Logo

Maosh bo‘yicha Ostonadan ortda qolayotgan Toshkent, Chorvoq plyajlarini talashgan to‘dalar va start berilgan Toshkent–Samarqand pulli yo‘li — 22-iyul dayjesti

Kecha 23:303 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Maosh bo‘yicha Ostonadan ortda qolayotgan Toshkent, Chorvoq plyajlarini talashgan to‘dalar va start berilgan Toshkent–Samarqand pulli yo‘li — 22-iyul dayjesti

Shavkat Mirziyoyev: Qo‘shimcha soliq tushumlari bo‘yicha yillik reja atigi 40 foizga bajarilgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda import go‘shtni samolyotda olib kelish bo‘yicha imtiyozni yil oxirigacha uzaytirish hamda aviatashuv xarajatlarini qoplash uchun 300 mlrd so‘m ajratilishi ma’lum qilindi. Bu qaror mamlakatda go‘sht narxining oshishi va chorvachilikda aniqlangan kamomad fonida qabul qilindi.

Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, mamlakatda qoramollar soni 2,1 mln boshga, qo‘y va echkilar esa 1,5 mln boshga avvalgi hisobotlarga nisbatan kam ekani aniqlangan. Vaziyatni barqarorlashtirish uchun chorvachilik loyihalariga qo‘shimcha mablag‘ ajratilib, yil yakuniga qadar chetdan 100 ming bosh qoramol va 150 ming bosh qo‘y-echki import qilish vazifasi qo‘yildi.

Prezident Toshkent – Samarqand yangi avtomobil yo‘li qurilishiga start berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent – Samarqand yo‘nalishidagi yangi avtomagistral qurilishiga start berdi. Uzunligi 282 kilometr, qiymati 2,2 mlrd dollar bo‘lgan olti polosali yo‘lda 92 ta ko‘prik va 28 ta yo‘l o‘tkazgich barpo etiladi. Loyiha amalga oshgach, Toshkentdan Samarqandga yetib borish vaqti 5 soatdan 2,5 soatgacha qisqaradi, yo‘l esa sutkasiga 60–80 mingta transport vositasini qabul qila oladi.

Yangi avtomagistral yuk tashish tannarxini 20–24 foizga kamaytirishi, xalqaro tranzit hajmini oshirishi va logistika sohasiga 3 mlrd dollar investitsiya jalb etishi kutilmoqda. Shuningdek, magistral bo‘ylab logistika markazlari, sanoat va servis obyektlari tashkil qilinib, kamida 50 mingta ish o‘rni yaratilishi prognoz qilinmoqda.

Toshkent ancha ortda: ko‘proq maosh olish uchun qayerga ko‘chib o‘tish kerak?

The Economist e’lon qilgan tahlilga ko‘ra, Toshkentning «city premium» — ya’ni shaharning bir xil malakaga ega xodim maoshiga qo‘shadigan bonusi — global o‘rtacha ko‘rsatkichdan 36 foiz past. Taqqoslash uchun, Ostonada bu ko‘rsatkich atigi 4 foiz past bo‘lib, bir xil malakaga ega mutaxassis uchun maosh o‘sishi imkoniyati yuqoriroq baholangan. Shu bilan birga, 2026 yil I choragida o‘rtacha oylik Toshkentda 11,7 mln so‘m, Ostonada esa 14,9 mln so‘mni tashkil etgan.

Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, yirik va iqtisodiyoti diversifikatsiya qilingan shaharlarda ish haqi bonusi yuqoriroq bo‘ladi. Toshkentda esa transport, uy-joy va kommunal infratuzilmadagi cheklovlar shaharning yuqori maosh yaratish salohiyatini pasaytirishi mumkin. Tahlilda eng yuqori joylashuv bonusi Lixtenshteyn poytaxti Vadutsda qayd etilgan, ommabop shaharlar orasida esa Moskva (+18%) va Seul (+81%) yuqori natija ko‘rsatgan.

Oltin narxi o‘sishi budjetga 70 trln so‘mdan ortiq qo‘shimcha daromad keltiradi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ishlab chiqqan Fiskal strategiyaga ko‘ra, 2026 yilda davlat budjeti daromadlari 439,7 trln so‘mga yetishi kutilmoqda. Bu tasdiqlangan rejadan 19 foizga, ya’ni 70 trln so‘mdan ortiq yuqori. Vazirlik buni jahon bozorida oltin narxining kutilganidan yuqori shakllangani va soliq ma’muriyatchiligi takomillashtirilgani bilan izohladi.

Prognozga ko‘ra, 2026 yilda budjet daromadlari 2025 yilga nisbatan qariyb 80 trln so‘mga (22,2 foiz) oshadi. Eng katta o‘sish foyda solig‘i, QQS va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq hisobiga ta’minlanishi kutilmoqda. Fiskal strategiyaga muvofiq, davlat budjeti daromadlari 2028 yilda 483,1 trln so‘m, 2029 yilda esa 554,1 trln so‘mga yetishi prognoz qilingan.

Bo‘stonliqdagi plyajlarni nazorat qilmoqchi bo‘lgan ikkita jinoiy guruh qo‘lga olindi

Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida Chorvoq suv ombori hududidagi plyajlar ustidan noqonuniy nazorat o‘rnatishga uringan ikkita jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilganini ma’lum qildi. Tergovga ko‘ra, guruhlar o‘rtasidagi mojaro zo‘ravonlikka aylanib, birinchi guruh a’zolariga nisbatan bezorilik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Keyinchalik raqib guruh a’zolari qasos olish maqsadida hujum uyushtirib, jabrlanuvchiga kastet va beysbol bitasi bilan og‘ir tan jarohati yetkazgan. Tezkor tadbirlar davomida jami 13 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olindi. Shuningdek, gumonlanuvchilardan birining Instagram orqali diniy ekstremistik materiallar tarqatgani aniqlanib, ushbu holat yuzasidan ham huquqiy choralar ko‘rilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid