Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalari «Premium» toifaga kiritildi

Bugun 15:452 daqiqa

Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalari ilk bor dual listing doirasida «Toshkent» RFB birja kotirovkalash varag‘iga kiritildi.

Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalari «Premium» toifaga kiritildi © Franklin Templeton

2026 yil 7-maydan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyadorlik jamiyati (UzNIF) oddiy aksiyalari «Toshkent» Respublika fond birjasining birja kotirovkalash varag‘i «Stock Market» maydonchasidagi «Premium» toifasiga kiritildi.

Mazkur joylashtirish Jamg‘arma aksiyalarining mahalliy birlamchi ommaviy taklifi (IPO) doirasida amalga oshirilib, investorlar uchun milliy fond bozori orqali ommaviy savdolarda ishtirok etish imkoniyatini kengaytiradi.

Aksiyalarga tegishli ISIN kodi UZ705898 sifatida belgilangan bo‘lib, birjadagi tiker belgisi UZNF deb qayd etildi.

IPO doirasida aksiyalarga obuna jarayoni 2026 yil 12-mayga qadar davom etadi. Arizalarni qabul qilish Buyuk Britaniya vaqti bilan soat 12:00 da, Toshkent vaqti bilan esa 17:00 da yakunlanadi. Obuna jarayoni «London» fond birjasi hamda «Toshkent» Respublika fond birjasi orqali amalga oshirilmoqda.

Jamg‘arma aksiyalari bo‘yicha savdolarni «Toshkent» Respublika fond birjasida 2026 yil 18-maydan boshlash rejalashtirilgan. Ushbu jarayonda mahalliy investitsiya vositachilari ham faol ishtirok etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 29-aprel kuni UzNIF umumiy hajmi 1,95 mlrd dollargacha bo‘lgan IPO boshlanganini e’lon qilgandi. Joylashtirish jarayoni 2026-yil 12-maygacha davom etadi. IPO London va Toshkentda ikki tomonlama, «dual listing» ko‘rinishida o‘tkaziladi.

Taklif narxi bir GDR uchun 25 dollar, bir aksiya uchun esa 4,65 so‘m etib belgilangan. Har bir GDR 64 700 ta aksiyaga teng. Barcha qimmatli qog‘ozlar yagona aksiyador — Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan sotuvga qo‘yilmoqda.

Jamg‘armaning umumiy aksiyalari soni 5 trilliondan ortiq bo‘lib, ushbu narx kompaniya kapitallashuvini taxminan 1,95 milliard dollarga baholamoqda. IPO orqali kompaniya aksiyadorlik kapitalining taxminan 30 foizi investorlarga taklif etiladi.

IPO ikki qismdan iborat: mahalliy va ayrim xorijiy investorlar uchun aksiyalar, hamda xalqaro institutsional investorlar uchun GDR’lar taklif etiladi.

«BlackRock», «Franklin Resources» va «Redwheel» kabi yirik fondlar, shuningdek, ayrim g‘aznachilik kompaniyalari taxminan 300 mln dollarlik GDR’larga obuna bo‘lish bo‘yicha kelishuv tuzgan.

Jismoniy shaxslar uchun qo‘shimcha rag‘bat sifatida 12 mlrd so‘mgacha bo‘lgan arizalarga 5 foiz chegirma taqdim etilmoqda. Bu holda aksiya narxi 4,41 so‘mni tashkil qiladi.

Chakana investorlar mahalliy brokerlar (Alkes Research, Avesta Investment Group va Bluestone Financial Group Inc) yoki «Jett» platformasi orqali ishtirok etishi mumkin. Savdolar Toshkent va London birjalarida taxminan 18-maydan boshlanishi rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid