Mark Ryutte: «NATO Eronga qarshi urushda Trampni qo‘llab-quvvatlashi lozim»

Bugun 08:302 daqiqa

NATO Bosh kotibi Mark Ryutte alyans davlatlarini Eronga qarshi harbiy amaliyotda AQSH Prezidenti Donald Tramp atrofida jipslashishga va yadroviy tahdidning oldini olishda «yagona front» bo‘lib chiqishga chaqirdi.

Mark Ryutte: «NATO Eronga qarshi urushda Trampni qo‘llab-quvvatlashi lozim»

«Politico» nashrining xabar berishicha, Mark Ryutte CBS telekanaliga bergan intervyusida ayrim Yevropa davlatlarining ikkilanishiga qaramay, yakunda ular Trampning harakatlarini qo‘llab-quvvatlashiga ishonch bildirgan. Bosh kotibning ta’kidlashicha, yadroviy qurolga ega Eron nafaqat Isroil, balki Yevropa va butun dunyo barqarorligi uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf tug‘diradi. «Men bir narsani bilaman, biz doim birlashamiz», dedi alyans rahbari.

Ryuttening tushuntirishicha, yevropalik sheriklarning jarayonga kechikib qo‘shilishi hujumlarning kutilmaganlik effektini saqlab qolish maqsadida ularning dastlabki rejalashtirishga jalb etilmagani bilan bog‘liq. U Shimoliy Koreya bilan bog‘liq tajribani misol keltirib, muzokaralar haddan tashqari cho‘zilib ketsa, yadroviy qurol paydo bo‘lishi va vaziyatni nazorat qilish imkoniyati boy berilishini aytdi. Shu sababli, Ryutte Trampning harbiy sa’y-harakatlarini «dunyoni xavfsiz qilish» yo‘lidagi qadam sifatida to‘liq yoqladi.

Trampning «qo‘rqoqlar» haqidagi ayblovi

Donald Tramp o‘zining «Truth Social» tarmog‘idagi sahifasida NATO davlatlarini keskin tanqid ostiga oldi. Uning fikricha, AQSHsiz ushbu alyans «qog‘oz yo‘lbars»dan boshqa narsa emas. Tramp Yevropa davlatlarini Eronning yadroviy dasturini to‘xtatishda ishtirok etmaganini, endi esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishda yordam berishdan qochayotganlarini qoraladi.

«Urush harbiy jihatdan g‘alaba bilan yakunlandi, ular uchun xavf deyarli qolmadi. Endi esa yuqori neft narxlaridan shikoyat qilishmoqda, lekin Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishdek oddiy harbiy manevrda yordam berishni istashmayapti. Qo‘rqoqlar! Biz buni unutmaymiz», deb yozdi Tramp.

AQSH prezidentining fikricha, neft narxining oshishiga faqatgina bo‘g‘ozning yopiqligi sabab bo‘lmoqda va ittifoqchilarning yordamisiz ham AQSH bu muammoni hal qilishga qodir.

Yevropaning ikkilanishi

Yevropaning yetakchi davlatlari NATO mudofaa alyansi ekanini ro‘kach qilib, Eron bilan urushga kirishdan bosh tortmoqda. Ayniqsa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha harbiy missiyada qatnashish Brussel va Parij uchun siyosiy jihatdan murakkab masala bo‘lib qolmoqda.

Biroq Mark Ryutte Trampning g‘azabini tushunishini va yevropalik hamkorlardan ham vaziyatni to‘g‘ri baholashni so‘rashini bildirdi. Unga ko‘ra, Tramp va NATO o‘rtasidagi ushbu keskinlik alyansning kelajakdagi birligi va AQSHning Yevropa xavfsizligidagi rolini qayta ko‘rib chiqishiga olib kelishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid