Mirziyoyev soliqdagi «yashirin o‘yinlar»ga chek qo‘yish bo‘yicha yangi choralar belgiladi

O‘zbekiston rahbari 6-aprel kuni o‘tgan taqdimotda bozorlardagi chek bermaslik muammosidan tortib, budjetga qo‘shimcha 30 trillion so‘m tushumni ta’minlash masalalariga e’tibor qaratdi.

Mirziyoyev soliqdagi «yashirin o‘yinlar»ga chek qo‘yish bo‘yicha yangi choralar belgiladi © Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni soliq ma’murchiligini takomillashtirish va soliq organlari faoliyatini isloh qilishga doir taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, soliq tizimini izchil isloh qilish orqali 2030-yilga borib, soliq tushumlarini 491,5 trillion so‘mga yetkazish, iqtisodiyotda kuzatilmaydigan ulushni esa 28 foizdan 19,6 foizgacha qisqartirish maqsad qilingan.

Budjetga +30 trillion

Yig‘ilishda soliq tushumlarini oshirishdagi eng katta zaxira yashirin iqtisodiyotni qisqartirish ekani ta’kidlangan. Prezident raqamli tahlil va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanib, “aqlli” nazorat tizimini joriy etish orqali joriy yilda budjetga qo‘shimcha 30 trillion so‘m tushumni ta’minlash zarurligini ko‘rsatib o‘tgan. Bu savdo va xizmatlar, sanoat, qurilish, umumiy ovqatlanish hamda boshqa sohalarda P2P-operatsiyalar monitoringi, tovarlarni markirovkalash, raqamli nazoratni kuchaytirish, yuklarni hujjatsiz tashish faoliyatini avtomatik aniqlash va norasmiy bandlikni rasmiylashtirish kabi mexanizmlardan keng foydalanish hisobiga ta’minlanishi mumkin.

Bozorlar to‘liq raqamlashtiriladi

Ta’kidlanishicha, bozorlar va savdo majmualarida nazorat to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani, raqamlashtirish ishlari yetarli emasligi oqibatida ushbu yo‘nalishdagi imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayapti. Bugungi kunda bu yerlarda 72 mingdan ortiq chakana savdo subyekti faoliyat yuritmoqda. Biroq ularning 38 mingdan ortig‘i tovar aylanmasini oyiga 1 million so‘mdan kam ko‘rsatgan, 40 mingdan ziyodi esa kuniga atigi 2-3 ta chek bermoqda. Shuningdek, bozorlardagi 12 mingta savdo nuqtasi bo‘yicha ijara shartnomalari hisobga qo‘yilmagan. Natijada 37 ming tadbirkor oyiga 500 ming so‘mdan kam soliq to‘lagan.

Shu bois, bozorlar va savdo majmualarini to‘liq raqamlashtirish hisobiga qo‘shimcha tushum manbalarini ishga solish, nazorat, soliq xizmati va raqamli kuzatuvni o‘zaro integratsiya qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Soliqchi tadbirkorga yaqinlashadi

Yig‘ilishda strategik bo‘lmagan yirik soliq to‘lovchilarga hududlarda xizmat ko‘rsatish masalasi haqida ham so‘z borgan.

Xususan, 209 mingta QQS to‘lovchi soliq organlaridan uzoqda joylashgani sababli xizmat ko‘rsatish va nazorat samaradorligi pasaygani qayd etildi. Shu munosabat bilan 500 ta strategik bo‘lmagan korxona nazoratini viloyat darajasiga, 103 mingdan ziyod qishloq xo‘jaligi, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarini tuman darajasiga o‘tkazish taklif qilindi. Mazkur yondashuv soliq to‘lovchilarga joyida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, muammolarni tezkor hal qilish va nazorat samaradorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda aytilishicha, tadbirkorlar uchun soliq ma’murchiligini soddalashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, tadbirkorlarning aksariyati tekshiruvlar, hisobot topshirish va soliq to‘lash jarayonlarining murakkabligidan norozi ekanini ko‘rsatgan. Shu munosabat bilan “avtokameral” nazoratni jazolash vositasidan xatoni barvaqt aniqlab, tuzatishga xizmat qiladigan profilaktika tizimiga aylantirish, korxonalarni xavf darajasiga qarab, “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratib ishlash zarurligi ta’kidlangan.

8,4 trillion so‘mni tejash imkoniyati

Shuningdek, 6 turdagi hisobotni inson aralashuvisiz avtomat shakllantirish va yagona soliq hisobvarag‘iga o‘tish ishlarining borishi haqida axborot berildi. Bugungi kunda 198 ming holatda hisobot muddati buzilgani, 14,7 ming soliq to‘lovchi hisobot bermagani uchun 396,6 milliard so‘m jarima qo‘llanilgani, soliqlarni to‘lashda hisobvaraqlar soni ortib ketgani bois, 20 mingta xatolikka yo‘l qo‘yilgani aytildi.

Teglar

Mavzuga oid

Mirziyoyev soliqdagi «yashirin o‘yinlar»ga chek qo‘yish bo‘yicha yangi choralar belgiladi | Vaqt.uz