
Makron AQSHni Yevropani «bo‘ysundirish»ga urinayotganlikda aybladi
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Davosda Vashington siyosati Yevropa suverenitetiga tahdid solayotgani va Yevropani javob qaytarishga kuchi yetishini ochiq aytdi.

20-yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida o‘tayotgan Jahon iqtisodiy forumida Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron AQSH siyosatiga nisbatan keskin bayonot bilan chiqdi. «Le Monde» va «AFP» nashrlarining xabar berishicha, Makron amerikaliklarning savdo raqobati «Yevropani zaiflashtirish va bo‘ysundirish»ga qaratilganini ta’kidlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa suverenitet, mustaqillik va BMT ustavi tamoyillariga sodiq qoladi. Makron jahonda «qoidalarsiz tartib»ga siljish xavfi ortib borayotganini, bu esa shafqatsiz raqobatni kuchaytirib, jamoaviy boshqaruvni samarasiz qilayotganini aytdi.
«Bu qoidalarsiz dunyo tomon siljish bo‘lib, xalqaro huquq toptaladi va aftidan, rioya qilinishi lozim bo‘lgan yagona qoida kuchlining qonuni bo‘ladi va bunda imperiyachilik ambitsiyalari yana bo‘y ko‘rsata boshlaydi», — dedi Makron.
«Maqsad — Yevropani kuchsizlantirish»
Fransiya prezidenti AQSH tomonidan tariflar doimiy ravishda oshirilayotganini qattiq tanqid qildi. U bunday choralarni «mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan» deb atab, ayniqsa ular hududiy suverenitetga bosim o‘tkazish vositasi sifatida qo‘llanayotganidan ogohlantirdi.
Makronning ta’kidlashicha, Vashington Yevropa davlatlariga savdo kelishuvlarini «eng katta yon berishlar» sharti bilan tiqishtirmoqda. Bu esa Yevropa eksport manfaatlariga putur yetkazadi.
«Kollektiv boshqaruvsiz hamkorlik Qo‘shma Shtatlar tomonidan shavfatsiz raqobatga o‘rin bo‘shatib beradi. Bu holda ularning savdo bitimlari bizning eksport manfaatlarimizga putur yetkazadi, maksimal yon berishlarni talab qiladi va pirovard oqibatda Yevropani kuchsizlantirish va bo‘ysundirishga ochiq yo‘naltirilgan», — dedi Makronyu.
U shu munosabat bilan «kuchliroq va avtonom Yevropa» zarurligini alohida urg‘ulab, «hurmat — qo‘rqitishdan ustun, huquq ustuvorligi — kuch ishlatishdan muhim» ekanini bildirdi.
«Yevropaning javob qaytarishga kuchi yetadi»
Makronning bayonotlari AQSH va Yevropa o‘rtasidagi munosabatlar yanada keskinlashayotgan bir paytda yangradi. Bu avvalo yangi bojlar joriy etish tahdidlari hamda Grenlandiya maqomi atrofidagi bahslar bilan bog‘liq. Vashingtonning keskin ritorikasi Yevropa poytaxtlarida xavotir uyg‘otmoqda va strategik mustaqillik masalasini yana kun tartibiga chiqardi.
«Yevropa ayni paytda kuch vositalarga ega. Bizni hurmat qilishlari va o‘yin qoidalariga rioya qilinmayotgan bir paytda ulardan foydalanishimiz kerak», — dedi Makron.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, Makronning chiqishi Yevropa yetakchilari orasida AQSH siyosatiga nisbatan sabr-toqat kamayib borayotganidan dalolat beradi. Agar savdo va geosiyosiy qarama-qarshiliklar yumshamasa, Yevropa Ittifoqi o‘z tashqi va iqtisodiy siyosatini qayta formatlashga majbur bo‘lishi mumkin.





