add

Kiprda rossiyaliklarning sirli o‘limlari haftaligi: Milliarder qoyadan quladi, diplomat kabinetida jon berdi

«Uralkaliy» sobiq rahbarining jasadi rossiyalik diplomat fojiasidan bir necha kun o‘tib topildi.

Kiprda rossiyaliklarning sirli o‘limlari haftaligi: Milliarder qoyadan quladi, diplomat kabinetida jon berdi

14-yanvar kuni Janubiy Kiprda «Uralkaliy» kompaniyasining 56 yoshli sobiq rahbari Vladislav Baumgertnerning jasadi topildi. Bu haqda TRT nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, tadbirkor ekstremal alpinizmga ishqiboz bo‘lgan va dastlabki taxminlarga ko‘ra, qoyadan qulab halok bo‘lgan. Jasadning jiddiy shikastlangani bois, shaxsni rasman tasdiqlash uchun DNK ekspertizasi o‘tkazilishi kutilmoqda.

Ta’kidlanishicha, Baumgertnerni qidirish ishlari Limasol yaqinidagi Pissuri qishlog‘i hududida 7-yanvardan buyon to‘xtovsiz davom etayotgan bo‘lgan. O‘sha kuni u qirg‘oq bo‘yidagi qoyalarga chiqish uchun taksida yo‘lga chiqqan va aynan o‘sha vaqtda uning telefoni oxirgi marta tarmoqda ko‘ringan. Qidiruv operatsiyasiga politsiya va qutqaruvchilardan tashqari, ko‘ngillilar hamda Britaniya aviabazasi harbiylari ham jalb etilgan.

Baumgertnerning o‘limi Janubiy Kiprda yuz bergan yana bir sirli o‘limdan bir hafta o‘tib sodir bo‘ldi. 8-yanvar kuni Rossiyaning Nikosiyadagi elchixonasi yuqori lavozimli xodimi o‘z kabinetida o‘lik holda topilgan edi. Uning o‘limi suiqasd sifatida qayd etilgan.

Rossiyaning Kiprdagi elchixonasi diplomat A. V. Panovning vafotini tasdiqlagan:

«Chuqur qayg‘u bilan ma’lum qilamizki, 2026 yil 8-yanvar kuni hamkasbimiz, elchixona xodimi A. V. Panov hayotdan ko‘z yumdi. Uning o‘limi yaqinlari va oilasi uchun og‘ir shaxsiy fojia bo‘ldi».

«VCHK-OGPU» loyihasi manbasini ochiqlamasdan, Panov go‘yoki Rossiya Tashqi razvedka xizmatining kriptografi bo‘lganini ta’kidlamoqda. U halok bo‘lgan kuni Janubiy Kiprda so‘nggi yillardagi eng yirik korrupsion janjal avj oldi. Ijtimoiy tarmoqlarda yuqori lavozimli mulozimlarning korrupsion sxemalar, jumladan, rossiyaliklarga Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini aylanib o‘tishda yordam berish masalalarini muhokama qilgan uchrashuvi yozuvi tarqalib ketdi. Janubiy Kipr Grek Ma’muriyati (JKGM) prezident ma’muriyati rahbari Xaralambos Xaralambus, aynan JKGMning Yevropa Ittifoqi Kengashiga raisligi boshlangan kunlarda iste’foga chiqdi.

Ushbu o‘limlar zanjiri 2022 yildan buyon Rossiyaning yirik neft-gaz kompaniyalari, jumladan «Gazprom», «Lukoyl» va «Transneft» top-menejerlari bilan bog‘liq sirli halokatlarning davomi sifatida ko‘rilmoqda. So‘nggi yillarda o‘nlab yuqori martabali amaldorlar va tadbirkorlar kutilmaganda vafot etgan. 2025 yilning iyul oyida sobiq transport vaziri Roman Starovoytning o‘z joniga qasd qilishi ham ushbu shubhali ro‘yxatni to‘ldirgan edi.

Teglar

Mavzuga oid