Logo

MB asosiy stavkasi: iqtisodchilar ertangi qaror haqida nima deydi?

17-iyun kuni Markaziy bank asosiy stavka bo‘yicha qaror qabul qiladi. VAQT.UZ iqtisodchilarning ertangi yig‘ilish bo‘yicha prognozlarini jamladi.

MB asosiy stavkasi: iqtisodchilar ertangi qaror haqida nima deydi?

Ertaga Markaziy banki asosiy stavka bo‘yicha navbatdagi qarorini e’lon qiladi. Oxirgi marta Boshqaruv yig‘ilishi 29-aprel kuni bo‘lib o‘tgan va unda asosiy stavka 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirilgan edi.

Bu safar qaror inflatsiyaning sekinlashishi, energiya tariflarining navbatdagi oshirilishi va tashqi bozorlardagi o‘zgarishlar fonida qabul qilinadi. VAQT.UZ iqtisodchilarning ertangi yig‘ilish bo‘yicha prognozlarini jamladi.

«Ertangi yig‘ilishda asosiy stavkaning pasaytirilish ehtimoli yuqori» — Mirkomil Xolboyev

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, bu safargi yig‘ilish geosiyosiy keskinliklarning yumshashi fonida energiya narxlarining pasayishi hamda inflatsiyadan yuqori bazaning chiqib ketishi natijasida umumiy inflatsiyaning sekinlashishi fonida ko‘rib chiqiladi.

rasm

Uning qayd etishicha, may oyida o‘tgan yilgi energiya tariflari oshirilishi bilan bog‘liq yuqori bazaning chiqib ketishi natijasida yillik inflatsiya 7 foizdan 5,5 foizgacha pasaygan. Bu esa asosiy stavka va umumiy inflatsiya o‘rtasidagi ijobiy farqni 8,5 foizgacha yetkazgan.

Shu bilan birga, bazaviy inflatsiya may oyida apreldagi 5,6 foizdan 5,7 foizgacha tezlashgan. Aprel oyida aholining inflyatsion kutilmalari 10,6 foizni tashkil etgan bo‘lib, mart oyiga nisbatan 0,4 foiz bandga pasaygan. Biroq may oyida energiya narxlarining navbatdagi oshirilishi haqidagi kutilmalar fonida bu ko‘rsatkich yomonlashgan bo‘lishi mumkin.

Iqtisodiy faollik ham yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Joriy yilning birinchi choragida iqtisodiy o‘sish 8,7 foizni tashkil etdi. Yanvar–aprel oylarida sanoat ishlab chiqarishi 7,8 foizga, qurilish sohasi 14,1 foizga, chakana savdo xizmatlari esa 22,9 foizga o‘sgan. Bu esa iqtisodiyotda talab omillari hanuz kuchliligini ko‘rsatadi.

Tashqi omillarga to‘xtalgan iqtisodchi, AQSH va Eron o‘rtasidagi keskinliklarning yumshashi ortidan neft narxi bir hafta ichida 90 dollar atrofidan 79 dollargacha tushganini qayd etdi. Uning fikricha, neft narxining pasayishi import tovarlari narxiga bo‘lgan bosimni ham kamaytirishi mumkin.

Shuningdek, Rossiya rublining mustahkamlanishi ham inflyatsion bosimlarni yumshatishga xizmat qilmoqda. Biroq pul o‘tkazmalarining ko‘payishi ichki talabni rag‘batlantirib, narxlar o‘sishiga ta’sir qilishi mumkin.

Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida oziq-ovqat mahsulotlari indeksi 0,2 foizga pasaygan. Bu esa dunyoda oziq-ovqat narxlari bosimi susayayotganiga ishora qilmoqda.

Xolboyev ta’kidlashicha, ichki omillar orasida inflatsiya va inflyatsion kutilmalarning pasayishi asosiy stavkani tushirish uchun zamin yaratmoqda. Biroq iyun oyida energiya narxlarining navbatdagi oshirilishi umumiy inflatsiya va kutilmalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu bilan birga, bu safargi tariflar o‘sishi o‘tgan yilgiga nisbatan pastroq bo‘lishi kutilayotgani sababli uning umumiy inflatsiyaga ta’siri cheklangan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, ichki iqtisodiy faollik yuqori darajada saqlanib qolmoqda, bazaviy inflatsiya esa may oyida tezlashgan.

Tashqi omillar esa inflatsiya uchun nisbatan qulay shakllanmoqda. Ya’ni geosiyosiy keskinliklar kuchayib ketmasa, yaqin oylarda tashqi omillarning inflatsiyaga ta’siri yumshashi mumkin.

Xolboyevning izohlashicha, Markaziy bank energiya tariflari oshishining ikkilamchi ta’sirini kuzatish uchun stavkani o‘zgarishsiz qoldirishi ham mumkin. Shunga qaramay, mavjud omillarni hisobga olganda, ertangi yig‘ilishda asosiy stavkani pasaytirish ehtimoli yuqori.

«Energotovarlar tariflari oshishining oqibatlari endi ko‘rina boshlaydi» — Otabek Bakirov

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirishi yoki hech bo‘lmaganda keyingi yig‘ilishlarda pasaytirish ehtimoli yuqoriligiga ishora berishi mumkin. Shu bilan birga, u bu safar stavka pasaytirilishi ehtimoli ham oshganini qayd etadi.

«Tan olish kerak, shu yig‘ilishning o‘zida stavka pasaytirilishi ehtimoli oshgan», — deydi Bakirov.

