Kimyo sanoatiga 8,3 mlrd dollar investitsiya jalb qilingan — Prezident
So‘nggi yillarda O‘zbekiston kimyo sanoatiga 8,3 milliard dollar investitsiya kiritilib, 87 ta yirik ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi.
© prezident.uzO‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida kimyo sanoatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Yig‘ilishda mamlakat iqtisodiyoti jadal sur’atlarda rivojlanayotgani, so‘nggi yillarda sanoat tarmoqlarida 3 ming turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. Qayd etilishicha, 9–10 yil avval O‘zbekiston kimyo mahsulotlari tarkibida mineral o‘g‘itlar asosiy o‘rinni egallagan edi.
Investitsiyalar samarasi
So‘nggi yillarda kimyo sanoatiga jami 8 milliard 300 million dollarlik investitsiyalar jalb qilindi. Ushbu mablag‘lar hisobiga 87 ta yirik ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi.
Natijada sohada mahsulotlar turi kengayib, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Xususan, PVX, «yashil» vodorod, ko‘pikli polipropilen va BOPP plyonkasi kabi 60 dan ortiq yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarila boshlandi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur o‘zgarishlar natijasida kimyo sanoati eksporti uch barobarga oshdi. Shuningdek, sohada band bo‘lganlar soni 50 ming nafardan oshib, tarmoq mamlakat iqtisodiyotining muhim drayverlaridan biriga aylandi.
Kimyo mahsulotlari importi 4,5 milliard dollarga yetdi
O‘zbekistonda kimyo sanoatiga katta investitsiyalar jalb qilinganiga qaramay, tarmoq o‘sish sur’atlari sanoatning umumiy rivojlanishidan ortda qolmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan kimyo sanoatini rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida tarmoqdagi dolzarb muammolar tanqidiy muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, so‘nggi to‘qqiz yilda respublika sanoati o‘rtacha 6,3 foizga o‘sgan bo‘lsa, kimyo sanoatida bu ko‘rsatkich 3 foizga ham yetmagan. Shu bilan birga, mamlakatda kimyoviy mahsulotlarga bo‘lgan talab yuqoriligicha qolmoqda. Kimyo mahsulotlari importi yillik 4,5 milliard dollarga yetgan. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar esa ichki ehtiyojning hatto 60 foizini ham ta’minlay olmayapti.
Tizimli ishlash talab etiladi
Prezident «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati faoliyatiga ham tanqidiy baho berdi. Ta’kidlanishicha, kompaniya asosan o‘z tizimidagi yirik korxonalar bilan ishlashga e’tibor qaratib, tarmoqdagi 5 mingdan ortiq xususiy va kichik korxona bilan tizimli muloqotni yo‘lga qo‘ya olmagan.
Muammo va takliflarni eshitish mexanizmi sust ishlayotgani tanqid qilinib, sohadagi barcha ishtirokchilar bilan yaqin hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.





