Logo

Misr O‘zbekiston fuqarolari uchun kirish qoidalarini keskinlashtirmoqda

Kecha 22:001 daqiqa

1-noyabrdan Misrga safar qilmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari uchun viza, yosh, moliyaviy ta’minot va hujjatlarga oid yangi talablar kuchga kiradi.

Misr O‘zbekiston fuqarolari uchun kirish qoidalarini keskinlashtirmoqda

2026 yilning 1-noyabridan e’tiboran O‘zbekiston fuqarolarining Misr Arab Respublikasiga safar qilish tartibi o‘zgaradi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Qohira shahridagi Elchixonasi ma’lum qildi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, sayyohlardan vizani oldindan rasmiylashtirish, yoshga doir cheklovlarga qat’iy rioya qilish va yirik miqdordagi naqd pulga ega bo‘lish talab etiladi.

Diplomatik kanallar orqali olingan ma’lumotlarga tayanib elchixona tomonidan e’lon qilingan xabarda qayd etilishicha, endi 40 yoshgacha bo‘lgan sayyohlar Misrga faqat yaqin oila a’zolari – ota-onasi, turmush o‘rtog‘i yoki farzandlari hamrohligidagina kirishi mumkin bo‘ladi.

«Bunda oila tasarrufida safar davomida kamida 5000 AQSH dollari miqdorida naqd mablag‘ mavjud bo‘lishi talab etiladi», – deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, 40 yoshdan yuqori bo‘lgan va mustaqil sayohat qiluvchi fuqarolar ham o‘zi bilan kamida 3000 AQSH dollari miqdorida naqd moliyaviy mablag‘ga ega bo‘lishlari lozimligi belgilanmoqda.

Misrga kirish vaqtida yo‘lovchilardan mehmonxona bron qilinganini tasdiqlovchi hujjat, mobil aloqa ma’lumotlari hamda yetarli moliyaviy ta’minotni tasdiqlovchi ma’lumotlar talab qilinadi.

Bundan tashqari, Misr hududida bo‘lish davomida turistik vizani boshqa turdagi vizaga almashtirish bo‘yicha murojaatlar qabul qilinmaydi.

Zarur hujjatlarni to‘liq taqdim etmagan yo‘lovchilar mamlakatga kiritilmasligi va ularni Misrga olib kelgan aviakompaniya orqali qaytarilishi mumkin.

Elchixona O‘zbekiston fuqarolaridan Misrga safarlarni rejalashtirishda ushbu talablarni inobatga olishni so‘ragan.

Teglar

Mavzuga oid