
«Jazoni yengillashtirib bermoqchi» bo‘lgan advokatlarning o‘zi endi hamkasblari xizmatiga muhtoj
19.10.2025 | 11:0027713
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari Toshkentda ikki advokatni pora olayotganda qo‘lga oldi. Ular qamoqdagi mijozga uy qamog‘iga chiqishga yordam berish evaziga 14 ming dollar talab qilgan.

Toshkent shahrida advokatlik byurosi advokati hamda advokatlik hay’ati advokati o‘z xizmat mavqeini suiiste’mol qilgan holda pora olish jinoyatida fosh etildi. Ular Uchtepa tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tergov bo‘limi olib borayotgan jinoyat ishi bo‘yicha qamoqda saqlanayotgan fuqaroning ehtiyot chorasini o‘zgartirishni va’da qilib, pul talab qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Uchtepa tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining Tergov bo‘limi tomonidan Olmazor tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida unga qo‘llanilgan qamoqqa ehtiyot chorasini tanishlari orqali uy qamog‘i ehtiyot chorasiga o‘zgartirib berish evaziga 14 ming AQSH dollari talab qilishadi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida ular pulni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a, v» bandlari va 28 orqali 211-moddasi 2-qismi «b» bandi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.





