JCH-2026 uchun yakuniy tarkib, birjadagi 243 milliardlik savdo va Qizilqumda paydo bo‘lgan ko‘l — 2-iyun dayjesti

Bugun 22:462 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

JCH-2026 uchun yakuniy tarkib, birjadagi 243 milliardlik savdo va Qizilqumda paydo bo‘lgan ko‘l — 2-iyun dayjesti

O‘zbekistonning mundial uchun 26 kishilik tarkibi ma’lum bo‘ldi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining JCH-2026 uchun 26 kishilik yakuniy tarkibi shakllantirildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bosh murabbiy Fabio Kannavaro kengaytirilgan 30 kishilik ro‘yxatdan to‘rt nafar futbolchini chiqarib tashlagan. Natijada Sherzod Temirov, Jasur Jaloliddinov, Ruslanbek Jiyanov va Umarali Rahmonaliyev yakuniy tarkibdan o‘rin olmadi.

O‘zbekiston tarkibidan O‘tkir Yusupov, Botirali Ergashev, Abduvohid Ne’matov, Farruh Sayfiyev, Hojiakbar Alijonov, Sherzod Nasrullayev, Behruz Karimov, Avazbek O‘lmasaliyev, Jahongir O‘rozov, Rustam Ashurmatov, Umar Eshmurodov, Abduqodir Husanov, Abdulla Abdullayev, Otabek Shukurov, Jamshid Iskanderov, Aziz G‘aniyev, Sherzod Esanov, Odil Hamrobekov, Akmal Mozgovoy, Eldor Shomurodov, Abbos Fayzullayev, Jaloliddin Masharipov, Doston Hamdamov, Oston O‘runov, Aziz Amonov va Igor Sergeyev o‘rin olgan. Terma jamoa mundialda ishtirok etadigan 26 nafar futbolchi ro‘yxatini FIFAga taqdim etgan.

May oyida birjada aksiyalar savdosi 243 mlrd so‘mdan oshdi

2026 yil may oyida «Toshkent» respublika fond birjasida aksiyalar savdosining umumiy hajmi 243,27 mlrd so‘mni tashkil qildi. Hisobot davrida jami 60 084 ta bitim tuzilgan bo‘lib, savdolarning 23,67 mlrd so‘mi yoki qariyb 10 foizi asosiy savdo maydonchasi hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Asosiy savdo maydonchasida eng katta aylanma «UzNIF» aksiyalarida qayd etilib, savdo hajmi 12,18 mlrd so‘mga yetdi. Keyingi o‘rinlarda «Hamkorbank» (2,79 mlrd so‘m), «O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi» (2,25 mlrd so‘m) va «Uztelecom» (1,44 mlrd so‘m) aksiyalari joylashgan. Shu bilan birga, «UzNIF», «Ipotekabank» va «Uztelecom» aksiyalari savdosida o‘sish kuzatilgan bo‘lsa, ayrim bank va birja aksiyalarida faollik pasaygan.

Yevropa rad etgan migrantlarni O‘zbekiston qabul qiladimi?

«Politico» nashri Yevropa Ittifoqi boshpana berish rad etilgan migrantlar uchun uchinchi davlatlarda maxsus markazlar tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani va bu jarayonda O‘zbekiston hamda Qozog‘iston nomi tilga olingani haqida xabar berdi.

Biroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur xabarni rad etdi. Vazirlik matbuot kotibi Omonulla Fayziyevning bildirishicha, Yevropa Ittifoqi bilan bu masalada hech qanday muzokaralar olib borilmayapti va bunday muzokaralar rejalashtirilmagan. Qozog‘iston rasmiylari ham o‘z hududida migrantlar markazlarini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar bo‘lganini inkor qildi.

Qizilqum cho‘lida anomal yomg‘irlardan so‘ng yirik ko‘l paydo bo‘ldi

Buxoro viloyati Peshku tumanidagi Gazli shaharchasi yaqinida so‘nggi yarim yilda me’yordan uch baravar ko‘p yog‘ingarchilik kuzatilishi natijasida katta suv havzasi paydo bo‘ldi. Ilgari suvsiz bo‘lgan «Sho‘rbuloq» hududida shakllangan ko‘lning maydoni hozirda taxminan 80 kvadrat kilometrga yetgan.

Mutaxassislarga ko‘ra, ko‘lning paydo bo‘lishiga nafaqat anomal yomg‘irlar, balki gidrotexnik ishlar ham ta’sir ko‘rsatgan. Baliqchilikni rivojlantirish uchun qazilgan kanallar va sizot suvlarining yo‘naltirilishi natijasida suv havzasi shakllangan bo‘lib, unga suv 126 kilometrlik kollektor kanali orqali kelib tushmoqda.

Teglar

Mavzuga oid