Biroq iqtisodchi ehtiyotkorlik uchun asoslar yetarli ekanini ta’kidlaydi. Uning qayd etishicha, iyun oyidan energiya tovarlari va xizmatlari tariflari keskin oshirilgan bo‘lib, ularning inflatsiyaga ikkilamchi ta’siri hali to‘liq namoyon bo‘lgani yo‘q.

«Birinchidan, iyundan tariflari keskin oshirilgan energotovarlar va xizmatlarning ikkilamchi ta’siri bo‘yicha oqibatlar endi ko‘rinadi. Kutish va kuzatishga zaruriyat bor», — deya ta’kidlaydi u.

Bakirovning fikricha, tashqi noaniqliklar omili hamon jiddiyligicha qolmoqda. Garchi AQSH va Eron o‘rtasida urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv e’lon qilingan bo‘lsa-da, uning amalda qanday bajarilishi noma’lumligicha qolmoqda. Shuningdek, Ukraina urushi bo‘yicha ham vaziyat yumshashiga oid aniq signallar kuzatilmayapti.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning energetika mahsulotlari importi bo‘yicha manbalari va kanallari yetarli darajada diversifikatsiya qilinmayapti, mahalliy ishlab chiqarish esa qisqarishda davom etmoqda. Shu sababli inflatsiyaga nafaqat tartibga solinadigan energiya tariflari oshishi, balki taqchillik va ta’minotdagi uzilishlar ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Iqtisodchi yana bir muhim omilga e’tibor qaratadi. Uning qayd etishicha, asosiy stavka pasaytirilmagan bo‘lsa ham kredit va depozit bozorlarida foiz stavkalari pasayishni boshlagan.

«Iqtisodiy o‘sish faolligi va yalpi talab sur’ati yuqoriligida mazkur jarayonga hozircha qo‘shimcha ta’sir etmay turgan ma’qul deb o‘ylayman», — deydi Bakirov.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, asosiy stavkaning pasaytirilishi imtiyozli va ma’muriy kreditlar bosimining yanada ortishiga olib kelishi mumkin.

«Tushirish siyosatini bugungi iqtisodiy holatda aslo qo‘llash kerak emas» — Barnogul Sanoqulova

Iqtisodchi Barnogul Sanoqulovaning fikricha, xalqaro geosiyosiy maydondagi vaziyatning nisbatan yumshagani va buning energiya resurslari narxlariga tez ta’sir qilgani, shuningdek, milliy iqtisodiyotda iqtisodiy faollik saqlanib qolayotgani fonida asosiy stavkaning yillik 14 foiz darajasida qoldirilishi ehtimoli yuqori.

Uning ta’kidlashicha, bazaviy inflatsiyaning barqarorligi hamda energiya tariflari oshishining ikkilamchi ta’sirlari ham Markaziy bankni ehtiyotkor qaror qabul qilishga undashi mumkin.

«Hozirgi makroiqtisodiy strategik vaziyatda stavkani o‘zgartirmaslik pozitsiyasi optimal taktik qaror deb o‘ylayman», — deydi Sanoqulova.

Iqtisodchi qayd etishicha, asosiy stavkaning oshirilishi inflatsiyani jilovlash, so‘m kursi va omonatlar jozibadorligini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi mumkin. Biroq bu kreditlarning qimmatlashishiga olib kelib, biznes faolligini sekinlashtirishi va iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli mavjud.

Shu bilan birga, iqtisodchi stavkani pasaytirish tarafdori emasligini ham bildiradi.

«Tushirish siyosatini esa aslo qo‘llash kerak emas bugungi iqtisodiy holatda, sababi muomaladagi pul massasining ko‘payishi va qadrsizlanish oshishiga, bozordagi narx-navolarning ko‘tarilishiga imkon yaratilishi riskli yurish sifatida baholagan bo‘lar edim», — deydi Barnogul Sanoqulova.

Uning ta’kidlashicha, ayni paytda eng maqbul yo‘l neytral va qat’iy pozitsiyani tanlab, asosiy stavkani o‘zgartirmaslikdir. Bu bir tomondan iqtisodiyotni ortiqcha «sovitib» yubormaslikka, ikkinchi tomondan esa narxlar barqarorligini saqlab qolishga xizmat qiladi.

«Hozircha asosiy stavkani tushirib bo‘lmaydi» — To‘lqin Boboqulov

Iqtisodchi To‘lqin Boboqulovning fikricha, uzoq muddatli istiqbolda asosiy stavkani bosqichma-bosqich pasaytirib borish maqsadga muvofiq. Biroq hozirgi sharoitda bunga hali asos yetarli emas.

«Aslida asosiy stavka tushirilib borilishi kerak. Lekin hozir tushirib bo‘lmaydi», — deydi Boboqulov.

Uning ta’kidlashicha, bunga asosiy sabab oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishi xavfi saqlanib turibdi. Shuningdek, iqtisodchi yoqilg‘i importi hajmi ortib borayotganiga ham e’tibor qaratadi. Uning fikricha, bu omil ham narxlar dinamikasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Bundan tashqari, milliy valutadagi pul massasi o‘sish sur’atlarining yuqoriligi ham pul-kredit siyosatini yumshatish uchun yetarli imkoniyat bermayapti.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘tkazilgan tadqiqotda ekspertlar kelasi yilda asosiy stavka 13 foiz atrofida shakllanishi mumkinligini bildirgan edi.


Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 151

Barchasi

Mavzuga oid