Kelajakka maktub: AQSH 250 yildan keyin ochiladigan «vaqt kapsulasi»ni yerga ko‘madi
Amerika mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan yer ostiga maxsus vaqt kapsulasi joylashtiriladi. Uni faqat 2276 yilda ochish rejalashtirilgan.

AQSHda kelajak avlodlar uchun mo‘ljallangan yuqori texnologiyali «vaqt kapsula»si tayyorlandi. «Popular Science» ma’lumotiga ko‘ra, u 4-iyul kuni mamlakat mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan Filadelfiya shahrida yer ostiga ko‘miladi.
Kapsula «Mustaqillik milliy tarixiy bog‘i» hududida saqlanadi. Bu hudud AQSH tarixida alohida o‘rin tutadi, chunki aynan shu yerda Mustaqillik deklaratsiyasi va mamlakat Konstitutsiyasi imzolangan.
Loyihada mamlakatning barcha 50 shtati, Kolumbiya okrugi va AQSHga qarashli besh hudud ishtirok etdi. Kapsula ichiga XXI asr Amerikasini kelajak avlodlarga tanishtirishi kutilgan noyob buyumlar joylashtirilgan.
Kapsulada nimalar bor?
Eksponatlar orasida aka-uka Raytlar samolyotidan olingan mato bo‘lagi, shimoliy Atlantika kitining suyagi, Fuqarolar urushi davriga oid burgut pati, Olimpiya o‘yinlari oltin medali hamda «Apple iPhone 17 Pro Max» smartfoni mavjud.
Loyiha «America250», AQSH Milliy standartlar va texnologiyalar instituti, Kongress kutubxonasi, Milliy bog‘lar xizmati va boshqa tashkilotlar hamkorligida amalga oshirildi.
250 yillik xabar
Vaqt kapsulasi maxsus texnologiya asosida zanglamaydigan po‘latdan tayyorlangan. U ikki qavatli konstruksiyaga ega bo‘lib, ichki konteyner artefaktlarni saqlaydi, tashqi qo‘ng‘iroqsimon qobiq esa havo qatlamini hosil qilib, namlik va tashqi ta’sirdan himoya qiladi.
Loyiha mualliflari kapsulani aynan 2276 yil 4-iyul kuni — AQSH mustaqilligining 500 yilligi nishonlanadigan sanada ochilishini rejalashtirmoqda.





