultga qarshi kurashish kuni munosabati bilan bepul qon bosimi, qand va xolesterin ko‘rsatkichlarini o‘lchash, aholining shoshilinch yordam ko‘rsatish bo‘yicha savodxonligini oshirishga qaratilgan ommaviy tadbirlar o‘tkaziladi.

Dasturni moliyalashtirishga 2026 yilda 239 milliard so‘m, 2027 yildan boshlab 280 milliard so‘m ajratilishi ta’kidlandi.

Taqdimotda, shuningdek, 2026-2030 yillarda qon bilan ishlash xizmatini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Teglar

Mavzuga oid