
Isroil bosh vaziri Xomanaiy qatli Eron bilan urushni tugatishi mumkinligini aytdi
17.06.2025 | 17:2035013
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu oyatulloh Ali Xomanaiy qatlini Eron bilan harbiy to‘qnashuvni tugatish yo‘li sifatida ko‘rmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu zo‘ravonlikni kuchaytirish emas, aksincha, mintaqaga tinchlik olib keladi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ABC News telekanaliga bergan intervyusida oyatulloh Ali Xomanaiyga qarshi suiqasd rejasini ommaga ochiq bildirdi. U AQSH prezidenti Donald Trampning bunday rejaga qarshi chiqqani haqidagi xabarlarga izoh berib, «bu urushni tugatishga xizmat qiladi», dedi.
Netanyahu Tehronni Yaqin Sharqdagi asosiy tahdid sifatida ko‘rsatib, Eron rahbariyatini terrorchilik guruhlarini qo‘llab-quvvatlayotganlikda aybladi. Uning fikricha, Eron yadroviy urush xavfini kuchaytirmoqda va bu xavfning oldini olish uchun qat’iy choralar ko‘rish zarur.
Isroil rahbari, shuningdek, Tehronning AQSH bilan muzokaralarga tayyorligi haqidagi bayonotlarini firibgarlik sifatida baholadi. U Eron bir vaqtning o‘zida ham yadroviy dasturini rivojlantirish, ham ballistik raketalar zaxirasini oshirishni maqsad qilganini ta’kidladi. «Buning oldi olinadi», dedi u.
13 iyunga o‘tar kechasi Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiya boshladi. Unda yadroviy va harbiy ob’ektlar nishonga olindi, natijada Eronning bir necha yuqori darajali harbiy va yadroviy mutaxassislari halok bo‘ldi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, operatsiya oldidan Isroil oyatulloh Xomanaiyga qarshi to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berish imkonini hisoblab chiqqan.
Iran International esa Xomanaiy hujumlar boshlanishi bilan Tehronning shimoli-sharqidagi bunkerga yashiringani va oila a’zolari bilan u yerda ekanini ma’lum qildi. Netanyahu esa Eron xalqiga murojaat qilib, ularni amaldagi «zulm rejimi»ga qarshi kurashishga chaqirdi. Netanyahuning ta’kidlashicha, go‘yoki Erondagi aholining 80 foizi hukumatni almashtirishni istaydi.





