add

Kannavaro: «Kapadze bilan falsafamiz o‘xshash, u bilan ishlash oson»

08.10.2025 | 21:1521655

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Kuvaytga qarshi o‘yin oldidan jamoa tayyorgarligi va mahalliy mutaxassis Timur Kapadze bilan hamkorligi haqida gapirdi.

Kannavaro: «Kapadze bilan falsafamiz o‘xshash, u bilan ishlash oson»
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi, italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro Kuvaytga qarshi bo‘ladigan o‘rtoqlik uchrashuvi arafasida matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda u jamoa tayyorgarligi, taktik yondashuv va mahalliy mutaxassislar bilan ishlash jarayoni haqida fikr bildirdi. Kannavaro har bir o‘yin — hatto o‘rtoqlik uchrashuvi ham jiddiy tayyorgarlikni talab qilishini ta’kidladi. «Futbolchi yoki murabbiy bo‘lishingizdan qat’i nazar, har bir bahsga maksimal tayyorgarlik bilan chiqish shart. Men doimo shogirdlarimdan shuni talab qilaman», — dedi u. Murabbiy jamoaga bu yig‘in uchun chaqirilgan barcha futbolchilardan foydalanishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, hozirgi tarkibdagi o‘yinchilar jismoniy va ruhiy jihatdan eng yaxshi holatda. «Har bir futbolchi bilan shaxsan suhbatlashamiz. Tayyor bo‘lganlar maydonga tushadi», — dedi Kannavaro. Jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Kannavaro yaqinda jamoaga chaqirilgan Azizjon Turg‘unboyev va Umar Eshmurodov haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularning so‘nggi o‘yinlarini kuzatib, jamoaga chaqirish zarur deb hisoblagan. Biroq ikki nafar futbolchi hozircha jarohat olgan. Kannavaro mahalliy mutaxassis Timur Kapadze bilan ishlash jarayoni haqida ham fikr bildirdi. «Biz har kuni birgalikda ishlayapmiz. Falsafamiz o‘xshash, u o‘zbek futbolida katta tajribaga ega. Menda mahalliy murabbiylar bilan ishlashda hech qanday muammo yo‘q. Hatto yaqin vaqtda yana boshqa mahalliy mutaxassislarni ham jalb qilishimiz mumkin», — dedi italiyalik mutaxassis. Bosh murabbiy jamoaning taktik sxemasi haqida so‘z yuritar ekan, 3 ta markaziy himoyachi bilan o‘ynash usuli hujumni tez boshlash imkonini berajagini ta’kidladi. «Men uchun muhim narsa — 11 nafar futbolchining bir-birini tushunishi. Faoliyatim davomida ko‘plab buyuk murabbiylar bilan ishladim va ulardan katta tajriba oldim», — dedi Kannavaro. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi 9 oktyabr kuni Kuvayt, 13 oktyabrda esa Urugvay bilan o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazadi.

Teglar

Mavzuga oid