add

Jahon iqtisodiyoti o‘sishi 2026 yilda 2,7 foizgacha sekinlashadi — BMT

Kecha 16:252 daqiqa

BMT prognoziga ko‘ra, 2026 yilda jahon iqtisodiyoti o‘sishi sekinlashib 2,7 foizni tashkil etadi, savdo tariflari va geosiyosiy noaniqliklar asosiy omil bo‘lib qolmoqda.

Jahon iqtisodiyoti o‘sishi 2026 yilda 2,7 foizgacha sekinlashadi — BMT

BMT tomonidan tayyorlangan «Jahon iqtisodiy ahvoli va istiqbollari» hisobotiga ko‘ra, 2026 yilda global iqtisodiy o‘sish 2,7 foizgacha pasayadi. Bu 2025 yildagi 2,8 foizlik ko‘rsatkichdan past bo‘lib, hatto 2027 yilda kutilgan 2,9 foizli tiklanish ham pandemiyagacha bo‘lgan o‘rtacha darajadan past qoladi.

Hisobotda qayd etilishicha, 2010–2019 yillarda jahon iqtisodiyoti o‘rtacha 3,2 foizlik sur’atda o‘sgan. Hozirgi prognozlar esa global iqtisodiy faollikning barqaror, ammo sust sur’atda davom etishini ko‘rsatmoqda, deb yozmoqda «Reuters».

BMT tahlilchilari AQSH tomonidan 2025 yilda joriy etilgan yuqori savdo tariflari yangi keskinlikni keltirib chiqarganini ta’kidlaydi. Biroq keng ko‘lamli savdo urushining oldi olingani global savdoning keskin qulashini chekladi. Oldindan yuborilgan tovarlar, zaxiralarni ko‘paytirish va yumshoq pul-kredit siyosati fonida barqaror iste’mol xarajatlari iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatladi.

Yirik iqtisodiyotlar bo‘yicha prognozlar quyidagicha: AQSH iqtisodiyoti 2025 yilda 1,9 foizgacha sekinlashgan, 2026 yilda 2,0 foiz va 2027 yilda 2,2 foiz o‘sish kutilmoqda. inflatsiya tarif siyosatining oqibatlari sabab hali ma’lum muddat 2 foizlik maqsaddan yuqori qolishi mumkin.

Xitoyda 2026 yilda o‘sish 4,6 foiz darajasida baholanmoqda. AQSH bilan savdo ziddiyatlarida vaqtinchalik yumshash va ayrim bojlarni kamaytirish investorlar ishonchini barqarorlashtirgan. Yevropa Ittifoqida esa o‘sish 1,3 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda, asosiy xavflar esa AQSH bojlari va geosiyosiy noaniqlik bilan bog‘liq.

Hindiston 2026 yilda ham eng tez o‘suvchi iqtisodiyotlardan biri bo‘lib qoladi — 6,6 foiz. Kuchli ichki iste’mol va investitsiyalar tashqi savdodagi salbiy ta’sirlarni qoplashi mumkin.

BMT ta’kidlashicha, makroiqtisodiy siyosatni qo‘llab-quvvatlash savdo cheklovlarining salbiy oqibatlarini yumshatadi. Biroq qisqa muddatda xalqaro savdo va umumiy iqtisodiy faollik o‘rtacha sur’atda qolishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid