add

Markaziy Osiyoga nisbatan tahdid endi Rossiya davlat TVsidan yangradi

«Rossiya 1» davlat telekanalidagi chiqishda siyosatshunos Sergey Mixeyev Markaziy Osiyo davlatlarini teng sherik sifatida qabul qilmaslik kerakligini ochiq aytdi.

Markaziy Osiyoga nisbatan tahdid endi Rossiya davlat TVsidan yangradi

27-yanvar kuni «Rossiya 1» telekanali efirida Markaziy Osiyo va Kavkazdagi suveren davlatlarga nisbatan yana bir bahsli bayonot yangradi. Vladimir Solovyov boshlovchiligidagi «Vecher s Vladimirom Solovyovim» dasturida ishtirok etgan siyosatshunos Sergey Mixeyev mintaqa davlatlarining tashqi siyosat yo‘nalishini tanqid qilib, ular bilan munosabatlarda teng huquqli sheriklik tamoyilini amalda rad etdi.

Mixeyevning aytishicha, Rossiya yillar davomida Markaziy Osiyo davlatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelgan, biroq bu holat ushbu mamlakatlarning «erkalanib ketishi»ga olib kelgan. U postsovet makonida Moskva yuritib kelayotgan siyosatni qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlab, mavjud yondashuv samara bermayotganini bildirdi.

«Rossiya barchaga qarzdor bo‘ladigan vaziyat – Rossiya esa hech kimga qarzdor emas – bu boshi berk bo‘lgan vaziyat. Ha, bu postsovet mamlakatlariga doimo bizni turli loyihalar bilan shantaj qilishga imkon beradi…
Biz shusiz ham ularning ko‘plab muammolarini hal qilib beryapmiz. Bu mehnat migratsiyasiga ham, biz ko‘rsatayotgan yordamga ham va boshqa ko‘p narsalarga ham taalluqli. Ammo doim biz qarzdordekmiz. Menimcha, xafa bo‘lmanglar, ammo bunday ohang hozir Ukraina bilan sodir bo‘layotgan voqealarning sabablaridan biriga aylangandi», – degan u.

Solovyov nimadan norozi

Shundan so‘ng boshlovchi Vladimir Solovyov gapga qo‘shilib, bu fikrni qat’iyroq shaklda bildirgani, «asabi buzuqlar» esa elchini chaqirtirishganidan noligan.

«– Vladimir, bilasizmi, ular nima uchun bunday qiziqqon?
– Chunki ular men haqligimni bilishadi (kulgi).
– Bu birinchi sabab. Ikkinchi sabab ham bor – biz ularni erkalatib yuborganmiz. Biz ularni erkalatib yubordik…
Ular o‘z o‘rnini bilishi kerak… Yana bir bor takrorlayman: biz shundoq ham ularning ko‘plab muammolarini hal qilib berganmiz», – deyiladi suhbatda.

Solovyov chiqishi

Avvalroq rossiyalik telejurnalist Vladimir Solovyov ham Markaziy Osiyo va Armanistonni Rossiya milliy xavfsizligi uchun muhim hududlar sifatida ta’riflab, bu mintaqalarda ham harbiy amaliyotlar o‘tkazish kerakligini aytgan. U xalqaro huquq me’yorlarini ochiqchasiga ikkinchi darajaga surish kerakligini ta’kidlagan.

Solovyovning ushbu fikrlariga Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova munosabat bildirib, jurnalistning bayonotlarini uning shaxsiy qarashlari sifatida baholagan.

Duginning O‘zbekiston suverenitetiga tahdidi

«Rus dunyosi» g‘oyasining asosiy mafkurachisi, faylasuf Aleksandr Dugin Markaziy Osiyo va boshqa sobiq SSSR hududlarining suverenitetini inkor etib, Rossiya ularni o‘z nazorati ostiga olishi kerakligini aytgan edi. Uning fikricha, aks holda bu hududlar G‘arb davlatlari uchun geosiyosiy tayanch nuqtaga aylanadi.

Undan so‘ng, Rossiyalik sobiq bokschi va siyosatshunos Nikolay Valuyev ham Markaziy osiyo davlatlariga tahdid qildi. U Putinga yaqinligi bilan tanilgan faylasuf Aleksandr Dugin g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, Ukrainada amalga oshirilayotgan «maxsus harbiy operatsiya»lar sobiq sovet respublikalarida ham o‘tkazilishi kerakligini aytgan.

O‘zbekistonlik mashhur bokschi Ruslan Chagayev Valuyevning so‘zlariga javoban uni jangga chaqirdi. Chagayev Valuyevning chiqishini haqoratli deb baholab, bu kabi fikrlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hozirgi ijobiy munosabatlarga putur yetkazishini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid