Markaziy bank UzQR yagona milliy QR-kod tizimi bo‘yicha tushuntirish berdi
1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda yagona QR-kod orqali to‘lov qabul qilish majburiy talabga aylanadi. Biroq tizimdagi to‘lovlar uchun komissiya tuzilmasi iste’molchilar va tadbirkorlar orasida muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
© Ijtimoiy tarmoqlarMarkazu bank O‘zbekistonda 1-iyuldan joriy etiladigan Yagona milliy QR-kod tizimi (UzQR) bo‘yicha tushuntirish berdi.
Ma’lum qilinishicha, Yagona milliy QR-kod tizimi mamlakatda naqdsiz hisob-kitoblarni rivojlantirish, savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlari uchun xarajatlarni kamaytirish hamda yagona milliy to‘lov infratuzilmasini shakllantirish maqsadida ishga tushirilmoqda.
UzQR'ning bosh xususiyati — iste’molchi istalgan bank ilovasi yoki to‘lov tashkiloti mobil ilovasi orqali bitta QR-kodni skaner qilgan holda to‘lovni amalga oshirishi. Bunda savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlari bir necha xil QR-kod va to‘lov yechimlarini saqlab turish zaruratini bartaraf etadi.
Regulyatorga ko‘ra, tizim orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar bo‘yicha umumiy komissiya ulushi 0,65 foiz etib belgilangan.
«Komissiya to‘lov zanjirida ishtirok etuvchi barcha tomonlar o‘rtasida shaffof va har birining real roli hamda xarajatlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi», — deyiladi Markazu bank xabarida.
Komissiya quyidagicha taqsimlanadi:
0,10 foiz — ekvayer bank, ya’ni QR-kodni merchantga o‘rnatib bergan bank;
0,15 foiz — to‘lov Uzcard yoki Humo milliy kartalari orqali amalga oshirilganda tegishli ulush, shundan Uzcard 0,075 foiz va Humo 0,05 foiz bank kartasi emitentiga qaytaradi;
0,20 foiz — QR-kod operatori: tizimni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash, yagona koll-markaz faoliyati, mijozlar uchun shaxsiy kabinetlar hamda onlayn-KKM bilan integratsiya xarajatlarini qoplash uchun;
0,15 foiz — to‘lov tashabbuskori, ya’ni QR-kodni o‘quvchi mobil ilova;
0,05 foiz — to‘lovchi bank, ya’ni tizimda to‘lovni amalga oshiruvchi bank.
Markaziy bank tizim ishtirokchilari bir vaqtning o‘zida bir nechta ulush olishlari mumkinligini ham ta’kidladi. Masalan, agar to‘lov bankning o‘z ilovasida amalga oshirilsa va karta ham o‘sha bankniki bo‘lsa, bank jami 0,20 foiz olishi mumkin; agar merchant ham o‘sha bankning mijozi bo‘lsa, ulush 0,30 foizga yetishi mumkin.
Shuningdek, to‘lov bank kartasi orqali emas, balki bank hisobvarag‘i yoki elektron hamyon orqali amalga oshirilganda, elektron to‘lov vositasi egasi jami 0,15 foiz ulushni oladi.
Markaziy bank UzQR tizimining 0,65 foizlik tarifini amaldagi bozor shartlari bilan taqqosladi. Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlari QR-kod orqali to‘lov qabul qilish uchun o‘rtacha 1–3 foiz komissiya to‘lamoqda. Shu nuqtai nazardan, UzQR uchun belgilangan tarif mavjud bozor stavkalaridan ancha past hisoblanadi.
Shuningdek, Markaziy bank qayd etishicha, Uzcard va Humo milliy to‘lov tizimlari boshqa QR-kod yechimlari uchun odatda 0,3–0,37 foiz miqdorida komissiya oladi. Biroq UzQR umummilliy ahamiyatga ega loyiha sifatida baholangani bois mazkur ulush 0,10 foizgacha qisqartirilgan.
Shu bilan birga, Markaziy bank ayrim to‘lov xizmatlari tomonidan iste’molchilardan qo‘shimcha komissiya undirilayotganini tasdiqladi. Biroq regulyator bu yig‘imlar UzQR tizimining rasmiy tarifiga kirmasligini ta’kidladi.
«Tizimning rasmiy tarif tuzilmasida to‘lovchidan (iste’molchidan) hech qanday komissiya undirish ko‘zda tutilmagan. Barcha tarif — faqat merchant tomonidan to‘lanadigan 0,65 foizdan iborat, va u yuqorida ko‘rsatilgandek zanjir ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlanadi», — deyiladi Markaziy bank bayonotida.
Shunga qaramay, ayrim to‘lov tashabbuskorlari o‘z tashabbusi bilan iste’molchilar uchun qo‘shimcha yig‘im joriy qilgan. Regulyatorga ko‘ra, bunday ustamalar UzQR talablaridan kelib chiqmaydi va hozirda mazkur amaliyotni tartibga solish choralari ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda elektron to‘lovlar infratuzilmasini yangilash va yagona standartni joriy etish maqsadida barcha savdo va xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar uchun yagona QR-kod joriy etilgandi. Shu vaqtdan boshlab barcha yuridik shaxslar savdo va xizmat ko‘rsatish jarayonlarida aynan shu QR-kod orqali to‘lovlarni qabul qilishni yo‘lga qo‘yishi kerak edi. 2026-yil 1-iyuldan esa yagona QR-kod orqali to‘lov qabul qilish majburiy talabga aylanadi.





