
Jizzaxlik migrant Rossiyaning Ukrainadagi urushida qatnashgani uchun 3 yilga qamaldi
18.10.2025 | 08:0028315
Rossiya armiyasi safida xizmat qilgan O‘zbekiston fuqarosi Jizzax viloyati sudi tomonidan 3 yil 1 oyga ozodlikdan mahrum etildi. U urushda qatnashib Rossiya fuqaroligini olgan va Kalugada uy sotib olgan.

Jizzax viloyati Baxmal tumanida yashovchi B.M. Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida ishtirok etgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. «Gazeta» nashrining xabar berishicha, ish materiallari JIB G‘allaorol tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u 2010 yilda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tizimida shartnoma asosida xizmat boshlagan va Andijon viloyatidagi havo hujumidan himoya qo‘shinlariga tegishli qismda haydovchi bo‘lib ishlagan. 2018 yilda oilaviy sabablarga ko‘ra harbiy xizmatni tark etib, Moskvaga mehnat muhojirligiga ketgan. 2023 yilda ishsiz qolgach, Rossiya Mudofaa vazirligi e’lon qilgan chaqiriq orqali armiyaga haydovchi sifatida qabul qilingan.
U Tolyatti yaqinidagi qismda uch oylik tayyorgarlik kursini o‘tab, keyin Ukrainaning Luhansk oblasti Mirne qishlog‘iga yuborilgan. U yerda yoqilg‘i, oziq-ovqat va kiyim yetkazish bilan shug‘ullanganini, ammo to‘g‘ridan to‘g‘ri jang harakatlarida qatnashmaganini aytgan.
2024 yil iyulida uning shartnomasi tugagan. Shu paytda u Rossiya fuqaroligini olgani va keyinroq Kaluga oblastida ikki xonali kvartira xarid qilgani ma’lum bo‘lgan. Harbiy xizmat davrida u oyiga avval 43,5 ming, keyin 210 ming rubl maosh olgan.
B. M. ikkinchi marta ham kontrakt asosida xizmatga kirgan — bu safar bosib olingan Qrim yarimorolidagi Sevastopol shahridagi dengiz kuchlari qismida. U yerda u dronlardan himoya qilish vazifasini bajargan. Yaralanib, bir oy Moskvadagi hospitalda davolangach, Samarqandga qaytib kelgan va shu yerda uning urushda qatnashgani haqida ma’lumot bergan fuqaro orqali huquq-tartibot organlari uni ushlagan.
Sud hukmida qayd etilishicha, u Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu imzolagan «Jang harakatlarida qatnashgani uchun» medali, prezident Vladimir Putin nomidan «Jasorat uchun» II darajali ordeni va harbiy qism qo‘mondonidan «Spetsnaz» medali bilan taqdirlangan.
Ayblanuvchi sudda to‘liq aybini tan olgan va pushaymonligini bildirgan. Sud uning voyaga yetmagan to‘rt farzandi va qariya ota-onasini hisobga olib, jazoni yengillashtirgan.
G‘allaorol tuman sudi hukmiga ko‘ra, B.M. Jinoyat kodeksining 154-moddasi (urushga yollanish) va 228-moddasi 2-qismi «a» bandi (Hujjatlarni soxtalashtirish yoki foydalanish) bo‘yicha aybdor deb topildi va 3 yil 1 oyga ozodlikdan mahrum etilib, umumiy tartibdagi koloniyaga jo‘natildi.





