Jinoyat ishidan so‘ng yangi mansab olgan sobiq hokim, poytaxtdagi «svet» o‘chishlarini o‘rganuvchi komissiya va Yangi Toshkentga ko‘chirilayotgan Navoiy muzeyi — 6-iyul dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Toshkentdagi yirik elektr uzilishlari ortidan maxsus komissiya ish boshladi
Energetika vazirligi Toshkent shahrida so‘nggi vaqtlarda kuzatilgan avariyaviy elektr uzilishlari sabablarini o‘rganish uchun maxsus komissiya tuzilganini ma’lum qildi. Komissiya elektr tarmoqlari holati, avariyalar kelib chiqishi, uskunalarning texnik holati va himoya tizimlari samaradorligini tahlil qiladi.
28-iyun kuni Yakkasaroy tumanidagi «Yuksak» podstansiyasida sodir bo‘lgan avariya oqibatida Toshkent shahri va viloyatida elektr ta’minotida uzilish kuzatilgan edi. Holat 55 mingta iste’molchi va ayrim kichik ishlab chiqarish korxonalariga ta’sir ko‘rsatgan.
Yillik inflatsiya 6,4 foizga yetdi. O‘zbekistonliklar cho‘ntagiga nima qimmatga tushdi, nima arzonga?
O‘zbekistonda 2026 yil iyun oyida inflatsiya 0,6 foizni tashkil etib, yillik ko‘rsatkich 5,5 foizdan 6,4 foizga oshdi. Narxlar o‘sishiga asosan ko‘mir, yoqilg‘i, elektr energiyasi va gaz tariflarining qimmatlashishi ta’sir qildi.
Iyun oyida qo‘y go‘shti, mol go‘shti, guruch, sut mahsulotlari, benzin va propan narxi oshdi. Mavsumiy hosil sabab baqlajon, pomidor, bulg‘or qalampiri, bodring va kartoshka arzonlashdi, biroq bu umumiy inflatsiya o‘sishini to‘xtatib qolmadi.
Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi Yangi Toshkentga ko‘chiriladi
Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi Yangi Toshkentga ko‘chiriladi. Fanlar akademiyasi muzey faoliyati to‘xtatilmasligi, ishlar noyob qo‘lyozmalar va eksponatlarni xavfsiz saqlash hamda yangi binoga ko‘chirish jarayoni bilan bog‘liqligini ma’lum qildi.
Yangi bino ishga tushgunga qadar qo‘lyozmalar va arxiv materiallari Islom sivilizatsiyasi markaziga, boshqa eksponatlar esa Fanlar akademiyasining Antropologiya institutiga vaqtincha joylashtiriladi. Muzeyning 1934 yilda qurilgan hozirgi binosi 1968 yildan buyon kapital ta’mirlanmagan.
Toshkentda kanalizatsiya suvi kanalga oqizilgani yuzasidan tekshiruv boshlandi
Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi «Better Best» MCHJ qurilish hududida kanalizatsiya quvuri yorilishi oqibatida chiqqan oqova suvlar Salar kanaliga oqizilgani aniqlandi. Holat yuzasidan Ekologiya boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilib, o‘rganish ishlari boshlandi.
Kanal suvidan namunalar olinib, laboratoriya tahliliga yuborildi. Tekshiruv yakuniga ko‘ra, atrof-muhitni muhofaza qilish talablari buzilgani tasdiqlansa, aybdorlarga nisbatan qonunchilik asosida chora ko‘riladi.
Jinoyatda gumonlangan sobiq hokimga Surxondaryoda yangi mansab berildi
Muzrabot tumanining sobiq hokimi Erkin Alimov O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U 2018–2022 yillarda Muzrabot tumani hokimi lavozimida ishlagan.
2022 yilda DXX Alimovga nisbatan o‘zlashtirish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va mansab soxtakorligi moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgandi. U 1,7 mlrd so‘mlik 4,2 gektar yer maydonini auksionsiz yaqin qarindoshlariga rasmiylashtirib berishda gumonlangan, ammo jinoyat ishi yakuni bo‘yicha rasmiy ma’lumot berilmagan.





