
Isroilning G‘azoga havo zarbalari kuchaydi — 30 falastinlik halok bo‘ldi
19.05.2025 | 15:0137033
G‘azo sektoridagi bir qator aholi joylari va qochqinlar lagerlariga Isroil tomonidan yo‘llangan yangi havo zarbalari oqibatida bir kunda kamida 30 falastinlik halok bo‘ldi, qurbonlar orasida bolalar ham bor.

Anadolu agentligining xabar berishicha, so‘nggi 24 soat ichida Isroil harbiylari G‘azo sektori bo‘ylab turli hududlarga keng ko‘lamli havo zarbalari amalga oshirdi. Hujumlar doirasida Xon Yunus shahridagi aholi yashaydigan uylar va vaqtinchalik chodirlarga berilgan 14 ta zarba natijasida 15 nafar tinch fuqaro halok bo‘ldi.
Jabaliya qochqinlar lagerining g‘arbiy qismida, al-Faluja bozori yaqinidagi fuqarolik hududiga yo‘naltirilgan zarba oqibatida yana 5 kishi qurbon bo‘lgani qayd etildi. G‘azo shahridagi al-Yarmuk mahallasidan esa 2 kishining jasadi topilgan.
Sektorning markazida joylashgan Dayr-ul-Balah va Nusayrat lagerlariga yo‘llangan zarbalar 8 fuqaroning, jumladan, 3 bola va bir ayolning hayotiga zomin bo‘ldi. Shuningdek, Xon Yunus shimolidagi al-Karara hududi Isroil artilleriyasi tomonidan o‘qqa tutildi. Nasr shifoxonasi yaqinidagi himoyalangan hudud ham zarbaga uchradi, ammo bu yerda qurbonlar qayd etilmadi.
Isroil armiyasi G‘azo sektorida yerdan to‘liq qurolli operatsiya boshlaganini e’lon qildi. «Okkupatsiyani kengaytirish va mustahkamlash» maqsadida amalga oshirilayotgan ushbu harakatlar doirasida falastinliklardan janubga evakuatsiya qilish talab qilinmoqda. Hududlarga ogohlantiruvchi varaqalar tarqatilmoqda.
BMT va xalqaro tashkilotlar mazkur harbiy operatsiya kengayishi insonparvarlik inqirozini yanada chuqurlashtirishi mumkinligidan ogohlantirdi. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarida Rafahda vaqtinchalik humanitar lagerlar barpo etilayotgani aks etgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon G‘azoda halok bo‘lgan falastinliklar soni 53 ming 339 nafarga, yaralanganlar soni esa 121 ming 34 nafarga yetgan.





