Kadastrdan sertifikatgacha. Endi o‘qituvchilarga ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatishda 50 foiz chegirma beriladi

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan hukumatning ayrim qarorlariga pedagoglarga chegirmalar berishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Kadastrdan sertifikatgacha. Endi o‘qituvchilarga ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatishda 50 foiz chegirma beriladi © Фото: «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi 175-son qarori bilan hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, ta’lim tashkilotida mehnat shartnomasi asosida ta’lim va tarbiya sohasida kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi pedagog shaxslar uchun quyidagi davlat xizmatlari narxi xizmatlar umumiy qiymatining 50 foizini tashkil qilishi belgilandi:

*ko‘chmas mulk obyektlarining davlat kadastri sohasida davlat xizmatlari;

*muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bo‘yicha davlat xizmatlari;

*umumta’lim fanlarini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish bo‘yicha davlat xizmatlari;

*traktorchi-mashinist guvohnomasini olish uchun imtihon topshirishga ruxsat berish byo‘icha davlat xizmatlari;

*rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish bo‘yicha davlat xizmatlari va boshqalar.

Direktor va direktor o‘rinbosarlari uchun o‘quv kurslari

Shuningdek, kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar direktor va direktor o‘rinbosarlari 5 yilda 1 marotaba ishdan ajralgan holda, Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil qilinadigan menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitilishi belgilandi.

Bundan tashqari, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlardagi o‘quvchilarni o‘qishdan chetlashtirish, boshqa yo‘nalishga o‘tkazish va o‘quvchilar o‘qishini ko‘chirish tartibi belgilandi.

Teglar

Mavzuga oid